2025 yil O‘zbekistonning Yevropa yo‘nalishidagi tashqi siyosati yangi, o‘ta faol bosqichga ko‘tarildi.
Davlat
rahbarining Belgiyaga tashrifi, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik
va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolanishi mamlakatning strategik manfaatini
himoya qilish yo‘lida muhim qadam sifatida baholandi. Bu jarayon faqat ikki tomonlama
hamkorlikni mustahkamlash bilan cheklanmay, mintaqaviy va global iqtisodiy
aloqalarda respublikamiz o‘rnini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qolaversa, faol diplomatiyaning bunday o‘ziga xos namunasi yurtimizda amalga
oshirilayotgan islohotlarning izchilligi va Yevropa standartiga
moslashayotganini ham ko‘rsatadi.
Quyida
siyosiy fanlar doktori, professor Durbek Sayfullayevning ayni mavzuga oid
fikrlari keltirilgan.
–
Davlatimiz rahbarining Belgiyaga tashrifi doirasida ikki yirik voqea yuz berdi.
Birinchisi – O‘zbekiston Prezidentining Belgiya Qirolligi rahbariyati bilan
uchrashuv, ikkinchisi – Yevropa Ittifoqi yetakchilari bilan olib borilgan faol
muzokara va erishilgan kelishuvlar.
Qirol
Filipp bilan uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar
sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish masalasi muhokama
qilindi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham
fikr almashildi. Umuman, keyingi yillarda O‘zbekiston – Belgiya munosabati izchil
rivojlanayotgani kuzatilmoqda.
Shuningdek,
Shavkat Mirziyov ko‘hna qit’aning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari
bilan muloqot o‘tkazib, sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan to‘rt muhim
yo‘nalishni belgilab berdi.
Birinchidan,
Belgiya tomoni diyorimizda strategik xom ashyo va minerallarni o‘zlashtirish
hamda chuqur qayta ishlash orqali yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot
ishlab chiqarish loyihalarini birgalikda amalga oshirishdan manfaatdorligi
ta’kidlandi. “Yashil iqtisodiyot” va kimyo sanoati ham istiqbolli yo‘nalishlar
sifatida qayd etildi. Respublikamizda qayta tiklanadigan energetika faol joriy
etilmoqda, energetika tizimi takomillashtirilmoqda. Shu bois, Yevropalik
hamkorlarga yashil energetika, energiya tejamkorligi va ekologik kimyo
yo‘nalishlaridagi tashabbuslarda ishtirok etish taklifi berildi.
Ikkinchidan,
infratuzilma va logistikani rivojlantirish ustuvor ahamiyatga ega ekani
ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston avtomobil yo‘llari, temir yo‘llar va
aeroportlarni birlashtirgan transport tarmog‘ini modernizatsiya qilmoqda. Shu
jihatdan mamlakatimiz tranzit yo‘nalishlarini rivojlantirish, Yevropa va
Osiyoni bog‘laydigan zamonaviy logistika markazlari barpo etish bo‘yicha
qo‘shma loyihalar amalga oshirishga tayyorligi ayni muddao.
Uchinchidan,
raqamli iqtisodiyot va axborot texnologiyalari sohasiga alohida e’tibor
qaratildi. Zero, IT-parklar va startap inkubatorlarini jadal rivojlantirayotgan
O‘zbekiston Yevropa kompaniyalari bilan sun’iy intellekt va kiber xavfsizlik
sohalarida hamkorlik qilishga tayyor.
To‘rtinchidan,
muloqot ishtirokchilari mamlakatimizda xorijlik sarmoyadorlar uchun yaratilgan
shaffof tizim, barqaror sharoitni yuqori baholab, yurtimizda yangi qo‘shma
loyiha va tashabbuslar amalga oshirish niyatini tasdiqladilar.
O‘zaro
munosabat strategik darajaga ko‘tarildi
2025 yil
24 oktyabr kuni Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antonio Koshta va Yevropa komissiyasi
Prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan
Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi
bitim (EPCA) imzolandi.
Mazkur
hujjat 1996 yil imzolangan Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga
asoslangan hamkorlik huquqiy bazasini yangilab, sezilarli darajada
kengaytiradi. Yangi bitim loyihasi bo‘yicha muzokara 2019 yil fevral oyida
boshlanib, 2022 yil iyul oyida yakunlandi.
9 bo‘lim,
356 modda, 14 ilovadan iborat bu kelishuv ikki tomonlama munosabatning turli
yo‘nalishlarini qamrab olgan. Hujjat siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo va
investitsiya, barqaror rivojlanish, fan va ta’lim, innovatsiya va yuqori
texnologiya, atrof-muhit muhofazasi hamda iqlim o‘zgarishi bo‘yicha sheriklikni
rivojlantirish uchun keng qamrovli huquqiy asos yaratadi. O‘zbekiston va
Yevropa Ittifoqi munosabatida yangi bosqichni boshlab berib, ko‘p qirrali
sheriklikni yangi darajaga olib chiqadi.
Amaliy
natija
Belgiyaga
amalga oshirilgan rasmiy tashrif, shubhasiz, muhim va tarixiy voqea. EPCA
tasdiqlanishi keyingi o‘n yillik aloqalarni belgilab beruvchi keng qamrovli
hujjatdir.
Shu tariqa Yevropaning Markaziy
Osiyodagi strategik hamkorlaridan biri sifatida, O‘zbekiston global savdo, ikki
va ko‘p tomonlama bog‘liqlik hamda energiya diversifikatsiyasi uchun tobora
muhim ahamiyat kasb etishi rasman e’tirof etildi. Endi YeI bozorlariga
mamlakatimiz tovarlari uchun yo‘l ochiladi, milliy me’yorlar YeI standarti
bilan uyg‘unlashadi.
Ta’kidlash joiz, bitim
imzolanishi bilan tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish
bo‘yicha avvalgi sa’y-harakatlariga mantiqiy yakun yasaldi. Eng muhimi, O‘zbekistonning bunday o‘ta faol siyosati butun Markaziy Osiyo
uchun strategik ahamiyatga ega.
Darvoqe,
Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokarani yakunlovchi qo‘shma
bayonot qabul qilinishi ham ramziy, ham amaliy ahamiyatga ega. Bu O‘zbekistonda
so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar izchilligi va tizimliligini
yaqqol namoyon etadi. Mintaqa mamlakatlari uchun esa iqtisodiy modernizatsiya
va shaffof savdo siyosati jahon iqtisodiyotiga adolatli shartlar asosida
integratsiyalashuvga olib kelishining yorqin namunasidir.
Musulmon Ziyo, O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
03 02 2026 / 12:44