Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda dehqon xo‘jaliklari uchun moliyaviy rag‘batlar joriy qilinadi



Ulashing :



Prezident tomorqa va dehqon xo‘jaliklariga qator moliyaviy imtiyozlarni e’lon qildi. Sertifikati bor ko‘chatlarni sotib olish xarajatining yarmi budjet tomonidan qoplanadi, meva uchun “shpaler”larga 20−70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi, tomchilab sug‘orishda har sotix 160 ming so‘m kompensatsiya qilinadi.

Mahallada ixtisoslashuvni rag‘batlantiradigan qo‘shimcha moliyaviy mexanizmlar ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 23-yanvar kungi yig‘ilishda ma’lum qildi.

Xususan, tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklariga:

· sertifikati bor ko‘chatlarni sotib olish xarajatining yarmi budjetdan qoplab beriladi;

· mevaning turiga qarab, “shpaler”lar (o‘simliklar uchun tayanch inshoot, ko‘pincha bog‘dorchilik va uzumchilikda qo‘llanadi) uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi;

· tomorqasiga tomchilab sug‘orishni joriy qilganlarga har 1 sotix uchun 160 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi.

Agar usta dehqonlar mahalladagi har 10 ta xonadonda eksportbop mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘ysa, 2 million so‘m, buni tomorqasi bor xonadonlarning kamida 30 foizida qilsa, yana 75 million so‘mdan mukofot oladi.

Joriy yil 2 ming gektar o‘rmon yeri 4 ming kambag‘al oilaga 50 sotixdan tutzor qilish uchun 10 yilga bepul beriladi. Bunda pilla kooperativini tuzish uchun ehtiyojmand oilalarga 4 million so‘mdan subsidiya ajratiladi.

Bundan tashqari, uyida pilla yetishtirish istagidagi ehtiyojmand oilalarga xonani jihozlash va uskuna olish uchun 20 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

26 01 2026 / 14:04