Bu yil, 16-noyabr kuni Birlashgan Millatlar
Tashkilotining Ta'lim, fan va madaniyat tashkiloti (YUNESKO) tashkil
etilganining 80 yilligi nishonlanadi. Bugun, 4-noyabr, bundan roppa-rosa 79 yil
oldin, 1946-yilda, tashkilotning Nizomi 20 mamlakat tomonidan ratifikatsiya
qilinganidan so'ng kuchga kirdi.
Shu paytdan boshlab YUNESKO BMTning ixtisoslashgan
agentligi sifatida o'z faoliyatini boshladi. Uning vazifasi Jahon merosi
ro'yxatiga ob'ektlarni kiritish va tashkilotning e'lon qilingan maqsadlariga
muvofiq davlatlar va xalqlar o'rtasidagi hamkorlikni kengaytirish orqali
tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashdan iborat.
Hozirda tashkilotda 193 ta a'zo davlat, ikkita
kuzatuvchi davlat va 10 ta assotsiatsiyalashgan a'zo hududlar mavjud (tashqi
siyosat uchun javobgar emas). Uning bosh qarorgohi Fransiyaning Parij shahrida
joylashgan.
1993-yil 26-oktabrdan beri O'zbekiston YUNESKOning
to'laqonli a'zosi hisoblanadi. Jahon merosi ro'yxatiga kiritilgan madaniy
yodgorliklar qatoriga Xivadagi Ichan-Qal'a, Buxoro, Shahrisabz va Samarqandning
tarixiy markazlari va Ugam-Chotqol milliy bog'i kiradi. Insoniyatning nomoddiy
merosi ro'yxatiga Navro'z bayrami, shashmaqom mumtoz musiqa sikli, Farg'ona
vodiysining katta ashula qo'shiqlari, askiya san'ati, Boysun madaniy makoni,
palov an'anasi, Xorazm raqsi "Lazgi" va miniatyura san'ati kiradi.
E'tiborga loyiqki, bu yil Samarqandda YuNESKO Bosh
konferensiyasining 43-sessiyasi bo'lib o'tmoqda. Tadbirda madaniy va insoniy
merosni saqlash tarafdori bo'lgan 190 mamlakatdan 2800 dan ortiq ishtirokchi
ishtirok etdi.
Tashkilotning 80 yilligi sharafiga Samarqandda YuNESKO
bog'i ochildi, u yerda 80 000 ta daraxt va buta ekiladi. Bog' Zarafshon daryosi
yaqinidagi Ipak yo'li Samarqand sayyohlik markazi hududida joylashgan. Bu
nafaqat bog', balki aholi va mehmonlar uchun dam olish maskani, shuningdek,
ekologik innovatsiyalar markazi hamdir.
Bog' konsepsiyasi Amir Temur bog'lari falsafasidan
ilhomlanib, o'tmish, hozirgi va kelajak o'rtasidagi bog'liqlikni ramziy ma'noda
ifodalaydi. Bu makon to'qqizta tematik zonaga bo'lingan bo'lib, tut, atirgul,
magnoliya, lavanta va sakura bilan mashhur Sohibqiron bog'larini aks ettiradi.
43-Bosh konferensiya davomida Abadiy Shahar majmuasi hududida 500 dan ortiq
qarag'ay, eman, katalpa, chinor, kashtan, tol va boshqa daraxt ko'chatlari
paydo bo'ldi.
Lira Shafik, O'zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
05 11 2025 / 12:40