Prezident tashrifidan so‘ng…
Zamonaviy aloqa vositalaridan tortib, jamoat transportidagi
raqamli to‘lov tizimlarigacha – barchasi elektrotexnika sohasidagi yuqori
texnologik yechimlar samarasidir. Ushbu qurilmalarning boshqaruv markazi
bo‘lgan mikroprotsessorlar jarayonlarni avtomatlashtirish orqali
kundalik hayotimizda qulaylik va xavfsizlikni ta’minlamoqda.
Bunday mahsulotlar
aynan mamlakatimizda ham ishlab chiqarilayotgani esa strategik ahamiyat kasb
etadi. Shu ma’noda import hajmini qisqartirish, ichki bozorni raqobatbardosh
mahsulotlar bilan ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirish ustuvor
vazifalardan biriga aylandi.
Prezident Shavkat
Mirziyoyev 13-fevral kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumaniga tashrifi
doirasida “Vades Group” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan mikroprotsessor
modullari ishlab chiqarish loyihasi bilan ham tanishdi.
Mazkur korxonada
identifikatsiya uchun mo‘ljallangan mikroprotsessor modullari, sim-kartalar,
shuningdek, transport, ijtimoiy va xalqaro to‘lov kartalarini ishlab chiqarish
yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha Germaniyaning eng yirik yarim o‘tkazgichlar ishlab
chiqaruvchisi “Infineon technologies” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga
oshirilmoqda.
“Vades Group”
kompaniyasi ta’sischisi Igor Li mamlakatimizda tadbirkorlarga yaratilayotgan
sharoitlar korxona faoliyatiga sezilarli turtki berganini alohida ta’kidladi.
– Sohaga berilayotgan
e’tibor, qabul qilingan muhim qarorlar va “Infineon technologies” kabi yirik
xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik bizga katta ishonch berdi, – dedi Igor Li.
– Endi mahsulotimizni faqat O‘zbekiston bozori uchun emas, balki butun dunyo
uchun ishlab chiqarish imkoniyatiga egamiz. Bir yil ichida Qozog‘iston,
Tojikiston, Qirg‘iziston, Mozambik va Kambodja kabi qator davlatlar bozoriga
kirishga erishdik. Bu esa ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish,
korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlash va eksport salohiyatini
oshirishga xizmat qiladi.
Mutaxassislar fikricha, bunday loyihalar davlat siyosati va xususiy sektor
hamkorligining amaliy natijasidir. Ya’ni, qabul qilinayotgan strategik qarorlar
real ishlab chiqarish quvvatlari, yangi bozorlar va yuqori qo‘shilgan qiymatli
mahsulotlar ko‘rinishida o‘z ifodasini topmoqda. Bu esa elektrotexnika
sanoatini iqtisodiyotning drayver tarmoqlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi
muhim qadam hisoblanadi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2025-yil davomida
mamlakatimizga 35 million dollarlik mikroprotsessor modullari, sim-kartalar va
turli to‘lov kartalari import qilingan.
Mazkur
korxona to‘liq ishga tushishi hisobiga 5 million dollarlik import o‘rnini
bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, bozordagi tannarx uch-besh foizga
pasayishi kutilyapti.
Loyiha nafaqat yuqori
texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi, balki aholining
bandligini oshirishga ham xizmat qiladi. Shu bilan birga, zamonaviy korxonalar mahalliy kadrlar
salohiyatini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Loyiha doirasida 4 gektar maydonni egallagan zamonaviy majmuada 100 ga yaqin
yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
– Ilgari bunday mahsulotlar mamlakatimizga asosan import qilingan bo‘lsa,
endilikda ularni o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi, – dedi “Vades
Group” korxonasining tijorat bo‘limi boshlig‘i Muzaffar Hoshimov. – Bu valyuta
mablag‘larini tejash, ichki bozorni sifatli va raqobatbardosh mahsulotlar bilan
ta’minlash, shuningdek, eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi. Bundan
tashqari, zamonaviy texnologiyalar asosida yo‘lga qo‘yilayotgan ishlab
chiqarish jarayonlari mahalliy mutaxassislar malakasini oshirish, xalqaro
standartlarga mos mahsulot tayyorlash va mintaqaviy bozorda mustahkam o‘rin
egallash imkonini beradi.
Davlatimiz rahbari korxonaga tashrif buyurganida bu yerdagi ishlab
chiqarish jarayonlari, istiqboldagi rejalar haqida ma’lumotlar taqdim etdik.
O‘z o‘rnida faoliyatimizni yanada jonlantirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar
oldik.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA muxbiri
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 02 2026 / 11:32