Prezident Shavkat
Mirziyoyevga poytaxtni kompleks rivojlantirish, sanoat va transport
infratuzilmasini yaxshilash masalalari yuzasidan axborot berildi.
Taqdimotda “Yangi
avlod” maxsus sanoat zonasini rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.
774 gektar maydonda
tashkil etilgan mazkur hududda hozirgacha 268 gektarda 28 ta loyiha amalga
oshirilmoqda, ularning umumiy qiymati esa 800 million dollarga teng. Yana 300
gektarda joylashadigan 30 ta loyiha bo‘yicha investorlar aniqlangan bo‘lib,
umumiy investitsiyalarning hajmi 400 million dollarni tashkil etadi.
Sanoat zonasini
yanada kengaytirish va yangi quvvatlarni joylashtirish hisobiga ish o‘rinlarini
yaratish, yuqori qo‘shilgan qiymatli hamda texnologik mahsulotlar ishlab
chiqarishni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi.
Masalan, sanoat
zonasi hududida 288 million dollar investitsiya hisobiga multimodal logistika
terminali barpo etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Loyiha Dubayning “DP
World” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Terminal ishga
tushgach, poytaxt va Toshkent viloyatining logistika imkoniyatlari kengayadi,
eksport va import operatsiyalari tezlashadi.
Poytaxtda
yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha amalga oshiriladigan
ishlarga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Shota Rustaveli ko‘chasidagi
tajribadan kelib chiqib, “BRT” tizimi (Bus rapid transit) asosida yana 10 ta
ko‘chada shunday qurilish ishlari boshlanadi.
Yo‘llarda harakat
xavfsizligini ta’minlash, transport oqimini tartibga solish va shahar
qiyofasini yagona dizayn-kod asosida takomillashtirish maqsadida ishlab
chiqilgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi.
Kelgusi yilda
mahallalarni obodonlashtirish, gastronomik ko‘chalar qurish va sug‘orish
tizimlarini yangilash ishlariga mahalliy byudjetdan 1 trillion so‘m
yo‘naltirilishi belgilandi.
Prezidentimiz
poytaxtdagi yangilanishlar insonlar uchun qulay va zamonaviy yashash muhitini
yaratishga, iqtisodiy faollik va tadbirkorlik salohiyatini yanada oshirishga
xizmat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Taqdimot davomida
boshqa hududlardagi yirik loyihalar yuzasidan ham ma’lumot berildi. Jumladan,
Buxoro shahrining sayyohlarni qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish
imkoniyatlarini yanada kengaytirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 10 2025 / 11:16