Yer sohasidagi munosabatlarni tubdan takomillashtirish
bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 iyun kuni yer munosabatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Yer -
umummilliy boylik. Keyingi yillarda ushbu resursdan oqilona foydalanish va uni
muhofaza qilish, yer munosabatlari sohasida qonuniylikni ta’minlashga alohida
e’tibor qaratmoqda. Xususan, axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali yer
ajratish tartibining ochiqligi va shaffofligi ortib bormoqda, sohada
byurokratik to‘siqlar bartaraf etilmoqda.
Biroq,
yer resurslarini talon-toroj qilish, o‘zboshimchalik bilan egallash va
noqonuniy sotish holatlari hali ham kuzatilmoqda. Noqishloq va qishloq
xo‘jaligi yerlarini ajratish tartibi barcha uchun bir xil va shaffof emas.
Davlatimiz
rahbari bu boradagi kamchiliklarni keskin tanqid qilib, yerni bozor aktiviga
aylantirish, uning iqtisodiy qiymatini belgilash va moliyaviy oborotga kiritish
bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, yer ajratish va undan foydalanish sohasida
davlat va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
- bugungi
kun tartibidagi masala juda murakkab. Bu sohada qonun ustuvorligini
ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘z ijobiy natijasini
topmayapti. Yer – xalqni boqayotgan mulk. Yerimizga bo‘lgan munosabatni mutlaqo
o‘zgartirishimiz kerak.
Yig‘ilishda
yer sohasidagi qonunchilik bo‘yicha mavjud ahvol va ilg‘or xorijiy tajribani
o‘rganish asosida ishlab chiqilgan takliflar ko‘rib chiqildi.
Xususan,
yerni xususiy sektorga mulk va ijara huquqi, davlat tashkilotlariga doimiy
foydalanish huquqi asosida berish tartibi joriy etiladi.
Meros qilib qoldiriladigan umrbod
egalik, doimiy egalik, vaqtincha foydalanish huquqlari bilan yer ajratish kabi
bozor iqtisodiyoti talablariga mos bo‘lmagan amaliyotlar tugatish va yerga bo‘lgan
huquq turlarini 6 tadan 3 taga qisqartirish ko‘zda tutilmoqda.
Noqishloq yerlarni xususiy
sektorga faqat auksion orqali sotish tartibi kiritiladi. Noqishloq yerlar
O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga xususiy mulk qilib,
xususiylashtirish mumkin bo‘lmagan yerlar esa ijara huquqi asosida sotiladi.
Hokim
qarori bilan nodavlat sektorga yer ajratish hamda yerlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri
va tekinga berish amaliyoti bekor qilinadi.
Qishloq
xo‘jaligi yerlarini faqat ijara huquqi asosida ajratish tartibi kiritiladi.
Bunday yerlar fuqaro va tashkilotlarga (chet elliklardan tashqari) ochiq tanlov
asosida beriladi. Ochiq tanlovga ariza qabul qilish, talabgor haqidagi
ma’lumotlarni to‘plash va baholash elektron shaklda amalga oshiriladi.
Viloyat
va tuman hokimlarining qishloq xo‘jalishi yerlari toifasini o‘zgartirish
vakolati Vazirlar Mahkamasiga va Prezidentga o‘tkaziladi.
Yig‘ilishda
yer ajratilishi va undan foydalanilishi ustidan nazorat mexanizmlarini
takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan,
tuman hokimlarining yer ajratish va qaytarib olish haqida qaror qabul qilish
vakolati to‘liq bekor qilinadi. Viloyat hokimining yer munosabatlariga doir
barcha qarorlari adliya boshqarmasida huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Shu bilan
birga yer sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif
etilmoqda.
Davlatimiz
rahbari sohada qonun ustuvorligini ta’minlash shart ekaniga yana bir bor urg‘u
berib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
04 06 2021 / 15:38