O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10 iyun kuni rasmiy tashrif bilan Tojikistonga keldi.
Dushanbe
xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon
kutib oldi. Aeroport oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari va
shiorlar bilan bezatilgan. O‘zbekiston rahbarini kutib olishda ko‘plab yoshlar
va ijodiy jamoalar ham ishtirok etdi. Dushanbe shahridagi “Qasri Millat”
qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi
bo‘ldi. Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki
mamlakat davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar bir-biriga rasmiy
delegatsiya a’zolarini tanishtirdi. Faxriy qorovul tantanali marsh bilan davlat
rahbarlari oldidan o‘tdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali
Rahmonning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda davlat rahbarlari
O‘zbekiston va Tojikiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligining
barcha jihatlarini ko‘rib chiqdilar, siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash,
savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish,
madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar. Markaziy
Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, xalqaro va
mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr
almashildi. Prezidentimiz taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib,
ikki mamlakat munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi.
– Qabul
qilgan barcha qarorlarimiz amalga oshmoqda. O‘tgan davrda ikki tomonlama munosabatlarda
ko‘p narsa o‘zgardi. Buni raqamlar ham aytib turibdi. 2017 yilda tovar
ayirboshlash 70 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda, murakkab
pandemiya yilida ushbu ko‘rsatkich ilk bor 500 million dollarga yetdi. Biz
ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Hududlar forumi
muvaffaqiyatli o‘tkazildi, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan aniq
loyiha va shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqalar haqida aytsak,
birinchi bor Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi,
yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Farg‘ona vodiysida uchrashadi. Bir so‘z
bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda, – dedi Shavkat
Mirziyoyev.
Tojikiston
Prezidenti davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, ushbu tashrifning ahamiyatini
alohida qayd etdi.
–
O‘zbekiston bizning strategik sherigimiz va ishonchli qo‘shnimiz. Tojikiston –
O‘zbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanayotganidan mamnunmiz.
Savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro munosabatlar
mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy xavfsizlik borasida o‘zaro
muvofiqlashib, yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman.
Bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini hamda xalqaro va
mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman, – deb ta’kidladi Emomali
Rahmon.
Qo‘shma
korxonalar soni 8 barobar ko‘payib, bugungi kunda 200 dan oshgani ta’kidlandi.
Jumladan, Dushanbe shahrida maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi “Artel Avesto
Elektroniks” qo‘shma korxonasi samarali ish yuritmoqda. Tashrif arafasida 30
dan ortiq shunday loyihalar ishlab chiqildi. O‘tgan yilgi qiyin sharoitlarda
ham yuk tashish va tranzit hajmi oshgani qayd etildi. Ikki tomonlama chegirma
va imtiyozlar taqdim etilmoqda. Poytaxtlar o‘rtasida aviaqatnov tiklandi. Uchrashuvda
tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat hududlari salohiyatini
samarali ishga solish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat
kooperatsiyasini tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Shuningdek,
parlamentlararo aloqalar, madaniy-gumanitar almashinuv, barqarorlik va
xavfsizlikka nisbatan tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi
hamkorlikni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Prezident Shavkat
Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi va o‘zi nomidan birodar Tojikistonni
mustaqilligining bo‘lajak 30 yilligi bilan tabrikladi, tinchlik, farovonlik va
ravnaq tiladi. Davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni o‘zi uchun qulay
vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi. O‘zbekiston
Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi
Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom
ettirdilar. Muzokaralarda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, ikki mamlakat
vazirliklari va yirik kompaniyalari, chegaradosh viloyatlar rahbarlari ishtirok
etdi.
O‘zbekiston
va Tojikiston yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari
tufayli birodar mamlakatlarning munosabatlari teng huquqli va o‘zaro manfaatli
amaliy hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.
–
Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan beqiyos ishlarni amalga oshirdik va ular
o‘zaro munosabatlarimiz solnomasidan o‘rin oldi, – deb ta’kidladi Shavkat
Mirziyoyev.
Tomonlar
strategik sheriklikni kengaytirishda qat’iy ekani va bu borada aniq choralarni
ko‘rishga tayyorligini ta’kidladilar. Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni
yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport
sohasidagi va hududlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, energetika
yo‘nalishidagi ulkan salohiyatni samarali ishga solish, madaniy-gumanitar
almashinuvlarni davom ettirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish
bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Prezident
Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashdagi ijobiy sur’atga qaramay, kelgusi
yilda uni ikki barobarga ko‘paytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish
muhim ekanini aytdi. Shu maqsadda erkin savdo rejimidan istisnolarni bekor
qilish va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini kelishishni tez
fursatda yakunlash muhim, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari. O‘zaro tovar
yetkazib berish hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, uchinchi
mamlakatlarga birgalikda chiqish imkoniyatlarini izlash lozim. Davlatimiz
rahbari O‘zbekiston mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi korxonalarining
sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.
–
Muvaffaqiyatli hamkorlikning real misollari va istiqbolga mo‘ljallangan aniq
rejalarimiz bor. Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston avtomobillarini
yig‘ishni tashkil etish, zamonaviy transformatorlar va qishloq xo‘jaligi
uskunalarini ishlab chiqarish, maishiy texnika va qurilish materiallari, kalava
ip va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish,
mamlakatlarimizdagi boshqa qo‘shma loyihalarni tilga olish lozim, – dedi
Shavkat Mirziyoyev.
Shu
munosabat bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini
ilg‘or xorijiy tajriba asosida samarali yo‘lga qo‘yish hamda uning
imkoniyatlaridan loyihalarni ilgari surishda maksimal darajada foydalanish
zarur. Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik ham strategik
yo‘nalishdir. O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz tranzit salohiyatidan
samarali foydalanish, shaharlar o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish va
avtobus qatnovlarini tiklashni taklif etdi. Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat
viloyatlari va tumanlari kesimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tizimli muloqotni yo‘lga
qo‘yish muhim ekanini ta’kidladi. Kuni kecha Xatlon viloyatining Boxtar
shahrida o‘tgan birinchi hududlararo forum bunday shakldagi hamkorlikning
samaradorligini yana bir bor isbotladi.
–
Masalalarni tezkor hal qilish uchun hududlar rahbarlari izchil “harakatlar
rejalari”ni kelishib olishlari va har oy kamida bir marta joylarda uchrashuvlar
o‘tkazib borishlari lozim, – deb qayd etdi davlatimiz rahbari. Ikki
mamlakatning ulkan gidroenergetika salohiyatidan va suvdan samarali foydalanish
masalalari bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish
masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar
an’anaviy faol gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Davlatimiz rahbari diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganining 30 yilligiga
bag‘ishlangan qo‘shma madaniy tadbirlar dasturini amalga oshirish, shuningdek,
ikki mamlakat yoshlari festivalini tashkil etish, Dushanbe va Toshkentda
zamonaviy o‘zbek va tojik adabiyotining tanlangan asarlari – antologiyalarini
nashr etishni taklif etdi. Muzokaralarda zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi
kurashish sohasida, ayniqsa, Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat asnosida
hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani qayd etildi. O‘zbekiston va Tojikiston
Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlash, ushbu
mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni
amalga oshirish, uni mintaqaviy iqtisodiy sheriklikka faol jalb etish tarafdori
ekani ta’kidlandi. Tomonlar BMT, MDH, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi
xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish va
bir-birini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladilar. Prezident Emomali
Rahmon Tojikiston birodar O‘zbekiston bilan hamkorlikda erishilgan bugungi
yuksak darajani qadrlashini, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning katta
hissasi borligini alohida ta’kidladi. Muzokaralar chog‘ida kelgusi ishlar uchun
rejalar belgilab olingani, ularning natijalari ikki mamlakat strategik
sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish uchun yangi omil bo‘lib xizmat
qilishini qayd etdi. Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar yakunlangach,
O‘zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatida barpo
etilgan ijtimoiy ob’ektlarning rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib,
ularning faoliyatiga start berdilar. Xatlon viloyatining Ko‘bodiyon tumanidagi
tibbiyot majmuasi O‘zbekiston tomonidan qurilgan. Ushbu 250 o‘rinli zamonaviy
ko‘p tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish
imkoniyatiga ega. Majmuada jarrohlik, urologiya, ko‘z xastaliklari, intensiv
davolash va reanimatsiya, pediatriya, travmatologiya, ginekologiya,
homiladorlik patologiyasi, tug‘ruqdan keyingi tiklanish va terapiya bo‘limlari
mavjud. Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219
ming nafardan ziyod bemorga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Tojikiston
tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida umumta’lim maktabi barpo
etildi. U 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan. Maktabning uch qavatli binosida
26 ta sinf, sport zali, faollar zali, oshxona, kutubxona, mehnat darslari va
ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar uchun sinflar mavjud. O‘quv maskani kompyuter
texnikasi va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan. Marosimda ikki mamlakat
vakillari so‘zga chiqib, davlat rahbarlariga birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi
do‘stlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga, fuqarolarimiz uchun qulay sharoitlar
yaratishga qaratayotgan alohida e’tibori uchun minnatdorlik bildirdilar. Muzokaralar
yakunida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon Qo‘shma
bayonot imzoladilar. Unda erishilgan asosiy kelishuvlar mustahkamlab qo‘yilgan
hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali o‘zaro manfaatli hamkorlik va
strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash bo‘yicha uzoq
muddatli vazifalar belgilangan.
Davlat
rahbarlari huzurida tashrif doirasida imzolangan O‘zbekiston – Tojikiston
investitsiya kompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida, sanoat va yangi
texnologiyalar sohasida, tog‘-kon sanoatida hamkorlik to‘g‘risida, Zarafshon
daryosida GES qurish loyihasi bo‘yicha qo‘shma aksiyadorlik jamiyati tashkil
etish to‘g‘risida, Yuklar tranziti to‘g‘risidagi bitimlar, shuningdek,
Diplomatik vakolatxonalar uchun yer maydonlarini o‘zaro taqdim etish
to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartirishlar kiritish, Fuqarolarning o‘zaro qatnovlari
to‘g‘risidagi bitimga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomalar, ikki
mamlakat tashqi siyosiy idoralari o‘rtasidagi hamkorlik dasturi va qishloq
xo‘jaligi sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”
almashildi. Umuman, energetika, transport, avtomobilsozlik, elektrotexnika,
tog‘-kon va yengil sanoat, fan, ta’lim, sport va boshqa sohalarni qamrab olgan
jami 35 ta hujjat imzolandi. Ushbu salmoqli hujjatlar to‘plami birodar mamlakat
va xalqlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada, har
tomonlama rivojlantirish, ko‘p qirrali sheriklikni chuqurlashtirish yo‘lida
yangi natijalarga erishish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qiladi. Ommaviy
axborot vositalari uchun brifingda Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon
muzokaralar har doimgidek ochiq, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tganini
ta’kidladilar.
– Biz
mushtarak tarix va madaniyat, din, ma’naviy qadriyatlar va an’analar bilan
chambarchas bog‘langan xalqlarimizning ko‘p asrlik do‘stligini juda qadrlaymiz.
Shu yerda
o‘tirgan ommaviy axborot vositalari vakillari va delegatsiyalar a’zolari
keyingi bir necha yilda O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlari taraqqiyotida
ro‘y bergan ulkan o‘zgarishlar guvohidir. Tojikiston bilan yaxshi qo‘shnichilik
munosabatlarini yanada mustahkamlash – O‘zbekiston tashqi siyosatining bosh va
o‘zgarmas ustuvor yo‘nalishi, – dedi davlatimiz rahbari. – Biz ko‘p qirrali
hamkorlikni rivojlantirishning barcha masalalarini diqqat bilan ko‘rib chiqdik.
Shuni qayd etmoqchiman: hech bir yo‘nalish e’tibordan chetda qolmadi. Muzokaralar
chog‘ida tomonlar yangi o‘sish nuqtalarini belgilab oldilar, kelgusi yilda
tovar ayirboshlashni ikki barobar oshirishni maqsad qilib belgiladilar.
Yetakchilar ikki mamlakat hududlarining imkoniyatlarini maksimal darajada ishga
tushirish, ularni tumanlar darajasida “bog‘lash”ga kelishib oldilar. Davlat
rahbarlari tashrif arafasida o‘tkazilgan Hududlar forumi va Ishbilarmonlar
kengashi yig‘ilishining samarali yakunlarini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘zbekiston
va Tojikiston transport va tranzit sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishdan
manfaatdor. Muzokaralarda yetakchilar temir yo‘l, avtomobil va havo
transportida tashishlarni ko‘paytirish uchun bundan buyon ham qulay sharoit
yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishdilar. Prezident Emomali Rahmon, o‘z
navbatida, agrar tarmoq, yengil, oziq-ovqat va tog‘-kon sanoatida qo‘shma
loyihalarni amalga oshirish tovar ayirboshlashning ko‘payishi va yangi ish
o‘rinlarining yaratilishiga xizmat qilishini qayd etdi. U ta’lim va tibbiyot
sohalarida, koronavirus pandemiyasiga qarshi birgalikda kurashishda sheriklik
kengayib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bundan tashqari, Prezidentlar
madaniyat, fan, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalaridagi almashinuvlarni
faollashtirishga kelishib oldilar.
– Biz
mamlakatlarimizda barpo etilgan hamda bugun mustahkamlanib borayotgan do‘stlik
va sheriklikning yangi ramzlariga aylangan tibbiyot markazi va o‘quv muassasasi
faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu
masalalarning barchasi ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarlik qilayotgan ikki
tomonlama Hukumatlararo komissiyaning bevosita nazoratida bo‘lishi qayd etildi.
Prezidentimiz Tojikiston rahbarining 2025 yilni Xalqaro muzliklarni
muhofazalash yili, deb e’lon qilishi va Muzliklarni asrash xalqaro fondini
tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbuslarini O‘zbekiston to‘liq
qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
– bugungi
muzokaralar ko‘p asrlik do‘stlik, ishonch, yaxshi qo‘shnichilik va strategik
sheriklik munosabatlarini mustahkamlash borasida niyatimiz jiddiy va qat’iy
ekanini yana bir bor namoyish etdi, – dedi so‘zining yakunida Prezident Shavkat
Mirziyoyev. – Birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz O‘zbekiston va Tojikiston
o‘rtasidagi hamkorlikda ikki birodar xalqning ravnaqi yo‘lida aniq, sezilarli
natijalarga erishishga qaratilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Dushanbe
shahridagi “Do‘stiy” maydonida Ismoil Somoniy haykali poyiga gullar qo‘ydi. So‘ng
“Ko‘hi Borbad” san’at saroyida O‘zbekiston va Tojikiston san’at ustalari
ishtirokida konsert bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Tojikiston Respublikasi
Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni ikki
mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari
uchun Tojikistonning yuksak mukofoti – I darajali «Zarrintoj» ordeni bilan
mukofotlash to‘g‘risidagi farmoni o‘qib eshittirildi. Ordenni davlatimiz
rahbariga Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tantanali ravishda topshirdi. Davlatimiz
rahbari yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mukofot katta hurmat
va ishonch ifodasi, xalqlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik rishtalarini
mustahkamlash borasidagi birgalikdagi sa’y-harakatlar e’tirofi ekanini
ta’kidladi. Mamlakatlarimiz yaqin qo‘shni, xalqlarimizning muqaddas yeriyu
suvi, dini bir, tarixi va taqdiri, tashvishu shodliklari mushtarak ekani qayd
etildi.
–
Bir-birimizni qo‘llab-quvvatlab, o‘zaro manfaatli hamkorligimizni
rivojlantirib, katta maqsadlarimizga erisha olamiz. Biz doim bir-birimizga
tayanch bo‘lishimiz, har qanday qiyinchilik va sinovlarni yelkama-yelka yengib
o‘tishimiz lozim, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Keyingi
yillarda ikki tomonlama munosabatlarda ulkan o‘zgarishlar ro‘y berib, ularni
O‘zbekiston va Tojikistondagi millionlab odamlar o‘z kundalik hayotida his
etmoqda.
– Bu
O‘zbekiston – Tojikiston munosabatlarining yangi modeli, yangi muhitida o‘z
aksini topmoqda. Eng muhimi, barcha sa’y-harakatlarimiz va amaliy ishlarimiz xalqlarimiz
manfaatlari va orzu-intilishlariga to‘liq mosdir, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz
ikki mamlakat san’at ustalarining bunday konsertlari xalqlarimiz o‘rtasidagi
abadiy va samimiy do‘stlikni ifodalovchi yaxshi an’anaga aylangani, san’at xalqlarni
yaqinlashtirishda muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
– Insonga
turli chegaralar o‘rnatish xos bo‘lsa, san’at chegara bilmaydi, uning buyuk
vazifasi – odamlarni birlashtirish. Mehr-oqibatli bo‘lish, tinch-totuv yashash
– xalqlarimizning azaliy orzusi va samimiy intilishidir. Biz ham, ikki davlat
rahbarlari – o‘rtamizdagi chegaralar bizni ajratishga emas, faqat
birlashtirishga xizmat qilishi uchun bundan buyon ham harakat qilamiz.
Tinchlik
va osoyishtalikni asrash, kelajak avlodlar uchun mamlakatlarimizning barqaror
va izchil taraqqiyotini ta’minlash – umumiy burchimiz, – dedi O‘zbekiston
Prezidenti.
Konsert
dasturida iste’dodli san’atkorlar xalqlarimiz madaniyatining boyligi, o‘ziga
xosligi va shu bilan birga, mushtarakligini namoyish etdilar. Prezident Shavkat
Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
O‘zA
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
11 06 2021 / 16:08