Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Ilm, madaniyat va hamjihatlik asrimizning tinchlik poydevori sanaladi



Ulashing :


Ayni kunlarda dunyo mamlakatlari, xalqaro tashkilotlar va ekspertlar nigohi Samarqand shahriga qaratilgan. Boisi, ushbu shaharda 30 oktyabr – 13 noyabr kunlari BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, so‘nggi 40 yilda ilk bor YUNESKO sessiyasi Parijdagi bosh qarorgohdan tashqarida o‘tkazilmoqda. Bunday nufuzli forumning mamlakatimizda o‘tkazilayotgani Tashkilotga a’zo davlatlarning Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga bo‘lgan yuksak ishonchining yorqin ifodasi sanaladi.

YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqi nafaqat mamlakatning madaniy-siyosiy nufuzini oshirishga, balki insoniyat oldida turgan dolzarb gumanitar muammolarni hal etishga qaratilgan global platformani yaratishga xizmat qiladi.

Qolaversa, Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan mazkur anjuman tarixiy, ma’naviy va strategik jihatdan beqiyos ahamiyat kasb etadi. Bu nutq orqali O‘zbekiston xalqaro maydonda “ilm, madaniyat va hamjihatlik markazi” sifatidagi nufuzini yanada mustahkamladi.

Xususan, Prezident o‘z nutqida Samarqandning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini alohida ta’kidladi. Ushbu qadimiy shahar asrlar davomida ilm-fan, madaniyat va bag‘rikenglik markazi bo‘lib kelgan. Mirzo Ulug‘bek rasadxonasining ilmiy merosi yoki Ipak yo‘li davridan qolgan madaniy muloqot an’analari bugungi “Samarqand ruhi” g‘oyasining asosiy manbai sifatida ko‘rsatildi. Bu ruh – tinchlik, muloqot va hamjihatlik ramzi bo‘lib, zamonaviy dunyodagi ziddiyatlarga qarshi ma’naviy taklif sifatida ilgari surildi.

Nutqda dunyodagi geosiyosiy keskinlik, axborot notengligi, iqlim inqirozi va bilim sohasidagi tafovutlar ortib borayotgani haqida so‘z bordi. Prezident bu muammolarni hal etish uchun YUNESKO doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi. Bu pozitsiya O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi pragmatik va insonparvar yondashuvini yaqqol namoyon etadi.

Shuningdek, ma’ruzada ta’lim sohasiga oid qator strategik takliflar berildi. “Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasi”, “Jahon professional ta’lim sammiti”, “Sun’iy intellekt – maktab” loyihasi va “Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumani” shular jumlasidandir.

Bu tashabbuslar ta’lim tizimini raqamli asr talablariga moslashtirish, yosh avlodning ijodiy va axloqiy salohiyatini oshirishga qaratilgan. Qolaversa, bu YUNESKOning “Education 2030” konsepsiyasi bilan uyg‘un bo‘lib, O‘zbekistonni bilim iqtisodiyoti markazlaridan biriga aylantirishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish, 19 noyabrni “Hujjatli meros xalqaro kuni” sifatida belgilash va raqamli meros institutini yaratish taklifini ilgari surdi. Bu tashabbuslar madaniy merosni raqamli formatda himoya qilishni ta’minlab, tarixiy xotirani global mulk sifatida saqlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston bu yo‘nalishda o‘zining boy madaniy merosi bilan butun insoniyat ma’naviy xazinasiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Shuningdek, “Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNESKO akademiyasi”ni tashkil etish taklifi gender tenglik sohasidagi dolzarb muammolarni hal etishda amaliy qadam bo‘ladi. Bu tashabbus YUNESKOning “Gender Equality Priority” dasturi bilan hamohang bo‘lib, ilm, madaniyat va fan sohalarida ayollarning faol ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Ma’lumki, bag‘rikenglik va diniy muloqot global barqarorlik poydevori sanaladi. Shu bois, davlatimiz rahbari diniy totuvlik, bag‘rikenglik va islom madaniyatining ma’rifiy qirralarini dunyoga tarannum etish g‘oyasida alohida to‘xtalib o‘tdi. Bu tashabbus O‘zbekistonning “zamonaviy islom sivilizatsiyasi markazi” sifatidagi strategik rolini mustahkamlaydi.

Xulosa qilib aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning YUNESKO Bosh konferensiyasidagi nutqini bugungi dunyoda gumanitar diplomatiyaning yangi modeli sifatida e’tirof etish mumkin. Unda inson, madaniyat va bilim milliy siyosatning markaziga qo‘yilgan. “Samarqand ruhi” g‘oyasi XXI asr global muhokamalari uchun yangi ma’naviy konsepsiyadir.

G.Abduvohidova, O‘zA


Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy

03 11 2025 / 11:08