O‘zbekiston – AQSh strategik sheriklik munosabatlari,
eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida barqaror sur’atda
rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.
O‘zaro savdoni ko‘paytirish bo‘yicha
chora-tadbirlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar mamnuniyat bilan qayd
etildi. O‘tgan
yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi.
O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini
yakuniga yetkazishga oid masalalarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish va AQSh
tomonidan ushbu jarayonlarni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor
qaratildi.
Mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, texnik
tartibga solish va raqamli savdoga oid mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqish
maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSh o‘rtasidagi Savdo va
investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim (TIFA) doirasida hamkorlikni
faollashtirish taklifi bildirildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti AQSh savdo
vakili Jyeymison Grirni joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent
xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyev Vashington shahriga tashrifning
ishbilarmonlik dasturi doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolashga
bag‘ishlangan marosim va qo‘shma loyihalar taqdimotida ham ishtirok etdi.
Tadbirda AQSh hukumati va moliya institutlari
vakillari – savdo vakili Jyeymison Grir, Prezidentning maxsus vakili Paolo
Zampolli, Eksimbank prezidenti va raisi Jon Yovanovich, AQSh – O‘zbekiston
savdo palatasi raisi Kerolin Lemm, shuningdek, “Traxys”, “Valmont Industries”,
“Gulf Oil”, “Avigen Broiler Breeding Group”, “John Deere”, “BlackRock Financial
Markets Advisory”, “Oppenheimer” va boshqa yetakchi kompaniyalar rahbarlari
ishtirok etdi.
Videoaloqa
orqali uchrashuvda O‘zbekiston hududlari rahbarlari ham qatnashdi.
Shavkat
Mirziyoyev o‘z nutqida yangi, amaliy formatda o‘tayotgan ushbu uchrashuv bundan
avvalgi davra suhbatining mantiqiy davomi hamda iqtisodiy sheriklik strategik
ishonch va o‘zaro manfaatdorlik ruhida yuksak darajaga ko‘tarilayotganining
ifodasi ekanini ta’kidladi.
–
Bugungi kunda sheriklar ishonchli, qoidalar aniq-ravshan, hamkorlik esa uzoq
muddatli bo‘lishi yetakchi o‘ringa chiqmoqda. Biz Amerika Qo‘shma Shtatlari
bilan hamkorligimizni aynan shu mantiq asosida qurmoqdamiz, – dedi Prezident.
Mamlakatimiz
ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining muhim yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tildi.
Davlatimiz
rahbari iqtisodiyot O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklikning
asosiy tayanch nuqtalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Qo‘shma
Shtatlar bilan hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari qatorida o‘ta muhim
xomashyo, neft-kimyo, energetika, qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va boshqa
tarmoqlar ko‘rsatib o‘tildi. AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi
va Eksimbankining bitimlarga hamrohlik qilishda doimiy hamkorlar sifatidagi
roli ortib borayotgani alohida qayd etildi.
Qo‘shma Ishbilarmonlik va investitsiya kengashining
salohiyatidan faol foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Hududlararo aloqalarni mustahkamlash doirasida O‘zbekiston
hududlari rahbarlarining AQShning hamkor shtatlariga tashriflarini tashkil
etish topshirildi.
Davlat rahbari huzurida yoqilg‘i quyish shoxobchalari
tarmog‘ini qurish, yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish, muhim
minerallarni qazib olish va yetkazib berish, parrandachilik klasterini tashkil
etish, agrosanoat, moliya bozorini rivojlantirish hamda investitsiya muhitini
yaxshilash bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Д.Абдуқодиров, кун.уз
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
19 02 2026 / 10:48