Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 21
oktyabr kuni davlat boshqaruvi, iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarda sun’iy
intellekt texnologiyalarini jadal joriy etish masalalari yuzasidan
videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari iqtisodiyotdan tortib,
ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqaruv tizimigacha chuqur kirib
bormoqda. Yil boshida 2030 yilga borib, dunyo iqtisodiyotida sun’iy intellekt
hajmi 15 trillion dollarga yetishi prognoz qilingan bo‘lsa, hozirgi tahlillar bu
raqam 20 trillion dollardan ortishini ko‘rsatmoqda.
– Bugun insoniyat yangi sivilizatsiya
bosqichiga – sun’iy intellekt davriga dadil qadam qo‘ymoqda. Qaysi soha
bo‘lmasin, kim bu jarayonda qattiq izlanib, aniq natija qilsa, bir qadam
oldinda yursa, marra shuniki bo‘ladi”, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbekistonda ham sun’iy intellektni rivojlantirish
bo‘yicha alohida qaror qabul qilinib, sohaning huquqiy asoslari yaratildi.
Qisqa davrda davlat xizmatlari, bank-moliya, jamoat xavfsizligi, transport kabi
yo‘nalishlarda 30 dan ortiq pilot loyihalar ishga tushdi.
O‘tgan yili Sun’iy
intellektni 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi tasdiqlandi.
Raqamlashtirish vazirligida bu soha bilan ishlaydigan alohida markaz tashkil
etildi.
Natijada bir yil
ichida mamlakatimiz sun’iy intellektga tayyorgarlik bo‘yicha xalqaro indeksda
17 pog‘ona yuqoriladi, Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi.
Endilikda vazirlar va tarmoq
rahbarlarini raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtni o‘zida sohada
sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilandi. Shahar va
tumanlarda ham hokimlarning raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha
maslahatchisi lavozimi kiritiladi. Kelgusi yildan vazirlik va hududlarda sun’iy
intellektni joriy etish holatini baholaydigan reyting tizimini ishga
tushiriladi.
Xorijiy ekspertlar
O‘zbekistonning sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatini 10 milliard dollarga
baholamoqda. Buni imkoniyatga aylantirish va dunyoda sun’iy intellektga talab
ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy
masala – infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadr tayyorlashga e’tiborni
kuchaytirish zarurligi qayd etildi.
Sog‘liqni saqlash,
energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq
xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan.
Ularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super-kompyuterlar
kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish
uchun yetadi.
Shu bois, zamonaviy
super-kompyuter klasterlari va data- markazlarni ko‘paytirish zarurligi qayd
etildi. Bu yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar
ajratildi. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshiriladi.
Sohaga
investitsiyalarni rag‘batlantirish uchun Qoraqalpog‘istonda imtiyozli rejim
joriy qilinishi belgilandi. Sun’iy intellekt infratuzilmasiga 100 million
dollardan ko‘p sarmoya kiritgan investorlarga elektr energiyasi narxi 5 sent
etib belgilanadi, IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi, import uskunalari bojxona
to‘lovidan ozod etiladi.
Shu bilan birga, olis
hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash uchun keyingi yildan
“sputnik internet” operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.Ular besh yilga yer,
mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi.
Vazirlik va idoralardagi ma’lumotlar har xil serverlarda tarqoq
saqlanayotgani, ularni formatlari turlicha bo‘lgani sun’iy intellektni jadal
rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois,
vazirlik va idoralardagi 55 ta, kelasi yil qolgan barcha ma’lumotlar bazalarini
yagona data-markaz o‘tkazish topshirildi.
– Sun’iy intellekt dasturlari samarali ishlashi uchun ular, avvalo, o‘zbek
tilini mukammal darajada tushunishi zarur”, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘zbek tilidagi
adabiyotlar, ma’lumotlar, maqolalar, hisobotlar, ilmiy ishlarni
raqamlashtirish, sun’iy intellekt milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizni o‘zida
ifodalay olishi uchun “O‘zbek tili korpusi”ni yaratish zarurligi qayd etildi.
Prezident sun’iy
intellekt sohasida kadrlar tayyorlashni eng avvalo maktablardan boshlash
kerakligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan keyingi o‘quv yilidan “Informatika” fani o‘quv
dasturlariga sun’iy intellektga oid mavzular kiritiladi. Buning uchun
Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus darslik ishlab
chiqiladi.
Yoshlarning sun’iy intellektdan foydalanishga doir g‘oyalarini aniqlash va
loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Bir million sun’iy intellekt
yetakchisi” loyihasi kengaytiriladi va bu bo‘yicha milliy tanlov o‘tkazilib,
eng yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim
tashkilotlari munosib rag‘batlantiriladi.
Yig‘ilishda oliygohlarda sun’iy intellekt laboratoriyalarini tashkil etish
choralari ham belgilab olindi. “Yangi O‘zbekiston” universitetida “tarmoq –
oliygoh – hamkor” tamoyilida ishlaydigan “sun’iy intellekt klasteri” ishga
tushiriladi. Oliygohlarda sun’iy intellekt, fin-tex, kiber-xavfsizlik,
IT-muhandislik, aerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun
davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi.
Talabalarni sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida har bir
hududda oliygohlar jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy
tanlov o‘tkaziladi. Mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan “Sun’iy
intellekt sohasidagi eng yaxshi startap” tanlovi o‘tkaziladi.
Umuman, sohani rivojlantirish borasida yetakchi kompaniyalar, xorijiy
ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va
oliygohlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish maqsadida Sun’iy intellekt
alyansini tuzish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
uza.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
22 10 2025 / 11:28