«Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi ekspert maslahatlashuvlari yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari bilan energetika bo‘yicha ishchi
guruh tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Bu haqda
Rossiya energetika
vazirligi xabar berdi.
«Energetika vazirligi Markaziy Osiyo davlatlari bilan
energetika bo‘yicha ishchi guruh tuzadi. Roman Marshavin RF TIVda bo‘lib o‘tgan
«Markaziy Osiyo – Rossiya» formatidagi ekspert maslahatlashuvlarida ishtirok
etdi», – deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd
etilishicha, tadbirda 9 oktyabr kuni Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan «Markaziy
Osiyo – Rossiya» ikkinchi sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan 2025-2027
yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha
hamkorlik masalalari, shuningdek, tadbir davomida Markaziy Osiyo davlatlari
rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar ko‘rib chiqilgan.
Bundan
tashqari, muhokama yakunlari bo‘yicha vazir o‘rinbosarlari darajasida
energetika bo‘yicha ishchi guruh tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilingani
ma’lum qilingan. U Yonilg‘i-energetika kompleksi yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro
hamkorlik masalalarini olti tomonlama formatda ko‘rib chiqish imkonini beradi.
Ishchi guruh tarkibiga Rossiya, O‘zbekiston,
Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston energetika idoralari
vakillari kiradi.
«Ishchi guruh ishtirokchilari davlat rahbarlari
tomonidan ma’qullangan harakatlar rejasini amalga oshirish bo‘yicha tizimli
ishlar bilan shug‘ullanadi», – deya RF energetika vaziri o‘rinbosari Roman
Marshavinning so‘zlaridan iqtibos keltirilgan xabarda.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
26 01 2026 / 12:12