So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini isloh qilish, zamonaviy
texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida
tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan,
xorijiy davlatlar, jumladan, Germaniya bilan agrar sohada tajriba va
innovatsiyalar almashinuvi alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston fermerlari kengashi raisi Aktam Xaitov
Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagining Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat
masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Xermann Ferber boshchiligidagi delegatsiyani
qabul qildi.
Tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda qo‘mita kotibiyati mudiri
Vinfrid Xols, Bundestag deputatlari Kristof Frauyenprays, Shteffen Yanix va Ina
Latendorf ham ishtirok etdilar.
Muloqot
davomida O‘zbekistonda agrar sohani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan
islohotlar muhokama qilindi. Jumladan, fermer xo‘jaliklari va
chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, sohani
raqamlashtirish, ekin maydonlarida tomchilatib sug‘orish va lazerli tekislash
kabi zamonaviy texnologiyalarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor
qaratildi.
Shuningdek, meva-sabzavot
mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, organik mahsulotlarni sertifikatlash hamda
bu yo‘nalishdagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama etildi. O‘zbekiston fermerlari kengashi huzuridagi Jamg‘arma
faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berildi. Germaniyaning qishloq xo‘jaligidagi
yutuqlari, fermerlar tajribasi va agroinnovatsiyalar sohasidagi yechimlar bilan
tanishish, shuningdek, o‘zaro hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi
sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.
M.Hojiakbarova,
O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
23 10 2025 / 12:01