Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar, muhtaram
mehmonlar!
Hurmatli kasaba uyushmalari
faxriylari va faollari!
Sizlar bilan mana shunday
samimiy, ko‘tarinki kayfiyatda ko‘rishib turganimdan xursandman.
Barchangizga, kasaba
uyushmalarining ko‘p millionli a’zolariga o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu
tilaklarimni bildiraman.
Biz bugungi kunda o‘z oldimizga
ulkan marralar qo‘yib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan oldinga qarab
dadil qadam tashlayapmiz.
Dunyoda geosiyosiy va
iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda
tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz hayotini yanada
yaxshilashga mahkam bel bog‘laganmiz.
Bular, albatta, o‘z-o‘zidan
bo‘layotgani yo‘q.
Qanchalik qiyin bo‘lmasin,
birgalikda qattiq mehnat qilib, turli sinov va mashaqqatlardan munosib tarzda
o‘tib bormoqdamiz. Bu borada mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz, har bir
yurtdoshimizning o‘rni, qo‘shayotgan hissasi beqiyos, albatta.
Bugungi davramizda o‘z
hayotini inson mehnatini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu
ishga bag‘ishlagan, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, hurmat va e’tibor
topgan ko‘plab odamlarni ko‘rib turibman.
Inson mehnati, uning
qadr-qimmati qanday bebaho boylik ekanini sizlar hammadan ko‘ra yaxshi bilasiz.
Yurtimizda xalqparvar,
ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulug‘lash barcha islohotlarimizning bosh
maqsadiga aylangan hozirgi kunda siz, azizlarning boy bilim va
tajribangiz biz uchun juda muhim.
Fursatdan foydalanib, har bir
korxona va tashkilotga – ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga – rag‘bat va
adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan
minnatdorlik bildiraman.
Aziz do‘stlar!
Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz
Mahmudxo‘ja Behbudiy: “Biz o‘z hayotimizni o‘zgartirmoqchi bo‘lsak,
avvalo, odamlarning haq-huquqini tan olishni o‘rganishimiz kerak”, degan
edi.
Bu – haq gap. Chindan ham,
huquq va erkinliklar ta’minlangan, odamlari emin-erkin yashab, mehnat qilib,
daromad topadigan mamlakatda davlat ham, jamiyat ham albatta rivojlanadi. Shu
bois, biz islohotlarni boshlagan ilk kunlardan “Inson qadri
uchun” degan ezgu g‘oyani amalga oshirish uchun, avvalo,
iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida belgilab
oldik.
Bu yo‘ldagi
sa’y-harakatlarimiz tufayli sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard
dollar investitsiya kirib keldi, minglab yangi quvvatlar ishga tushirildi,
millionlab doimiy ish o‘rinlari yaratildi.
Xususiy sektorga keng yo‘l
ochib, chin yurakdan ishlayman degan odamlarga munosib mehnat sharoitini
yaratib berganimiz uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.
Har bir insonning huquq va
erkinligini ta’minlash, mehnatini muhofaza qilish, kafolatlangan ijtimoiy
himoyadan foydalanishi uchun mustahkam qonuniy asoslar yaratdik. Ayniqsa,
yangilangan Konstitutsiyamiz, yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi, “Aholi bandligi
to‘g‘risida”gi, “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingani bu
yo‘nalishdagi muhim qadamlar bo‘ldi.
Parlamentimiz huzuridagi
Jamoatchilik ekspert kengashlari tarkibiga kasaba uyushmalari vakillari ham
kiritildi. Bu esa qonunlarni qabul qilishda xodimlar manfaati yanada ishonchli
himoya qilinishiga xizmat qilmoqda.
Yangi O‘zbekistonda erkin va
kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish ham biz uchun yetakchi yo‘nalish
bo‘lib qolmoqda. Ijtimoiy institutlarni qo‘llab-quvvatlash hajmi
2017 yilga nisbatan 100 karra oshib, bu yil 1 trillion
200 milliard so‘mga yetdi.
Ayni vaqtda fuqarolik jamiyati
institutlari faoliyatiga aralashgani, jamoatchilik nazorati natijalarini ko‘rib
chiqmagani uchun javobgarlik belgilandi.
Bir so‘z bilan aytganda,
milliy huquq tizimimiz xalqaro standartlarga moslashib, inson huquqlari,
fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining barqaror kafolatiga aylandi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston
Xalqaro mehnat tashkiloti standartlarini qabul qilayotgan eng faol davlatlar
safidan joy olayotgani dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
E’tibor bering, sakkiz yil oldin ushbu tashkilotning O‘zbekiston tomonidan
ratifikatsiya qilingan hujjatlari soni 12 ta bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi kunda
25 taga yetdi.
Har bir ratifikatsiya orqali
O‘zbekiston o‘z zimmasiga katta majburiyat olmoqda.
Nima uchun hech ikkilanmasdan
o‘zimizga bunday ulkan mas’uliyatni olyapmiz?
Chunki, barcha islohotlarimiz
zamirida inson qadrini ulug‘lash mujassamdir. Va bu – mamlakatimiz
qo‘shilayotgan xalqaro hujjatlar mazmuni bilan to‘la hamohangdir.
Aynan inson qadriga e’tibor –
barcha yutuqlarimiz asosi, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz!
Qadrli do‘stlar!
Bir eslab ko‘ring, bolalar
mehnati va majburiy mehnatga to‘liq barham berish uzoq yillar biz uchun eng
og‘riqli masala bo‘lib kelgan edi. Faqat kuchli iroda, qat’iy pozitsiyamiz
orqali biz bu murakkab muammoni ijobiy hal qildik.
Yangi O‘zbekistonning
insonparvarlik tamoyillariga sodiq ekanini ko‘rsatadigan bu o‘zgarish ijtimoiy
hayotimizda mutlaqo yangi sahifa ochmoqda. Mamlakatimizning bolalar mehnati va
majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha ilg‘or tajribasi Xalqaro mehnat
tashkiloti tomonidan namuna sifatida boshqa davlatlarga tavsiya etilgani ham
shundan dalolat beradi.
O‘zbek paxtasi dunyodagi
ko‘plab nufuzli brend kompaniyalarning “qora ro‘yxati”dan chiqarildi. Cotton
campaign tashkiloti O‘zbekistonga qo‘yilgan taqiqni butunlay bekor qildi.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga ushbu siyosiy tuzilma davlatlari bozoriga
imtiyozli kirib borish imkonini beradigan GSP+ tizimini taqdim etdi. Milliy
mahsulotlarimiz uchun 26 ta yangi bozor ochildi, Yevropaga eksportimiz 5 karra
oshib, 1,5 milliard dollarga yetdi.
Ilgari bunday raqamlarni orzu
ham qilolmas edik. Bugun bu ishlar davom etmoqda. Masalan, keyingi haftada
Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan hamkorlik va sheriklik to‘g‘risidagi
bitimga imzo chekamiz. Bu – tashqi siyosat, xavfsizlik, korrupsiya, terrorizmga
qarshi kurashish va boshqa sohalarda hamkorlikni mustahkamlash bilan birga,
Yevropa davlatlari hamda mamlakatimiz o‘rtasida investitsiya va savdo-iqtisodiy
aloqalarni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Biz erishayotgan yutuqlar
xalqaro miqyosda munosib e’tirof etilayotgani barchamizga mamnuniyat
bag‘ishlaydi.
O‘zbekiston sanoqli davlatlar
qatorida Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Adolatli o‘tish jarayonlari uchun
ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator”
tashabbusida ishtirok etmoqda; Xalqaro mehnat tashkilotining “Ijtimoiy adolat
bo‘yicha global koalitsiyasi”da qatnashmoqda; mamlakatimiz o‘tgan yili ushbu
tashkilotning Ma’muriy kengashi a’zoligiga saylandi.
Xalqaro maydonda Vatanimizga
bo‘lgan hurmat va ishonch tobora ortib, dunyoning barcha mintaqalarida
do‘stlarimiz, hamkorlarimiz ko‘paymoqda.
Bularning barchasi
islohotlarimizga katta ishonch va e’tirof ifodasi emasmi?
Fursatdan foydalanib, ana shu
masalalar bo‘yicha biz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelayotgan Xalqaro mehnat
tashkiloti va boshqa nufuzli tuzilmalarga minnatdorlik bildiraman.
Hech shubhasiz, biz
erishayotgan natijalarda 8 millionga yaqin a’zoga ega, eng xalqchil va katta
nodavlat tashkiloti bo‘lgan kasaba uyushmalarining munosib hissasi bor.
Biz O‘zbekistonda kasaba
uyushmalarining erkin va mustaqil faoliyat yuritishi uchun barcha sharoitlarni
yaratib berdik va mana shu prinsiplarga hamisha sodiqmiz. Kasaba uyushmalariga
birlashish huquqini ta’minlash, ularning faoliyatiga aralashmaslik bo‘yicha
siyosatni bundan buyon ham qat’iy davom ettiramiz.
Shu o‘rinda kasaba
uyushmalarining korxona va tashkilotlarda mehnatga oid huquqlarni himoya
qilishdagi jonbozligi alohida e’tirofga sazovor. Buni keyingi yillarda 500
mingga yaqin xodimning qonuniy huquqlari himoya qilinib, ularning foydasiga 267
milliard so‘m undirib berilgani ham tasdiqlaydi. Shuningdek, ishdagi baxtsiz
hodisalar tufayli jabrlangan 1 ming nafar xodimga 35 milliard so‘m tovon
puli to‘lab berilgan. Bundan tashqari, nohaq bo‘shatilgan 13 ming xodim ishga
tiklangan.
To‘rt yil oldin sizlarning
tashabbusingiz bilan ilk bor Mehnat va ijtimoiy munosabatlar akademiyasini
tashkil etdik. Bu kasaba uyushmalari faoliyatida yangi yo‘nalish bo‘ldi.
Ishonchim komil, oliygoh
bitiruvchilari korxona va tashkilotlarda mehnat huquqlari himoyachisiga
aylanib, bu sohada qonuniylikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shadi.
Umuman, kasaba uyushmalari
faoliyatining yangi qirralari nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham
ularning o‘rni va nufuzi ortib borishiga xizmat qilmoqda. Federatsiya
tashabbusi bilan 2021 yilda Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari kasaba
uyushmalari kengashi tuzildi. 2023 yilda Samarqand shahrida Turkiy davlatlar
kasaba uyushmalari tashkilotiga asos solindi.
Federatsiyamiz o‘tgan yili
Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga a’zo bo‘lgani uning dunyodagi
mavqeini yangi bosqichga olib chiqadigan tarixiy voqea bo‘ldi. Federatsiyaning
ijtimoiy himoya, gender tenglikni ta’minlash, xodimlar va ularning oila
a’zolarini sog‘lomlashtirish, madaniyat va sportni rivojlantirish borasidagi
sa’y-harakatlarini ham to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Hurmatli yig‘ilish
qatnashchilari!
Yangi O‘zbekistonda har bir
insonga munosib mehnat, kasb sohasida o‘sish, dam olish va salomatligini
tiklashi uchun zarur sharoit yaratish – g‘oyat muhim masala.
Biz shu maqsadda ijtimoiy
davlatning yangi modelini yaratyapmiz. “Kuchli kasaba uyushmalari –
kuchli jamiyat asosi” degan tashabbus asosida sizlar bu jarayonda
oldingi safda bo‘lishingiz kerak.
Endi, sizlar bilan kasaba
uyushmalari faoliyatini yanada rivojlantirish va mehnat munosabatlarini
yaxshilash bo‘yicha kelgusi vazifalarni belgilab olsak, nima deysizlar?
Birinchidan, odamlarning o‘z mehnatidan manfaatdorligi qancha oshsa, islohotlar
samaradorligi ham shuncha yuqori bo‘ladi.
Yaxshi bilasiz, 2023 yildan
birinchi marta minimal iste’mol xarajatlarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy
etdik. Yangilangan Konstitutsiyamizda pensiya, nafaqa va ijtimoiy yordamlar
miqdori eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lmasligi qat’iy belgilab
qo‘yildi.
Iqtisodiyotimiz barqaror o‘sib
bormoqda. Aholimizning turmush farovonligini shunga mos ravishda oshirish uchun
mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini ham har yili ko‘paytirib boryapmiz.
Lekin, ochiq aytish kerak, bu
masalalar ko‘pincha bir tomonlama, ya’ni, davlat idoralarining hisob-kitobi va
taklifi bilan hal qilinmoqda. Shu bois, kelgusi yildan mehnatga haq to‘lashning
eng kam miqdoriga oid qonunchilik hujjatlari loyihasini ishlab chiqishga
Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha uch tomonlama respublika komissiyasini ham
(Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar
konfederatsiyasi) jalb qilsak, o‘ylaymanki, bu juda to‘g‘ri bo‘ladi.
Bu – mehnatga haq to‘lashning
eng kam miqdorini belgilashda xodimlar manfaatini kafolatli himoya qilish
bo‘yicha yangicha yondashuv bo‘ladi.
Shu o‘rinda bir haqiqatni
yaxshi tushunib olishimiz kerak: inson qadri, uning hayot sifati faqat ish haqi
bilan emas, balki ijtimoiy muhit bilan ham belgilanadi. Buning uchun xodimlarni
uy-joy, sifatli ta’lim, tibbiyot va transport xizmatlari bilan kafolatli
ta’minlab, eng muhim hayotiy ehtiyojlariga yetadigan daromad topishiga sharoit
yaratib berishimiz zarur.
Bir so‘z bilan aytganda, har
bir ishchi, har bir oila o‘z hayotida sifat darajasini his etishi, davlat va
jamiyat esa buni kafolatlashi lozim.
Kasaba uyushmalari bu ishlarda
faol ishtirok etadi, deb ishonaman.
Ikkinchidan, globallashuv va raqamli taraqqiyot sharoitida mehnat munosabatlari
sohasida yangi shakllar ham keng ommalashmoqda.
Imkoniyat va sharoit yaratib
berganimiz tufayli bugungi kunda 6 millionga yaqin aholi o‘zini o‘zi band
qilib, ro‘zg‘or tebratmoqda. Masalan, hozirgi vaqtda odamlarimiz IT
dasturchisi, veb-dizayner, hunarmand, taksi haydovchisi, kurer kabi o‘nlab kasblarda
platformali bandlik asosida ishlamoqda. Ko‘plab fuqarolarimiz, ayniqsa,
xotin-qizlar masofadan turib mehnat qilishni o‘rgandi.
Bundan tashqari, biz mahalla
institutini tubdan isloh qilib, barcha darajadagi rahbarlar eng quyi bo‘g‘inga
tushib ishlaydigan xalqchil tizim yaratdik.
Mahallalarni drayver sohalarga
ixtisoslashtirish hisobidan 1,5 million oila o‘z xonadonida ishlab, daromad
olmoqda.
Bugun ushbu yo‘nalishlar
iqtisodiy taraqqiyotimizning bir qismiga, ularda faoliyat yuritayotgan odamlar
esa mehnat munosabatlarining teng huquqli sub’ektiga aylanmoqda.
Endi, Kasaba uyushmalari ham
mahallalar bilan yaqindan ishlaydigan samarali tizimni yo‘lga qo‘ysa,
o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.
Bandlik vazirligi (B. Zohidov)
ham kasaba uyushmalari bilan birga platformalarda faoliyat yuritayotgan
odamlarimizning mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini
ta’minlash; ularning hayoti, xavfsizligini sug‘urtalash bo‘yicha asoslangan
takliflarni Hukumatga kiritsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Uchinchidan, kasaba uyushmalari o‘tgan davrda xotin-qizlar mehnatini muhofaza
qilish bo‘yicha katta tajriba to‘pladi.
Xususan, ular “Ayollar
daftari” orqali 4,5 million nafar ehtiyojmand, kam ta’minlangan
opa-singillarimizga yordam ko‘rsatishda bosh-qosh bo‘ldi.
Xotin-qizlarning faol ijtimoiy
qatlam bo‘lib shakllanishida kasaba uyushmalarini yetakchi kuchga aylantirish
uchun bugun barcha imkoniyatlar mavjud. Bu borada “Kasaba
uyushmalari – ayollar manfaati yo‘lida” degan shior asosida yangi
tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.
Ushbu tizim doirasida
Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha komissiya va
Federatsiya mehnat bozorida xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlar yaratish,
ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga va ijtimoiy faolligini oshirishga ko‘maklashish
bo‘yicha yangi yondashuvlarni joriy etsa; uy-joy va yashash sharoitini
yaxshilashga, tibbiy, psixologik, huquqiy yordamga muhtoj, tazyiq va
zo‘ravonlikka uchragan ayollarni ham “Ayollar daftari” orqali
qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘ysa; qishloq joylarda ayollar bandligi va
tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturlarini yanada kengaytirsa; har yili
mehnat jamoalaridagi gender audit natijalarini muhokama qilib, ish beruvchilar
bilan birgalikda xotin-qizlarga yanada qulay mehnat sharoitlarini yaratsa; 14
ta tarmoq kasaba uyushmalari bo‘yicha gender tenglikni ta’minlash uchun
manzilli strategiyalar ishlab chiqish choralarini ko‘rib borsa, o‘ylaymanki,
hurmatli ayollarimiz mamnun bo‘ladi.
To‘rtinchidan, kasaba uyushmalari – mehnat muhofazasi bo‘yicha jamoatchilik
nazoratini olib boradigan eng katta tashkilot.
So‘nggi besh yilda ular
tomonidan korxona va tashkilotlarda 152 mingta qonun buzilishi aniqlangan.
Aslida bunday holatlar ancha ko‘p.
Misol uchun, sudlar tomonidan
uch yilda 48 mingdan ziyod mehnat nizolari ko‘rib chiqilgan. Kasaba uyushmalari
yarashtiruvchi, murosaga keltiruvchi bo‘g‘in sifatida ish beruvchi va xodim
o‘rtasidagi nizolarni sudgacha hal qilishda faollik ko‘rsatsa, maqsadga muvofiq
bo‘ladi.
Shu bilan birga, ish bilan
bog‘liq baxtsiz hodisalar va kasbga oid kasalliklar haqidagi ma’lumotlarning
yaxlit tizimi yo‘q. Masalan, baxtsiz hodisalar hisobi va ularning sababini
o‘rganish o‘ttiz yil oldin qabul qilingan hukumat qaroridagi eskirgan normalar
asosida qog‘ozda yuritilmoqda.
Bugun, barcha sohalar
raqamlashayotgan bir paytda sun’iy intellektni joriy etib, bunday holatlarni
tezkorlik bilan aniqlash kerakligini sizlar, albatta, yaxshi tushunasiz.
Bandlik vaziri B. Zohidov,
sog‘liqni saqlash vaziri A. Xudayarov, raqamli texnologiyalar vaziri Sh.
Shermatov Kasaba uyushmalari bilan birga ikki oy muddatda baxtsiz hodisa va
kasbga oid kasalliklarga chalinish holatlari haqidagi ma’lumotlarni olishning
yagona tizimini ishga tushirsin; bunday hodisalar hisobotini yuritish,
sabablarini tahlil qilish va ularga yechim topish bo‘yicha qaror loyihasini
kiritsin.
Beshinchidan, hozirgi vaqtda Federatsiya tarkibida 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi
faoliyat yuritmoqda.
Afsuski, tegishli tarmoqlarda
mehnat qilayotgan xodimlar huquqlarini ishonchli ta’minlaydigan tashabbuslarni
ilgari surishda ularning ovozi eshitilmayapti.
Ko‘ryapsizlar,
iqtisodiyotimizga yangi-yangi soha va yo‘nalishlar, shunga mos tarzda yangi
kasblar, zamonaviy texnologiyalar jadal kirib kelmoqda. Ana shunday sharoitda
tarmoq kasaba uyushmalari vazirlik va idoralar bilan hamkorlik qilib, ularning
oldiga aniq vazifalar qo‘yib borishi kerak emasmi?
Shuning uchun, vazirlik va
idoralar hamda tarmoq kasaba uyushmalari kollegial organlarining qo‘shma yig‘ilishini
doimiy ravishda o‘tkazib boradigan tizimni yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.
Ishonchim komil, bunday
muloqot shakli “davlat – ish beruvchilar – mehnat jamoalari” o‘rtasidagi o‘zaro
ishonch va hamkorlikni mustahkamlab, samarali mexanizmga aylanadi.
Oltinchidan, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonda munosib
mehnat bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan dastur ishlab chiqilmoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy
maqsad – mehnat sohasida inson qadrini oshirish, barcha fuqarolar uchun
adolatli va xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratishdan iborat.
Shu bois, Kasaba uyushmalari,
Bandlik vazirligi, Ish beruvchilar konfederatsiyasi dasturda munosib bandlik,
mehnat muhofazasi, ijtimoiy sug‘urta, gender tenglik, yoshlar va inklyuzivlik
masalalariga alohida e’tibor qaratishi zarur, deb hisoblayman.
Bundan tashqari,
raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyot jadal rivojlanayotgan
sharoitda mehnat munosabatlari ham shunga mos ravishda yo‘lga qo‘yilishi kerak.
Ishlab chiqilayotgan “Munosib
mehnat” dasturi jadal o‘sib borayotgan iqtisodiyotimizni ijtimoiy adolat bilan
uyg‘unlashtiradigan strategik “yo‘l xaritasi” bo‘ladi.
Yettinchidan, turli sabablar bilan ishsiz qolgan, mehnat jarayonida kasallik yoki
nogironlikka chalingan odamlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kafolatlarini
kuchaytirish ham dolzarb vazifadir.
Shu bois, to‘g‘ridan-to‘g‘ri
amal qiluvchi “Davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida”gi qonun qabul
qilinishini tezlashtirib, unda ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasini shakllantirishda
ish beruvchi va xodimlar ishtirokini aniq belgilab bersak, o‘ylaymanki,
adolatdan bo‘ladi.
Yana bir masala – axborot kommunikatsiyalari shiddat bilan rivojlanib borayotgan
hozirgi davrda odamlarga ishonchli ma’lumotlarni o‘z vaqtida, to‘g‘ri yetkazish
juda muhim.
Kasaba uyushmalarida buning
uchun imkoniyat ham, sharoit ham, salohiyat ham yetarli.
Eng katta auditoriyaga ega
bo‘lgan kasaba uyushmalari halol va fidoyi mehnatni targ‘ib qilish hamda mehnat
munosabatlarida qonuniylikni ta’minlashga oid axborotlarni jamoatchilikka
birinchilardan bo‘lib yetkazib borishi kerak.
Qadrli mehmonlar!
Kasaba uyushmalari tizimidagi
30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va
ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat
qilmoqda.
So‘nggi besh yilda
sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi o‘z salomatligini tikladi, oromgohlarda
esa 800 ming bola dam oldi.
Yaqinda Issiqko‘lda
“Bo‘ston-Rezort” pansionati ishga tushirilgani yurtdoshlarimiz uchun yana bir
qulaylik bo‘ldi. Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari
mustahkamlanib borayotgani ramziga aylandi.
Ayni vaqtda kasaba uyushmalari
infratuzilmasi aholimiz ehtiyojlarini to‘liq qamrab olmayapti, desak, buyam
haqiqat bo‘ladi.
Bu masalada hokimlar ham
chetda turmasligi kerak. Ular har yili o‘z hududida kasaba uyushmalari bilan
birgalikda yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida
bittadan sanatoriy va oromgoh qurish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlasa,
o‘ylaymanki, to‘g‘ri bo‘ladi.
Aziz do‘stlar!
Hayot bir haqiqatni doimo
ta’kidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib
bo‘lmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini o‘rganish, ularda
mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish
barchamizning burchimiz.
Shu maqsadda olimlarimiz, soha
faxriylari va faollari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yurtimizda kasaba
uyushmalari harakatiga 1905 yilda asos solinganini isbotladi.
Bundan to‘rt yil oldin
Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi
tarixi muzeyi sohaga oid ma’lumot va eksponatlar bilan xalqimizni
tanishtirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Shu bois, bu yil butun
mamlakatimiz bo‘ylab kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng
nishonlanmoqda. Mana shu qutlug‘ sana munosabati bilan mehnatkash xalqimizga
chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda “Kasaba uyushmalari
bog‘lari”ni tashkil etishni taklif qilaman.
Hozir topshiriq beraman,
viloyat hokimlari sizlar bilan maslahatlashib, ikki hafta ichida joyini ajratib
beradi. Kasaba uyushmalari federatsiyasi – Toshkent shahrida, 14 ta tarmoq
kasaba uyushmalari – viloyat markazlarida ushbu bog‘larni tashkil qilishga
o‘zlari bosh-qosh bo‘lib, ularni so‘lim go‘shaga aylantirsa, bu ham
mehnatsevarlikning ramziy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Korxona va tashkilotlardagi
kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt
ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini
tashkil qilsa, o‘ylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha
bo‘ladi.
Hurmatli vatandoshlar, qadrli
do‘stlar!
Bugungi muloqotimizda aytilgan taklif va tashabbuslar
soha rivoji uchun foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman.
Birgalikda boshlagan
ishlarimiz har bir mehnat jamoasi, har bir xodim va uning oilasi uchun
manfaatli bo‘layotganiga yana bir bor amin bo‘ldim.
“Inson qadri uchun”, degan
ezgu g‘oya bundan buyon ham Yangi O‘zbekistondagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan
biri bo‘lib qoladi.
Fursatdan foydalanib, siz,
azizlarni O‘zbekiston kasaba uyushmalarining 120 yillik yubileyi va yaqinlashib
kelayotgan Kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod
etaman.
Barchangizga sihat-salomatlik,
mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda yutuq va omadlar, oilalaringizga
baxt-saodat, fayzu baraka tilayman.
El-yurtimiz doimo tinch va
obod bo‘lsin!
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
20 10 2025 / 12:18