Xabar
berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti
Ursula fon der Lyayenning taklifiga binoan 23-24 oktyabr kunlari rasmiy tashrif
bilan Bryussel shahrida bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston
va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabat izchil va pragmatik asosda rivojlanib
kelmoqda. Keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng
qamrovli islohotlar, ochiqlik va xalqaro hamkorlikka intilish mazkur
tuzilma bilan aloqalarni ham yangi bosqichga ko‘tarish zaruratini kun
tartibiga chiqardi.
Shu
maqsadda YeI va O‘zbekiston 2018 yil takomillashtirilgan va kengaytirilgan EPCA
(Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) bitimi bo‘yicha muzokaralarni
boshladi. Ushbu hujjat siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalardagi
hamkorlikni yanada mustahkamlash, inson huquqi va qonun ustuvorligini
qo‘llab-quvvatlash, shuningdek mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash
yo‘lida yangi tarixiy bosqichni boshlab berishi kutilyapti.
Barqaror
rivojlanish markazi direktori Elyorjon Saminov O‘zA muxbiriga bergan intervyusida mintaqalarimiz o‘rtasida amalga
oshirilgan ishlar natijalari, davlatimiz rahbarining tashrifi va bo‘lajak
muzokaralardan kutilayotgan natijalar hamda hamkorlik istiqboli
xususida atroflicha fikr bildirdi.
– Tashrif doirasida
imzolanishi rejalashtirilgan O‘zbekiston va YeI o‘rtasida
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) o‘zaro
munosabatlarda yangi bosqichni boshlab beradigan tarixiy qadam sifatida
baholanmoqda.
EPCA respublikamizdagi
islohotlar jarayoni va davlatimizning jahon hamjamiyatiga chuqurroq
integratsiyasiga yo‘naltirilgan strategik konsepsiyani aks ettiradi.
Mamlakatimizning asosiy tashqi
savdo hamkorlaridan biri sanalgan YeI bilan o‘zaro tovar
aylanmasi 2024 yil yakunida 4,5 milliard yevroni tashkil etdi. O‘zbekiston tuzilmaning “Global Gateway”, “Horizon Europe” va
“Erasmus+” kabi global tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda. Bu ikki
tomonlama munosabat yangi sifat bosqichiga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
2022 yil
tomonlar EPCA bo‘yicha muzokaralarni yakunlab, hujjatni ratifikatsiya
qilish jarayonini boshlagan edi. Ushbu yangi kelishuv siyosiy,
iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo erkinligini
kengaytirish hamda “yashil energetika” va raqamli iqtisodiyot bo‘yicha
strategik sheriklikni mustahkamlash maqsadini ko‘zlaydi.
YeIning
Toshkentdagi delegatsiyasi, qo‘shma kengash va inson huquqlari bo‘yicha
muntazam muloqot ikki tomonlama munosabatning muhim institutsional asosini
tashkil etadi.
Qayd
etish joiz, 2021 yildan O‘zbekiston YeIning GSP+(Generalized System of
Preferences Plus – Kengaytirilgan savdo preferensiyalari tizimi) tizimi
ishtirokchisi. Bu mamlakatga 6 200 dan ortiq turdagi mahsulotni
Yevropa bozoriga bojsiz olib kirish imkonini beradi. Natijada 2023 yil
yurtimizning YeI hududiga eksporti 2020 yilga nisbatan 40 foiz oshdi.
Ayni payt
mamlakatimizga yo‘naltirilayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyaning
10 foizi YeI hisobiga to‘g‘ri keladi. Germaniya, Fransiya, Italiya,
Niderlandiya kabi davlatlar ishtirokida sanoat, mashinasozlik, farmatsevtika
va qishloq xo‘jaligi texnologiyasi sohalarida qo‘shma loyihalar
amalga oshirilmoqda.
2023 yil
Toshkent shahrida o‘tkazilgan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo Energetika va
Iqlim forumi”da qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish, energiya
samaradorligini oshirish va uglerod miqdorini qisqartirish bo‘yicha
hamkorlik konsepsiyasi qabul qilindi.
YeIning
“Global Gateway” tashabbusi doirasida O‘zbekistonda 500 MVt quvvatli quyosh
elektr stansiyasi qurish loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu tashabbus
mamlakatning 2030 yilgacha energiya balansida qayta tiklanadigan manbalar
ulushini 25 foizga yetkazish strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek,
YeI “Team Europe Initiative on Green Transition” dasturi
orqali respublikamizning “yashil iqtisodiyot” siyosatini moliyaviy va
texnik ko‘mak ko‘rsatmoqda. Bu doirada suv tejamkor texnologiyalar,
chiqindilarni qayta ishlash va ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha qator
loyihalar amalga oshirilmoqda.
Tuzilma yurtimiz
bilan ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni Erasmus+, Horizon Europe, Tempus
va Jean Monnet dasturlari orqali amalga oshirmoqda. Masalan, Erasmus+ doirasida
2014-2024 yillar mobaynida 4 200 dan ziyod o‘zbek talaba va
professor-o‘qituvchilar ko‘hna qit’a davlatlarida tahsil oldi,
malaka oshirdi. 2023 yil YeI qo‘llovi bilan Toshkent davlat texnika
universiteti va Yevropa universitetlari hamkorligida qo‘shma “Smart Energy”
ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.
Horizon
Europe dasturi doirasida esa o‘tgan yil besh ilmiy muassasamiz innovatsion
energiya va iqlim sohalari bo‘yicha xalqaro grantni qo‘lga kiritdi. Bu natija
mamlakatning ilmiy-innovatsion salohiyatini oshirish va xalqaro hamkorlikni
kengaytirishga muhim turtki berdi.
Tashkilot bilan
demokratik islohotlar, qonun ustuvorligi va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish
yo‘nalishlarida izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Gender tenglikni
ta’minlash maqsadida YeI moliyalashtirgan “Women in Business” dasturi orqali
2020-2024 yillar davomida 800 dan ziyod xotin-qiz tadbirkorlik va moliya
boshqaruvi bo‘yicha grant yoki trening bilan qo‘llab-quvvatlandi.
YeI
fuqarolik jamiyati tashkilotlarining iqlim, ta’lim va ijtimoiy tenglik
sohalaridagi tashabbuslarini rag‘batlantirmoqda, jamiyatdagi rolini kuchaytirishga
hissa qo‘shmoqda.
Bryusselda Prezident Shavkat
Mirziyoyevning rasmiy tashrifi doirasida imzolanishi kutilayotgan
Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) ikki tomonlama
munosabatlarning huquqiy va siyosiy poydevorini yangilab, diyorimizda
amalga oshirilayotgan ochiqlik, qonun ustuvorligi, iqtisodiy erkinlik va
“yashil rivojlanish” siyosatini YeI demokratik qadriyatlari va ilg‘or tajribasi
bilan uyg‘unlashtiradi. Siyosiy muloqotni kuchaytirish, savdo va
investitsiya salohiyatini oshirish, “yashil energetika”, raqamli iqtisodiyot,
ta’lim va innovatsiya sohalaridagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarish uchun
zamin yaratadi.
EPCA imzolanishi va amalga
oshirilishi natijasida O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga chuqur
integratsiyasi, inson huquqi va fuqarolik jamiyati sohasidagi, barqaror
energetika va iqlim siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlari
qo‘llab-quvvatlanadi. Qolaversa, YeIning moliyaviy, ilmiy va texnologik
ko‘magi mamlakatdagi modernizatsiya jarayonini tezlashtiradi, mamlakatimizning
xalqaro nufuzini mustahkamlaydi.
Bryusselda imzolanishi
rejalashtirilayotgan EPCA bitimi faqat tashqi siyosiy hujjat emas, balki
Yangi O‘zbekistonning ochiq, barqaror va innovatsion rivojlanish sari
intilishini, davlatimizning global maydondagi munosib o‘rnini
belgilaydigan muhim siyosiy-iqtisodiy qadamdir.
O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
24 10 2025 / 13:31