1-martdan “og‘ir” tumanlarda oilaviy tadbirkorlik
uchun ajratiladigan kreditlar foizi yillik 12% gacha pasaytiriladi. O‘zini o‘zi
band qilganlarga biznes boshlash uchun 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar
beriladi. Kreditlar hisobidan tovar-xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi
bekor qilinadi.
1-martdan boshlab 37 ta “og‘ir” toifadagi tumanda oilaviy tadbirkorlik
dasturlari doirasidagi ajratiladigan kreditlar foizi yillik 12 foizgacha
pasaytiriladi. Bu prezidentning hududlarni yangicha yondashuvlar asosida
rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish, barqaror ish o‘rinlarini
yaratish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan qarorida ko‘zda
tutilgan.
Hujjatda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida mahalla darajasidagi
biznes loyihalarni moliyalashtirishni oshirish ko‘zda tutilgan. Kreditlarning
eng yuqori miqdorlari oshiriladi, ularning hisobidan tovarlar
va xizmatlarni oldindan yetkazib berish talabi bekor qilinadi.
Mahallalarda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan
(o‘zini o‘zi band qilgan) shaxslarga garov ta’minotisiz ajratiladigan kreditlar
miqdori 50 mln so‘mgacha oshiriladi.
Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallada turizm
va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z
faoliyatini kengaytirish uchun 1 mlrd so‘mgacha mablag‘ olishlari mumkin
bo‘ladi. Bunda ular har 200 mln so‘m uchun kamida bitta ish o‘rni yaratish
talabi mavjud.
Turizm salohiyati yuqori bo‘lgan mahallalarda mehmon uylarini tashkil
etish, shuningdek, ixtisoslashuvi 50 foizdan yuqori mahallalarda mahsulotlarni
saqlash va qayta ishlash bo‘yicha kichik majmualar tashkil etish uchun 150 mln
so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi. Bundan tashqari, naslli qoramol
va tuya sotib olish uchun 100 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
1-martdan “mahalla
loyihasi” dasturlari doirasida mahallalarning ixtisoslashuvini chuqurlashtirish
maqsadida ajratilgan kreditlar bo‘yicha foiz to‘lovlarining bir qismini
kompensatsiya qilish uchun Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga 1,2 trln
so‘m ajratiladi hamda kompensatsiya quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
·
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish loyihalari bo‘yicha kreditlar
uchun — 4 foizli band;
·
qo‘shilgan qiymat yaratishga yo‘naltirilgan qayta ishlash loyihalari
bo‘yicha kreditlar uchun — 6 foizli band.
Tajribali dehqonlar o‘z
mahallasidagi 10 ta xonadonni yuqori daromadli mahsulot yetishtirishga
ixtisoslashtirgani uchun 2 mln so‘m subsidiya oladi. 30 foiz xonadon
ixtisoslashsa, qo‘shimcha 75 mln so‘m beriladi.
Suv ta’minoti qiyin
bo‘lgan hududlardagi dehqonlarga tomorqa va ijaraga olingan yerlarni
sug‘orish uchun quduq qazish, shuningdek, kamida 10 kVt/soat quvvatga ega
quyosh panellarini o‘rnatish xarajatlarining 70 foiz (200 mln so‘mdan oshmagan)
qismi qoplab beriladi.
Shuningdek, bog‘lar barpo etish va qayta qurish uchun subsidiyalarning
yangi turlari joriy etilmoqda. Tomchilatib sug‘orishni joriy etish va har bir
sotixdan yomg‘ir suvini yig‘ish uchun to‘lov 160 ming so‘mgacha bo‘ladi.
Bundan tashqari, sertifikatlangan mevali daraxt ko‘chatlari va ularga
tirgovuchlar xarajatining 50 foizi dehqonlarga qoplab beriladi. Meva turiga
qarab, bitta ko‘chat uchun eng ko‘p subsidiya 30 ming so‘m va tirgovuch
uchun 70 ming so‘mni tashkil etadi.
Avvalroq “og‘ir”
mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini o‘rnatishga jami 230 mln
dollar mablag‘ yo‘naltirilishi haqida yozgan edik.
Kichik quyosh elektr
stansiyalarini qurish va ijtimoiy reyestrdagi oilalar uylarini “yashil”
ta’mirlash ishlarini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot
jamg‘armasi Energetika vazirligiga 110 mln dollar miqdorida foizsiz va
qaytarilmaydigan mablag‘ ajratadi.
Bundan tashqari,
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi chuqur ixtisoslashgan mingta
mahallada kichik quyosh elektr stansiyalarini barpo etish uchun xalqaro moliya
institutlaridan 120 mln dollar jalb qilish bo‘yicha taklif kiritadi.
Shu tariqa, “og‘ir” mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalarini
o‘rnatishga jami 230 mln dollar mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.
Gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
12 02 2026 / 14:57