O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining "Raqobatni ta’minlashga ko‘maklashish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga ko‘ra, nodavlat
notijorat tashkilotlari (NNT) tomonidan “sirli mijoz” va nazorat xaridi
tadbirlarini amalga oshirish tartiblari belgilandi. Bu orqali tibbiy xizmat
ko‘rsatish va savdo sohalarida qonun talablariga rioya etilishini NNTlar
tomonidan xolis baholash tizimi joriy etiladi.
Shuningdek, endilikda Qo‘mita
va uning hududiy organlari tomonidan hamda tajriba davrida nodavlat
tashkilotlar ishtirokida nazorat xaridi va “sirli mijoz” tadbirlari qonuniylik,
xolislik va maxfiylik prinsiplariga asosan o‘tkaziladi. Bu tadbirlar bo‘yicha
reja Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilib, rasmiy tarzda tasdiqlanadi. Har bir
tadbir bo‘yicha mas’ullar, joy, muddat, tekshiriladigan majburiy talablar va
foto-video qayd etish tartibi buyruq bilan belgilanadi. Nazorat xaridi
jarayonida olingan namuna va ma’lumotlar tegishli laboratoriyalarda sinovdan
o‘tkaziladi. Agar tovar yoki xizmat qonun talablariga mos kelmasa, tegishli
vakolatli organlarga yuboriladi va jamoatchilikka axborot beriladi.
Birinchi marta qonunbuzarlik
aniqlansa, tushuntirish va yordam choralari ko‘riladi, takroriy hollarda esa
tekshiruv belgilanadi.
Nodavlat tashkilotlar o‘z
mablag‘lari hisobidan tadbirlarni amalga oshiradi, Qo‘mita esa ushbu faoliyatni
muvofiqlashtiradi va metodik yordam ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, qaror orqali
sog‘liqni saqlash sohasida “sirli mijoz” usuli bilan tibbiyot va dorixona
xizmatlari sifatini baholash hamda chakana savdoda nazorat xaridi jarayonlarini
qonun doirasida yo‘lga qo‘yish uchun aniq huquqiy asos yaratildi.
Qarorga muvofiq, Raqobatni
rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida mas’ul
organlar belgilandi.
Raqobatni rivojlantirish sohasida – Raqobat qo‘mitasi,
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Transport vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal
xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi hamda Raqamli texnologiyalar
vazirligi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida –
Raqobat qo‘mitasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan
tartibga solish agentligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qurilish va uy-joy
kommunal xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim
o‘zgarishi vazirligi.
Ushbu mas’ul organlar har yili kamida bir marotaba
nodavlat notijorat tashkilotlariga o‘zlariga biriktirilgan sohalarda tahlillar
o‘tkazish, muammolarni o‘rganish va o‘z vakolatlari doirasida boshqa
tadbirlarni tashkil etish yuzasidan byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan
davlat ijtimoiy buyurtmalari beradi.
Joriy etilgan tartiblar xizmat ko‘rsatish va savdo
sohalarida adolatli raqobat muhitini shakllantirish bilan birga NNTlar
faoliyatini qo‘llab-quvvatlab, iste’molchilar huquqlari hamda xizmat ko‘rsatish
sifati monitoringi uchun samarali instrumentlarni taqdim etishga xizmat qiladi.
N.Rahmonova, O‘zA
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 10 2025 / 14:52