Tadbirkorlardan
biri eksportdagi transport xarajatlarini qoplab berishni so‘radi. Bosh vazir
o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev bunday imtiyoz Jahon savdo tashkiloti qoidalariga
zidligini aytib, tashkilot qoidalariga mos keladigan boshqa choralarni ko‘zda
tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilayotganini aytdi. “Kutib turinglar, biz boshqacha
qo‘llab-quvvatlov yo‘llarini albatta joriy etamiz”, dedi u.
O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev
boshchiligidagi hukumat komissiyasining tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq
muloqoti 14 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Unda
meva-sabzavoti va oziq-ovqat eksportchilarining murojaatlari tinglandi.
Muloqotda Samarqand viloyatidagi “Tina Agro Narpay”
MChJ ta’sischisi Ahror Abdujalilov so‘z olib, O‘zbekiston dengizdan uzoqda joylashgani
uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilar xorijiy bozorlarda raqobat qilishga
qiynalayotgani, chunki transport xarajatlari qimmatligini aytib, transport
subsidiyalarini ajratishni so‘radi.
Jamshid Xo‘jayev bunday chora Jahon savdo tashkiloti
qoidalariga zidligini eslatib, hukumat qo‘llab-quvvatlashning boshqacha
yo‘llarini izlayotganini aytdi.
“O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish
jarayonida. Boshqa eksportyorlarimizga ham bitta narsani eslatib qo‘ymoqchiman:
eksport jarayonida transport xarajatlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat tomonidan
qoplab berish – JSTdagi haqqoniy raqobat qonun-qoidalariga umuman zid. Shuning
uchun, prezidentimiz topshiriq berganlar, qaror loyihasi: nafaqat
eksportchilarga, umuman ishlab chiqaruvchilarga, ayniqsa oziq-ovqat ishlab
chiqaruvchilarga qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari tayyorlanmoqda.
Bunda siz aytayotgan transport xarajatlari emas,
boshqa qonuniy, [JST qoidalariga] to‘g‘ri keladigan yo‘llar bilan
qo‘llab-quvvatlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Men to‘g‘ri tushunishinglarni iltimos qilaman: boshqa
davlatlardagi tariflarni, to‘siqlarni olib tashlashni bizdan so‘raysizlar,
lekin bu to‘siqlarni olishning eng oson, eng to‘g‘ri yo‘li – JSTga qo‘shilish”.
Xo‘jayev so‘zining yakunida ishlab chiqaruvchilarga
va’da berdi:
“Hurmatli ishlab chiqaruvchilarimiz, kutib turinglar,
biz boshqacha qo‘llab-quvvatlov yo‘llarini albatta joriy etamiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish
yo‘lida eksportyorlarga transport xarajatlarini qisman qoplab berishga oid
imtiyozlarni 2025 yil 1 yanvardan bekor qilgan.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 02 2026 / 12:00