Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zLiDeP “Kreativ tadbirkor yoshlar” forumiga start berdi



Ulashing :


Davlatimiz rahbarining 21 oktyabr kuni sun’iy intellekt texnologiyalarini iqtisodiyot, ta’lim, tibbiyot va boshqaruv tizimiga jadal tatbiq etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ilgari surgan tashabbuslari yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Prezidentimiz tomonidan “Bir million sun’iy intellekt etakchisi” loyihasini kengaytirish, yoshlar g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash hamda sohada “Sun’iy intellekt alyansi”ni tashkil etish takliflari mamlakatda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan yangi iqtisodiy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Mazkur tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlagan holda O‘zLiDeP tomonidan Olmaliq shahrida “Kreativ tadbirkor yoshlar” forumi tashkil etildi. Forumning asosiy maqsadi yoshlar o‘rtasida kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish hamda tadbirkorlik muhitini yanada kuchaytirishdan iborat bo‘ldi.

Forum doirasida dastlab “Kreativ g‘oyalar yarmarkasi” tashkil etilib, unda 20 nafar startapchi yoshlar o‘z loyihalarini taqdim etdilar. SHuningdek, 20 nafar IT ixtirochilarning innovatsion ishlanmalari, 40 nafar muhandislik yo‘nalishidagi yoshlar ijodiy mahsulotlari hamda imkoniyati cheklangan 5 nafar yoshlar tomonidan ishlab chiqilgan mahsulot va xizmatlar namoyish etildi. Forumda, shu bilan birga, 40 nafar milliy hunarmand ustalarning ko‘rgazmasi va amaliy mashg‘ulotlari (master-klasslar) ham tashkil etildi.

Forumning “Mentorlik sessiyasi” bo‘limlarida muvaffaqiyatli tadbirkorlar, startap asoschilari va biznes-trenerlar yoshlar bilan uchrashib, o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar. Ular innovatsion mahsulotni bozorga chiqarish, loyihalarni moliyalashtirish, marketing strategiyasini tuzish va biznes rejalashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berdilar. Bu yoshlar uchun ilhom manbai va amaliy tajriba maktabi bo‘ldi.

“Kreativ tadbirkor yoshlar” forumi yosh avlodning salohiyatini ochib berish, ularni innovatsion tafakkurga yo‘naltirish, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni qo‘llash orqali yangi qiymat yaratishga undashda muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, mazkur forum mamlakatimizda kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, yoshlar tashabbuslarini amalda qo‘llab-quvvatlash hamda ularni zamonaviy bozor talablariga mos tadbirkorlar sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Mazkur forum respublikamizning barcha tuman va shaharlarida tashkil qilinadi.

O‘zLiDeP saytidan





Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

27 10 2025 / 11:58