O‘zbekistonda 1
yillik maktabga tayyorlov guruhlari ta’lim dasturini majburiy umumiy o‘rta
ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi. Xususiy bog‘cha
va maktablarga tayyorlov guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
U yerda ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli pedagoglar tomonidan olib
boriladi.
5-fevral kuni O‘zbekiston prezidentning “Maktabgacha ta’lim va tarbiya
tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni
[PF-19] qabul qilindi.
Farmon bilan
bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturini majburiy umumiy
o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi.
Maktabgacha ta’lim tizimida bolalarni tarbiyalash,
rivojlantirish va ularga ta’lim berishni ijobiy munosabatlar orqali amalga
oshirish maqsadida o‘yinga asoslangan ta’lim joriy etiladi.
Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yangi
sifat bosqichiga olib chiqishga qaratilgan va Bolalarni rivojlantirish
innovatsion markazini o‘z ichiga olgan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim
tashkilotlari tarmog‘ini tashkil etiladi.
Farmon bila quyidagilar
belgilandi:
·
bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturlari maktabgacha
ta’lim tashkilotlari, umumiy o‘rta ta’lim maktablari va boshqa ijtimoiy
soha obyektlarida to‘liq yoki qisqa muddatli guruhlarda amalga oshiriladi;
·
maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim xizmatlarini
ko‘rsatuvchi nodavlat ta’lim tashkilotlariga bir yillik maktabga tayyorlov
guruhlarini tashkil etishga ruxsat beriladi.
2027/2028 o‘quv yilidan
boshlab:
·
maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim jarayonlari oliy ma’lumotli
pedagoglar, shuningdek, oliy ta’lim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich
talabalari tomonidan olib boriladi;
·
maktabga tayyorlov guruhlarida ta’lim-tarbiya olgan bolalarga bir yillik
maktabga tayyorlovdan o‘tganlik to‘g‘risida davlat namunasidagi elektron
sertifikat beriladi hamda ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi
shahodatnomada qayd etiladi.
Maktabgacha
va maktab ta’limi vazirligi 2027/2028 o‘quv yiliga qadar bir yillik
maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta
ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritilishini inobatga olgan holda uning
qayta ko‘rib chiqishi kerak.
“Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotlari:
·
2026−2028-yillarda
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida
bittadan tashkil etiladi;
·
davlat maktabgacha
ta’lim tashkiloti sifatida faoliyat olib boradi hamda ilg‘or xorijiy tajribalar
asosida o‘yinga asoslangan ta’lim va tarbiya jarayonlarini amalga
oshiradi;
·
rahbar va pedagog xodimlari, jismoniy tarbiya yo‘riqchisi, musiqa
rahbarlari, psixolog, tarbiyachi yordamchilarining tarif stavkasiga
nisbatan 20 foiz miqdorida Davlat budjetidan har oylik qo‘shimcha
ustama joriy etiladi. Bunda ma’muriy-boshqaruv va pedagog
xodimlar lavozimiga qabul qilish oliy ma’lumotli, yuqori salohiyatli nomzodlar
orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi.
Bolalarni rivojlantirish
innovatsion markazlarida:
·
bolalarning yoshi va rivojlanish bosqichlariga mos ravishda ijod
va san’at, fan va matematika, jismoniy Faollik va sarguzasht,
til va tasavvur hamda robototexnika va ilk algoritmlash
yo‘nalishlarida tematik o‘yingohlar tashkil etiladi;
·
simulyatsion vaziyatlar orqali bolalarda kasblarga qiziqish uyg‘otish,
ekologik madaniyatni shakllantirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim-tarbiya
jarayoni amalga oshiriladi;
·
sohaviy oliygoh, malaka oshirish va ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan
birgalikda ilg‘or pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqish yuzasidan
tadqiqotlar olib boriladi, ularning natijalarini pedagoglar va ota-onalar
o‘rtasida ommalashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi.
“Yangi avlod”
maktabgacha ta’lim tashkilotiga qo‘shimcha ravishda Davlat budjeti mablag‘lari
hisobidan quyidagi lavozimlar kiritiladi:
·
har bir “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotiga 1 ta shtat
birligidan Bolalarni rivojlantirish innovatsion markazi faoliyatini
muvofiqlashtirish bo‘yicha direktor o‘rinbosari;
·
har bir tematik
o‘yingoh uchun 1 ta shtat birligidan iborat tarbiyachi-yo‘riqchi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan kelishgan holda 2026-yil
1-iyulga qadar quyidagilarni ishlab chiqishi kerak:
·
1720 o‘ringa
mo‘ljallangan “Yangi avlod” maktabgacha ta’lim tashkilotining namunaviy
loyihalarini;
·
maktabgacha ta’lim
tashkiloti va umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti bir hududda joylashishini
nazarda tutuvchi namunaviy loyihani.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim
tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha
bakalavrlarni tayyorlash xalqaro tajribalarga mos ravishda takomillashtirilgan
ta’lim dasturlari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, Maktabgacha va maktab ta’limi
vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan
davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat
yuritayotgan o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun tegishli oliy ta’lim
tashkilotlarida dual ta’lim shaklida (bir kun pedagogika oliy ta’lim
tashkilotida, besh kun maktabgacha ta’lim tashkilotida) maktabgacha ta’lim
yo‘nalishida to‘lov-shartnoma asosida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda ta’lim jarayonlarini tashkil etishda talabalarning maktabgacha ta’lim
tashkilotlaridagi amaliy faoliyatini metodik ta’minlash, muvofiqlashtirish
va baholash mexanizmlari joriy etiladi;
Yangi tashkil etilgan davlat maktabgacha ta’lim
tashkilotlariga, birinchi navbatda, oliy ma’lumotli tarbiyachilar ishga qabul
qilinadi. Bunda belgilangan tartibda tasdiqlanadigan nizomga muvofiq
tarbiyachilar tanlov asosida saralab olinadi.
Gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
10 02 2026 / 16:11