Prezident 903 ta “og‘ir” mahallada kichik quyosh
elektr stansiyalari qurilishini ta’kidlagandi. Ular uchun 230 mln dollar
ajratilishi belgilandi. 1-avgustga qadar ushbu stansiyalarni “og‘ir”
mahallalarda daromad keltiradigan aktiv sifatida ishga tushirish
rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda “og‘ir” mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini
o‘rnatishga jami 230 mln dollar mablag‘ yo‘naltiriladi. Bu prezidentning
5-fevraldagi 2026-yilda hududlarni yangicha yondashuvlar asosida rivojlantirish
orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini yaratish hamda
kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarorida ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda
ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari hamda joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlar asosida
37 ta og‘ir toifadagi tuman va kambag‘allik darajasi yuqori bo‘lgan 903
ta “og‘ir” mahalla tanlab olindi.
Vazirlar Mahkamasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi
va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda mazkur
mahallalarning manzilli ro‘yxatini tasdiqlaydi. Shuningdek, bir oy ichida
mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratilgan islohot dasturlari
ishlab chiqilib, tegishli kengashlarga kiritiladi.
Dasturlarda aholi tomorqalari va ijara yerlaridan samarali
foydalanish, sug‘orish tizimlarini yaxshilash, tadbirkorlik uchun
infratuzilmani rivojlantirish, elektr va muhandislik-kommunikatsiya
tarmoqlarini yaxshilash, shuningdek, mahallalarni tuman markazlari va qo‘shni
hududlar bilan bog‘lovchi yo‘llarni rekonstruksiya qilish nazarda tutiladi.
Har bir “og‘ir” mahallada
amalga oshiriladigan islohot dasturlarini moliyalashtirishda mahalliy budjetdan
ajratilgan har 1 mlrd so‘m uchun respublika budjetidan qo‘shimcha 2 mlrd so‘m
ajratiladi.
Energetika vazirligi Energiya samaradorligi milliy agentligi hamda
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda 2026-yil
1-mayga qadar chuqur ixtisoslashgan 1 mingta mahallada quvvati 300−500 kVt
bo‘lgan kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish va ularni 7 yil
muddatga imtiyozli shartlarda lizingga berish bo‘yicha takliflarni Vazirlar
Mahkamasiga kiritadi.
Shuningdek, 2026-yil 1-avgustga qadar ushbu stansiyalarni “og‘ir”
mahallalarda daromad keltiradigan aktiv sifatida ishga tushirish
rejalashtirilgan.
Kichik quyosh elektr stansiyalarini qurish va ijtimoiy reyestrdagi
oilalar uylarini “yashil” ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun Tiklanish
va taraqqiyot jamg‘armasi Energetika vazirligiga 110 mln dollar miqdorida
foizsiz va qaytarilmaydigan mablag‘ ajratadi. Bundan tashqari, Investitsiyalar,
sanoat va savdo vazirligi chuqur ixtisoslashgan 1 mingta mahallada kichik
quyosh elektr stansiyalarini barpo etish uchun xalqaro moliya institutlaridan
120 mln dollar jalb qilish bo‘yicha taklif kiritadi. Shu tariqa, “og‘ir”
mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatishga jami 230 mln
dollar mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari
“og‘ir” tumanlarning ixtisoslashuvi va infratuzilmaviy imkoniyatlaridan
kelib chiqqan holda kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqadi. Ularda
sanoat zonalarini kengaytirish, irrigatsiya tarmoqlarini yaxshilash, yo‘l infratuzilmasini
rivojlantirish va mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga
qaratilgan loyihalar qamrab olinadi.
Mazkur dasturlarni amalga oshirishda mahalliy budjetdan ajratilgan har 1
mlrd so‘m uchun respublika budjetidan 5 mlrd so‘m ajratiladi. Bunda bir tuman
uchun respublika budjetidan ajratiladigan mablag‘ 50 mlrd so‘mdan oshmaydi.
Prezident 23-yanvar kuni kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini
ta’minlash bo‘yicha 2026-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy
vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida 903 ta “og‘ir” mahallaning
har birida 300 kilovattli kichik quyosh stansiyalari qurilib, mahallaga
beg‘araz aktiv sifatida berilishini ma’lum qilgan edi. Shu bilan 400−500 mln so‘m qo‘shimcha daromad keltiradigan aktiv
paydo bo‘lishi, pullar “yashil” chora-tadbirlarni amalga oshirishga sarflanishi
aytilgan edi.
Gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 02 2026 / 14:47