Natijada muhofaza
etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,3 million gektarni tashkil
etib, ularning mamlakat hududidagi ulushi 14,2 foizga yetkazilgan.
Shuningdek, tog‘li
hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik uchun
qulay sharoitlar yaratish, kurortlar, mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish
va boshqa infratuzilma ob’ektlarini barpo etish orqali qo‘shimcha ish
o‘rinlarini yaratish maqsadida turistik zonalar tashkil etilmoqda.
O‘z navbatida,
kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarning ekologik toza hududlarini va
ular rejimining qonuniy asoslarini belgilash zarurati ham yuzaga kelmoqda.
Shu maqsadda
“Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan
“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi
qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ishlab chiqilgan.
Senat yalpi
majlisida ko‘rib chiqilgan mazkur qonun bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy
hududlar to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritilmoqda.
Kurort tabiiy
hududlar va rekreatsiya zonalarida joylashgan, atrof tabiiy muhitga ta’siri
me’yorlardan oshmaydigan, energiya samarador infratuzilmalar bilan
ta’minlangan, chiqindilarni samarali boshqarish tizimi joriy etilgan, yuqori
rekreatsiya va ekoturizm salohiyatiga hamda boy biologik xilma-xillikka ega
bo‘lgan hududlar ekologik toza hududlar hisoblanishi belgilanmoqda.
Mazkur hududlarda
ekologik tizimlarning barqarorligiga ta’sir ko‘rsatadigan, tabiiy
landshaftlarning ko‘rinishi hamda yer osti suvlarining gidrogeologik holati
o‘zgartirilishiga olib keladigan ishlarning olib borilishi, tabiiy ob’ektlarga
va majmualarga salbiy ta’sir qiluvchi sanoat ob’ektlarining qurilishi hamda
faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanmoqda.
Senatorlar
ma’qullagan qonun ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekoturizmni rivojlantirish,
tabiiy ob’ektlarni saqlash, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish hamda
mamlakatimizning xalqaro miqyosda ekologik nufuzini yuksaltirishga xizmat
qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
06 02 2026 / 11:08