Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

G‘oyadan eksportgacha: O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etiladi



Ulashing :


Prezidentning 11-fevraldagi qarori bilan O‘zbekistonda startaplarni qo‘llab-quvvatlashning to‘rt bosqichli ekotizimi joriy etiladi. Hujjat startap g‘oyalarini shakllantirishdan tortib, ularni ishga tushirish va xorijiy bozorlarga chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq tizimni nazarda tutadi.

Prezident qaroriga muvofiq, mamlakatda startap g‘oyalarini aniqlashdan boshlab, ularni masshtablashtirishgacha bo‘lgan bosqichlarni qamrab oluvchi kompleks ekotizim yo‘lga qo‘yiladi. 2030-yilgacha startaplar sonini 5 mingtaga yetkazish, venchur investitsiyalar hajmini 2 mlrd dollargacha oshirish va 20 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.

Hujjat startaplarni rivojlantirishni to‘rt bosqichga — g‘oyani shakllantirish, loyihani ishlab chiqish, ishga tushirish va masshtablashtirishga (eksport qilish) ajratadi.

Maktab va kollejlarda startap g‘oyalari shakllantiriladi

2026/2027 o‘quv yilidan boshlab maktablarning 9−11-sinflari hamda o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari uchun har oyda kamida 2 marotaba startap g‘oyalarni yaratishga qaratilgan “Mohirlik va biznes soati” tadbirlari o‘tkaziladi. O‘quvchilar o‘rtasida “Eng yaxshi startap g‘oyasi” tanlovi tashkil qilinib, g‘oliblarga tuman darajasida 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichida 10 mln so‘mgacha mukofot beriladi.

Shuningdek, ta’lim muassasalarida yaratilgan mahsulotlarni marketpleyslar orqali sotish amaliyoti joriy etiladi.

2026-yil 1-apreldan davlat organlari o‘z sohasidagi muammolarni kraudsorsing orqali startaplarga taklif qiladi, har oy “Startap kuni” uchrashuvlari o‘tkaziladi.

Grantlar, tanlovlar va ilk moliyalashtirish

2026-yildan har yili davlat oliy ta’lim tashkilotlarida “Eng innovatsion g‘oya” respublika tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga 100 mln so‘mdan grant ajratiladi. Respublika bosqichi uchun mukofot jamg‘armasi 10 mlrd so‘m etib belgilangan.

Eng yaxshi g‘oyalar (ideatonlar) va IT yechimlar (xakatonlar) g‘oliblariga:

· 20 ming dollargacha konvertatsiyalanadigan qarz,

· raqamli texnologiyalar yo‘nalishidagi startaplarga “Raqamli startaplar” dasturi doirasida 10 ming dollargacha grant berilishi mumkin.

Universitetlar va texnoparklarda infratuzilma yaratiladi

2027-yildan OTMlar va yoshlar texnoparklarida hamda Nurafshon shahrida laboratoriya, raqamli infratuzilma va kovorkinglarga ega tadqiqot va ishlanma markazlari (R&D center) tashkil etiladi. Yiliga 10 tagacha istiqbolli loyihalar uchun namunaviy model (MVP) yaratish xarajatlarining 50 foizigacha qismi (50 ming dollargacha) qoplab beriladi.

“Oliygohlar — startaplar generatori” dasturi doirasida talabalar akseleratorlari, stajirovka va almashinuv dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. OTMlarga talabalar va ilmiy xodimlarning istiqbolli startap loyihalariga inkubatsiya markazlari va talabalar akseleratorlari orqali har bir loyihaga 20 ming dollargacha ekvivalentda o‘z mablag‘larini investitsiya qilish huquqi beriladi.

Yoshlar startaplari va biznes loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi

2026-yildan boshlab har yili yoshlarning eng yaxshi biznes va startap loyihalarini aniqlash va rag‘batlantirish bo‘yicha “Yosh tadbirkorlar” chempionati o‘tkaziladi. G‘oliblarning 100 tagacha loyihasiga (har biriga) 1 mlrd so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Loyihalarni brendga aylantirish uchun marketing va konsalting xizmatlari ham moliyalashtiriladi (BHMning 100 baravarigacha miqdorda).

Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish davlat maqsadli jamg‘armasi kengashi chempionat g‘oliblarini davlat mukofotlari, “Faol tadbirkor” va “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishonlariga tavsiya etish uchun vakolatli organlarga takliflar kiritadi.

Startaplarni ishga tushirish uchun imtiyozlar

2026-yil 1-apreldan boshlab “Raqamli startaplar” dasturida ishtirok etuvchi startap loyihalarga IT-park rezidenti maqomi beriladi hamda ularga qonunchilikda belgilangan eksportning minimal ko‘rsatkichlari talabisiz tegishli imtiyoz va preferensiyalardan foydalanishga ruxsat beriladi.

Startap ekotizimining yagona elektron platformasida ro‘yxatdan o‘tgan ishtirokchilar uchun tegishli yo‘nalishlardagi o‘quv kurslarida o‘qish va sertifikat olish hamda nufuzli akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizigacha bo‘lgan qismi 20 ming dollardan oshmagan miqdorda qoplab beriladi. Startap studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya markazlarini tashkil etish uchun yiliga 20 tagacha loyihaga 1 yil imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga 5 milliard so‘mgacha foizsiz qarz (ssuda) ajratiladi.

Shuningdek, mahalliy inkubatsiya yoki akseleratsiya dasturlarida ishtirok etish bilan bog‘liq badal to‘lovlari uchun oyma-oy ajratiladigan va umumiy miqdori BHMning 100 baravaridan oshmagan grant beriladi.

Hududlarda hokimlar rahbarligida startap klublari tashkil qilinib, tashabbuskorlarga amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Eksport va xalqaro bozorlarga chiqish

2026-yildan boshlab har yili “Startap ekspo” ko‘rgazmasi o‘tkazilib, startap loyihalar tashabbuskorlarining g‘oyalari va mahsulotlari investorlar, venchur jamg‘armalar, yirik korxonalar, davlat idoralari va oliy ta’lim tashkilotlariga taqdimot qilinadi.

Platformadagi muvaffaqiyatli startaplar davlat xaridlarida ishtirok etganda, shartnoma summasi 500 mln so‘mgacha bo‘lsa — 50%, undan yuqori bo‘lsa — 30% qismi oldindan to‘lab beriladi.

Platformadagi muvaffaqiyatli startaplarga xorijda kompaniya yoki filial ochish uchun yiliga 500 ming dollargacha mablag‘ni alohida qarorsiz xorijiy hisob raqamlarga o‘tkazishga ruxsat beriladi. Shuningdek, ular uchun vizalarni yengillashtirish bo‘yicha muzokaralar olib boriladi.

Moliyalashtirish va nazorat

2026−2027-yillarda startap ekotizimini rivojlantirish uchun jami 160 mln dollar va 130 mlrd so‘m yo‘naltiriladi. Mablag‘lar Jahon banki, venchur jamg‘armalar va davlat fondlari orqali ajratiladi.

Qaror ijrosi uchun bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov mas’ul etib belgilangan, umumiy nazorat esa bosh vazir Abdulla Aripov zimmasiga yuklangan.

kun.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

16 02 2026 / 15:27