O‘zbekiston
ketma-ket oltinchi yil Yevropa Tiklanish va taraqqiyot bankidan eng ko‘p
mablag‘ jalb qilgan davlat bo‘ldi. Bankning O‘zbekistonga 2025 yildagi
investitsiyalari 1 mlrd dollardan oshdi – bu o‘zaro hamkorlik tarixidagi eng
yuqori ko‘rsatkich.
Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki 2025 yilda
O‘zbekistonga 1 mlrd dollardan ortiq sarmoya kiritdi va bu – o‘zaro hamkorlik
tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich. Bu haqda bank tomonidan Kun.uz'ga taqdim
etilgan relizda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston 2025 yilda ham YeTTBdan
eng ko‘p mablag‘ jalb qilgan davlat bo‘lgan. Shu tariqa, ketma-ket 6 yildan
buyon YeTTB O‘zbekistonga eng ko‘p sarmoya kiritib kelmoqda.
YeTTBning O‘zbekistondagi faoliyati uchta asosiy
yo‘nalishni qamrab oladi:
·
barqaror
infratuzilmani yaratish (jami moliyalashtirishning 45 foizidan ortig‘i);
·
kichik va o‘rta
biznes, ayollar va yoshlar tadbirkorligi, iqlim o‘zgarishiga chidamlilik va
resurslardan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan loyihalarni
moliyalashtirish uchun mahalliy banklarga kredit ajratish (39 foiz);
·
xususiy ishlab
chiqaruvchilar va xizmat ko‘rsatuvchilarni qo‘llab-quvvatlash (16 foiz).
Ajratilgan kreditlarning 84 foizi xususiy tadbirkorlik
tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga, salkam 60 foizi esa yashil iqtisodiyotni
rivojlantirishga hissa qo‘shadi.
YeTTB, jumladan, Markaziy Osiyodagi eng yirik – 1 GW
quvvatli quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi (BESS – 1 336
MW/soat) qurilishini moliyalashtirmoqda. Loyiha ACWA Power bilan hamkorlikda
amalga oshirilyapti.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra,
2025 yil 1 oktyabr holatiga O‘zbekistonning YeTTB oldidagi davlat tashqi qarzi
426 mln dollarni tashkil etgan.
Eslatib o‘tamiz, YeTTB 2026 yilda Asakabankning 15
foiz aksiyasini sotib olishi kutilmoqda.
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
11 02 2026 / 11:47