Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekistonda Milliy koordinatalar tizimi joriy etiladi



Ulashing :


2026-yil 1-sentabrgacha axborot tizimi ishga tushirilib, 2030-yildan faqat milliy bazaga kiritilgan koordinatalardan foydalaniladi. Bu geodeziya, kadastr va xaritalarni yagona standartga o‘tkazadi.

O‘zbekiston hududida Milliy koordinatalar tizimi joriy etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 10-fevraldagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Qarorga muvofiq, mamlakatda geodeziya, kartografiya va kadastr sohalarida yagona koordinatalar tizimini joriy qilish, ma’lumotlar bazasini shakllantirish va undan foydalanish tartibi belgilandi.

Hujjat talablari davlat organlari, xo‘jalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlar uchun majburiy hisoblanadi. Milliy koordinatalar tizimi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va yuritish Kadastr agentligi zimmasiga yuklatildi. Kadastr agentligi uch oy muddatda Milliy koordinatalar tizimi ma’lumotlar bazasini shakllantirish va uning veb-sahifasini ishlab chiqish bo‘yicha texnik topshiriqni tasdiqlashi, 2026-yil 1-sentabrga qadar axborot tizimini to‘liq ishga tushirishi kerak.

Davlat organlari va tashkilotlar 2030-yil 1-yanvarga qadar amalda foydalanilayotgan barcha koordinata tizimlarini mazkur bazaga kiritishni ta’minlaydi. Shu sanadan boshlab faqat Milliy koordinatalar tizimiga kiritilgan ma’lumotlardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Hujjat bilan 2017-yilda qabul qilingan “O‘zbekiston hududida xalqaro geodeziya koordinata tizimlarini qo‘llash va ulardan ochiq foydalanish to‘g‘risida”gi qaror o‘z kuchini yo‘qotgan deb topildi.

Milliy koordinatalar tizimi O‘zbekiston Respublikasida bajariladigan geodeziya va kartografiya faoliyatiga oid ishlarni xalqaro normalar talablariga muvofiqlashtirish, barcha geofazoviy ma’lumotlarni yagona koordinatalar tizimida integratsiya qilish, ularni aniq va ishonchli boshqarish, geodeziya, kartografiya hamda navigatsiya sohalarida geodeziya o‘lchovlarini tartibga solish, shuningdek, Milliy koordinatalar tizimi ma’lumotlar bazasini shakllantirish maqsadida ishlab chiqiladi.

Ushbu tizim Milliy geodeziya referens datumi, Yer gravitatsiya maydoni modeli, davlat geodeziya tarmog‘i punktlari va ma’lumotlar bazasidan iborat bo‘ladi.

Milliy koordinatalar tizimining boshlang‘ich nol nuqtasi Samarqand viloyati Samarqand shahridagi Cho‘ponota tepaligida joylashgan Davlat geodeziya punkti hisoblanadi. U O‘zbekiston Milliy koordinatalar tizimi uchun bosh geodeziya tayanch punkti hisoblanadi.

Qarorga ko‘ra, geoaxborot tizimlari, topografik xaritalar va rejalar yangi Milliy koordinatalar tizimiga bosqichma-bosqich transformatsiya qilinadi. Davlat xaritalari belgilangan davriylikda yangilanadi.

Shuningdek, davlat axborot resurslari va kartografiya materiallari UZREF24 proyeksiyalangan koordinatalar tizimi asosida ishlab chiqiladi.

Qaror ijrosi ustidan nazorat Bosh vazir o‘rinbosarlari zimmasiga yuklatildi. Milliy koordinatalar tizimi talablarini buzgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududida Milliy koordinatalar tizimini joriy etish prezidentning 2022-yilgi qarorida belgilangan bo‘lib, 2023 — 2026-yillarda davlat kadastrlari, geodeziya va kartografiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasiga kiritilgan edi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

13 02 2026 / 12:16