Hududlarda aholi yashashi va tadbirkorlik
faoliyati bilan shugʻullanishi uchun qulay muhit yaratish va infratuzilmani
yaxshilash orqali tadbirkorlikni rivojlantirishga katta turtki berish, yuqori
qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish va zamonaviy xizmatlar
koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish, qishloq mahallalariga shahar muhiti va yashash
sharoitlarini olib kirish maqsadida qaror qilaman:
I. Alohida tuman (shahar) va mahallalarni namunali
hududga aylantirish
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va
viloyatlar hokimliklarining taklifiga asosan:
(a) 1-ilovaga muvofiq tuman
(shahar)larga “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomini berib,
ularni aholining yashashi va tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishi uchun
namunali hududga aylantirish;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi
qishloq tumanlarida 2 tadan mahallaga “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla”
maqomini berib, ularga shahar muhiti va yashash sharoitlarini olib kirish
boʻyicha yangi yondashuvlar amaliyotga joriy etilsin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va
viloyatlar hokimliklari “Islohotlar shtablari” bilan birgalikda ikki hafta
muddatda 2-ilovaga muvofiq shartlar asosida
qishloq tumanlaridagi 2 tadan Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahallalarni
tanlab olib, ularning roʻyxatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi
Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar kengashlariga tasdiqlash uchun kiritsin.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va
viloyatlar hokimliklari “Islohotlar shtablari” bilan birgalikda:
(a) bir oy muddatda har bir Yangi Oʻzbekiston
qiyofasidagi tuman (shahar) va Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahallani
kompleks rivojlantirish boʻyicha 3-ilovada belgilangan yoʻnalishlar
asosida “Taraqqiyot va yetakchilik maskani” dasturi (keyingi oʻrinlarda —
Dastur)ni tasdiqlasin;
(b) 2025-yil 15-dekabrga qadar aholi va
tadbirkorlarning takliflari va loyihalari asosida Yangi Oʻzbekiston
qiyofasidagi mahalla markazi uchun master rejani ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
(v) 2026-yil 1-fevralga qadar Dasturga kiritilgan
obyektlarning loyiha hujjatlarini ishlab chiqsin;
(g) 2026-yil 1-martdan boshlab tasdiqlangan
loyihalarga muvofiq qurilish ishlarini boshlasin;
(d) 2026-yil 1-dekabrga qadar Dasturga kiritilgan
obyektlarni ishga tushirishni taʼminlasin.
4. Belgilansinki, master rejalar va loyiha
hujjatlarini ishlab chiqishni moliyalashtirish:
(a) mahalliy budjetda iqtisod qilingan mablagʻlar
hamda mahalliy budjetlarning qoʻshimcha manbalari;
(b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va
viloyatlar hokimliklari huzuridagi Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish
jamgʻarmasi mablagʻlari;
(v) “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmasi
mablagʻlari;
(g) qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar
hisobidan amalga oshiriladi.
5. Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Dasturga kiritilgan
obyektlarda qurilish-taʼmirlash ishlarini sifatli tashkil etish va
jadallashtirish boʻyicha tegishli hujjat loyihasini tasdiqlasin.
6. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Qurilish va uy-joy
kommunal xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda 2026-yil 1-fevralga qadar Jahon
bankining “Oʻrta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi mablagʻlari
hisobidan xorijiy kompaniyalarni jalb qilib, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi
tuman (shahar)” maqomi berilgan tuman (shahar)larni rivojlantirish boʻyicha
“fazoviy reja”larni ishlab chiqishni boshlasin.
II. Sanoat rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish
7. Belgilansinki, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi
tuman (shahar)” loyihasi doirasida har yili:
(a) mavjud xomashyo zaxiralaridan toʻliq foydalangan
holda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish,
sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va sanoat zonalari quvvatlarini
kengaytirish hisobiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi
sanoatning oʻsish surʼatidan kamida 2-3 foiz yuqori oʻsish taʼminlanadi;
(b) kamida 50 million AQSH dollari ekvivalenti
miqdorida investitsiyalarni jalb qilgan holda oziq-ovqat, mebelchilik, qurilish
materiallari, tikuvchilik va boshqa ixtisoslashgan yoʻnalishlarda kamida 10
tadan yirik investitsiya loyihalari ishga tushiriladi;
(v) ilgari oʻz mahsuloti bilan tashqi bozorlarga
chiqmagan kamida 3 — 5 tadan korxona eksport faoliyatiga jalb qilinadi;
(g) xorijiy davlatlardan texnolog, marketolog,
brend-menejer kabi mutaxassislarni jalb qilgan holda kamida 1 ta korxonada
milliy brend mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi;
(d) 10 nafardan tadbirkorlar xorijiy davlatlarda
oʻtkaziladigan ixtisoslashgan sanoat koʻrgazmalariga tajriba almashish uchun
yuboriladi.
8. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va
viloyatlar hokimliklari Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar,
sanoat va savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda ikki oy
muddatda mazkur qarorning 7-bandini inobatga olgan holda har
bir Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar) boʻyicha sanoatni jadal
rivojlantirish “yoʻl xaritalari”ni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin. Bunda:
(a) Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla va unga
tutash boʻlgan mahallalardagi boʻsh yer maydonlarida mikrosanoat,
hunarmandchilik va xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etish;
(b) sanoat zonalaridagi boʻsh yer maydonlarida
istiqbolli investitsiya loyihalarini joylashtirish hamda muhandislik
infratuzilmasi mavjud hududlarda yangi sanoat zonalarini tashkil etish;
(v) energiya samaradorligi yuqori texnologiyalar
asosida atrof-muhitga zarar yetkazishni kamaytirishga qaratilgan “yashil”
sanoat loyihalarini amalga oshirish nazarda tutiladi.
III. Qishloq xoʻjaligida yangi yondashuvlar orqali
qoʻshimcha qiymat zanjirini yaratish
9. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va
viloyatlar hokimliklari 2026-yil 1-fevralga qadar “Yangi Oʻzbekiston
qiyofasidagi tuman” maqomi berilgan tumanlarda Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidentining 2025-yil 3-fevraldagi PF-18-son Farmoniga muvofiq tuman
hokimliklari zaxirasida mavjud boʻsh turgan yer maydonlari hajmidan kelib
chiqqan holda kamida 200 gektardan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer
maydonlarini elektron onlayn auksion savdolariga chiqarsin.
10. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Kambagʻallikni
qisqartirish va bandlik vazirligi, tijorat banklari, Qoraqalpogʻiston
Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda
2025-yil 1-dekabrga qadar har bir Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tumanda:
(a) kamida 50 gektar yer maydonlarida sanoatlashgan
bogʻ plantatsiyalari tashkil etish boʻyicha dastur loyihasini;
(b) aholi tomorqalarida yomgʻir va texnik suvlardan
foydalanish, tomchilatib sugʻorish hamda eski bogʻlarni bosqichma-bosqich
yangilash boʻyicha moliyaviy qoʻllab-quvvatlash choralarini amaliyotga joriy
etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. “Uzagrostar xolding” kompaniyasi har bir Yangi
Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman va Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahallada:
(a) 2026-yil 1-yanvarga qadar aholi tomorqalari va
ijaraga berilgan yer maydonlarida tuproq va suv tahlilini oʻtkazsin;
(b) 2026-yil 1-fevralga qadar iqlim sharoitiga mos,
yuqori hosildorlikka ega urugʻ va koʻchatlar sotuvini yoʻlga qoʻysin;
(v) aholi va dehqonlarning agrar sohadagi bilim va
koʻnikmalarini oshirish maqsadida xorijiy va mahalliy agronomlarni jalb qilgan
holda amaliy seminarlar tashkil etsin.
IV. “Yashil” va energiya samarador hududlarni
rivojlantirish
12. Belgilansinki, “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi
tuman (shahar)” maqomi berilgan tuman (shahar)larda:
(a) 2026-yil 1-yanvardan boshlab barcha davlat
idoralari va ijtimoiy soha muassasalari binolari faqat energiya samaradorlik
tamoyillari asosida quriladi va modernizatsiya qilinadi;
(b) 2027-yil 1-yanvarga qadar davlat idoralari, davlat
ishtirokidagi korxonalar va ijtimoiy soha muassasalari energiya samarador uskunalar
bilan toʻliq jihozlanadi;
(v) 2026-yil 1-martdan boshlab bittadan ijtimoiy soha
muassasasi binolarini “Nol energiya sarfli binolar” konsepsiyasi asosida
modernizatsiya qilish boʻyicha pilot loyihalar boshlanadi.
13. Energiya samaradorligi milliy agentligi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar
Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Yangi
Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan tuman (shahar)larni
energiya samarador hududlarga aylantirish boʻyicha quyidagilarni nazarda
tutuvchi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:
(a) energiya isteʼmoli yuqori boʻlgan aholi
uy-joylariga energiya samarador qurilmalar oʻrnatishni ragʻbatlantirish;
(b) tungi yoritish tizimlarini energiya tejamkor
yoritish tizimlariga oʻtkazish va modernizatsiya qilish;
(v) energiya auditi xizmatini va energiya samarador
qurilmalarga texnik xizmat koʻrsatishni kengaytirish.
V. Moliyaviy resurslar
14. Belgilansinki, mazkur qarorda belgilangan vazifalarni
bajarish maqsadida 2026-yilda 7 trillion soʻmdan ortiq mablagʻlar, shu
jumladan:
(a) 1-ilovaga muvofiq “Yangi
Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar)” maqomi berilgan tuman (shahar)larning
har birini rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan
100 milliard soʻmdan jami 2,3 trillion soʻm;
(b) har bir Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahallani
rivojlantirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan 5 milliard
soʻmdan jami 1,7 trillion soʻm;
(v) Islom taraqqiyot bankining “Qishloq joylarni
barqaror rivojlantirish” hamda Jahon bankining “Oʻrta shaharlarni kompleks
rivojlantirish” loyihalari doirasida “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman
(shahar)” maqomi berilgan tuman (shahar)larni rivojlantirish uchun 100 million
AQSH dollari;
(g) hududlarda iqtisodiy oʻsishga turtki beruvchi
drayver loyihalarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika
budjetidan 2 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasi rahbariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va
viloyatlar hokimliklarining “Islohotlar shtablari” bilan kelishilgan takliflari
asosida Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi tuman (shahar) va Yangi Oʻzbekiston
qiyofasidagi mahalla uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarning tegishli xarajat
yoʻnalishlarini belgilash va qayta taqsimlash hamda loyihalarga oʻzgartirish
kiritish vakolati berilsin.
16. Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
(a) 2025-yil yakuniga qadar Jahon bankidan natijaga
asoslangan moliyalashtirish mexanizmi asosida Oʻzbekistonda yashash uchun qulay
va barqaror shaharlar dasturi doirasida 250 million AQSH dollari miqdoridagi
imtiyozli kredit mablagʻlarini jalb qilish boʻyicha qarz bitimini imzolash
choralarini koʻrsin. Bunda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida Jahon banki
koʻmagida jalb qilingan mablagʻlar va grantlar hisobidan moliyalashtiriladigan
Oʻzbekistonda yashash uchun qulay va barqaror shaharlar dasturini
muvofiqlashtirish ofisi tashkil etiladi;
(b) 2026-yil davomida mazkur yoʻnalishda xalqaro
moliya institutlaridan qoʻshimcha 250 million AQSH dollari miqdoridagi
mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishsin;
(v) 2026-yil 1-iyulga qadar xalqaro moliya
institutlari ishtirokida “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasining
2-bosqichini amalga oshirish maqsadida kamida 300 million AQSH dollari
miqdoridagi mablagʻlarni jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishsin.
17. Belgilansinki, 2025-yil 10-oktabrdan boshlab
quyidagi mablagʻlar faqat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari
asosida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini moliyalashtirishga
yoʻnaltiriladi:
(a) Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining
erkin qoldiq mablagʻlari hamda har chorak yakunlari boʻyicha aniqlanadigan
prognozdan oshirib bajarilgan qismi;
(b) Hisob palatasi va Davlat moliyaviy nazorati
inspeksiyasi tomonidan maqbullashtirilgan mablagʻlar va qoʻshimcha aniqlangan
daromadlardan undirilgan mablagʻlar.
Bunda har oy yakuni boʻyicha keyingi oyning 5 sanasiga
qadar mazkur bandda keltirilgan mablagʻlarning shakllangan miqdori
toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Hisob palatasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi
tomonidan birgalikda tasdiqlangan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Administratsiyasiga kiritib boriladi.
18. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2026
moliya yilidan boshlab:
(a) Davlat budjeti daromadlari prognozini choraklar va
hududlar kesimida taqsimlash Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari
bilan amalga oshiriladi;
(b) Davlat budjeti daromadlari prognozini hisoblash
Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi orqali amalga oshiriladi
hamda ushbu axborot tizimi Soliq qoʻmitasi, Bojxona qoʻmitasi va Hisob
palatasining axborot tizimlariga integratsiya qilinadi.
19. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Davlat budjeti
daromadlari prognozini hisoblash metodologiyasini tasdiqlash toʻgʻrisidagi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin.
VI. Qaror ijrosini tashkil etish, taʼminlash va
nazorat
20. Belgilansinki, mazkur qaror ijrosi:
(a) har oyda ikki marta tuman (shahar) hokimliklari
tomonidan tuman (shahar) darajasidagi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida;
(b) har oyda bir marta Qoraqalpogʻiston Respublikasi
Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan tegishli boshqarma va
tashkilotlar rahbarlari ishtirokida;
(v) har ikki oyda bir marta Vazirlar Mahkamasida
vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.
21. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikki oy muddatda
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 1-apreldagi PQ-132-son qaroriga oʻzgartirish va
qoʻshimchalar kiritish boʻyicha tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga
kiritsin.
22. Mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosi
samarali tashkil etilishiga hamda belgilangan muddatlarda amalga oshirilishiga
shaxsan masʼul etib Bosh vazir oʻrinbosari J.A. Qoʻchqorov, Oʻzbekiston
Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasidan hududlarga
biriktirilgan masʼul rahbarlar hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar
Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari belgilansin.
23. Qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston
Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 8-oktabr,
PQ-298-son
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
27 10 2025 / 14:25