O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-noyabr kuni
Doha shahrida o‘tayotgan Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida
ishtirok etdi.
Anjuman ishida Birlashgan Millatlar
Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Qatar Davlati Amiri Shayx Tamim bin
Hamad Ol Soniy, BMT Bosh Assambleyasi Raisi Annalena Berbok, BMT Iqtisodiy va
ijtimoiy kengashi raisi Lok Bahodir Txapa, davlat va hukumat rahbarlari,
xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar vakillari ham qatnashdi.
Prezidentimiz so‘zining avvalida forumga
yuksak darajada tayyorgarlik ko‘rilgani uchun tashkilotchilarga minnatdorlik
bildirib, global ijtimoiy taraqqiyot uchun muhim maydon bo‘lgan sammit aynan
Doha shahrida o‘tkazilayotgani katta ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillarda Qatar
ijtimoiy inklyuzivlik va jadal taraqqiyot markaziga aylanib borayotganini
ta’kidlab, ushbu mamlakat xalqini erishilgan muvaffaqiyatlar bilan samimiy
tabrikladi.
Prezidentimiz bugungi kunda jahon
hamjamiyati va milliy hukumatlar ijtimoiy farovonlikni ta’minlash hamda aholi
turmush darajasini oshirish yo‘lida birgalikda harakat qilayotganini
ta’kidladi. O‘zbekiston, o‘z navbatida, barqaror taraqqiyotga erishishga
qaratilgan xalqaro hamkorlikning barcha formatlari va tashabbuslarini doim
qo‘llab-quvvatlaydi.
Keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda “Inson
qadri uchun” degan tamoyil ustuvor bo‘lgan, ijtimoiy adolat ta’minlangan,
aholining ehtiyojmand qatlamlari samarali himoya qilingan ijtimoiy davlat barpo
etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Oxirgi yillarda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha
qisqartirishga erishdik. Biz bu yo‘ldagi islohotlarni bundan keyin ham davom ettiramiz, – dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari global ijtimoiy adolat
va barqaror taraqqiyotni mustahkamlashga qaratilgan qator taklif va tashabbuslarni
ilgari surdi.
Kambag‘allikka qarshi kurashishda xalqaro
hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish muhimligi ta’kidlandi.
– Rivojlanayotgan davlatlarning ijtimoiy dasturlariga resurslarni keng
jalb etish maqsadida kambag‘allikka qarshi kurashishning yangi moliyaviy
arxitekturasini yaratish vaqti keldi deb hisoblaymiz, – dedi Prezidentimiz.
Shu munosabat bilan kambag‘allikni
qisqartirish va ijtimoiy tengsizlikni kamaytirishga amaliy ko‘mak beradigan
Global ijtimoiy adolat fondini ta’sis etish taklif qilindi.
Davlatimiz rahbari bandlik masalalarini
samarali hal qilish uchun zamonaviy mexanizmlarni joriy etish muhimligini
ta’kidladi.
Qayd etilganidek, yuqori texnologiyalar va
sun’iy intellektning jadal rivojlanishi dunyo bo‘ylab millionlab ish
o‘rinlarining qisqarishiga olib kelmoqda. Bunday sharoitda xodimlarni
qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy sheriklik tamoyillarini mustahkamlash uchun
davlat, biznes va jamiyatning faol hamkorligi alohida ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz “Ijtimoiy mas’uliyat va
munosib mehnat bo‘yicha global tashabbus”ni ishlab chiqish taklifi
qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.
Barcha uchun ta’lim imkoniyatlarini
kengaytirish ijtimoiy muammolarni hal qilishning eng samarali yo‘llaridan biri
ekani ta’kidlandi.
Ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra,
savodsizlikning yillik iqtisodiy zarari 1,4 trillion AQSH dollarini tashkil
etadi.
Bu Prezidentimiz ta’kidlaganidek,
yoshlarning jamiyatda va mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishini qiyinlashtiradi,
ijtimoiy tengsizlikni esa kuchaytiradi.
Davlatimiz rahbari kuni kecha bo‘lib
o‘tgan Ochlik va qashshoqlikka qarshi kurashish bo‘yicha global alyansning
birinchi yig‘ilishida qabul qilingan qarorlarni O‘zbekiston to‘liq
qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Alyansning bo‘lajak sammitlaridan birini
O‘zbekistonda o‘tkazish va ta’lim masalalarini kun tartibining asosiy mavzusi
etib belgilash taklif qilindi.
Mehnat migrantlari va ularning oila
a’zolarini tizimli himoya qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti va
Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan birgalikda Toshkent shahrida migrantlar va
ularning oila a’zolarini ijtimoiy-huquqiy himoya qilish bo‘yicha xalqaro forum
o‘tkazishga hamda bu borada Global dastur qabul qilishga tayyor.
Prezidentimiz iqlim o‘zgarishining ijtimoiy hayotga ta’siri tobora
kuchayib borayotganini ta’kidladi. Ekstremal ob-havo hodisalari, cho‘llanish va
biologik xilma-xillikning yo‘qolishi, avvalo, aholining zaif qatlamlari –
fermerlar, mavsumiy ishchilar, ekologik vaziyati murakkab bo‘lgan hududlarda
istiqomat qiluvchi odamlar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishni bandlik dasturlari bilan
uyg‘unlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston BMT tomonidan ekologik
innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingan Orolbo‘yi
mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yangi modelini ishga
tushirish niyatida ekanini ma’lum qilib, mazkur tajribani jahon hamjamiyati
bilan bo‘lishishga tayyorligini bildirdi.
Sammitda qabul qilingan qarorlar butun dunyodagi millionlab
odamlarga umid bag‘ishlashi, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga katta
hissa qo‘shishiga ishonch bildirildi.
– Xalqaro taraqqiyot
yo‘lida ijtimoiy kelishuvni yangilash, har bir inson uchun munosib hayot
tarzini yaratish bizning asosiy burchimizdir, – dedi davlatimiz rahbari.
Yakunda O‘zbekiston Prezidenti sammitda qabul qilingan Doha
siyosiy deklaratsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini va uning barcha
tamoyillarini hayotga tatbiq etishga tayyorligini tasdiqladi.
president.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
04 11 2025 / 14:49