Prezidentning 16.02.2026 yildagi "Mamlakat
taraqqiyotining 2030 yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida
islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning
qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi PF-21-son Farmoni qabul qilindi.
Eslatib oʻtamiz, "Oʻzbekiston - 2030" strategiyasida (11.09.2023 y.) mamlakatni oʻrta muddatli istiqbolda rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari, maqsadlari, shuningdek, ularga erishish samaradorligi koʻrsatkichlari belgilangan. Uning zamonaviy umumjahon tendensiyalari, global oʻzgarishlar va yangi chaqiriqlar bilan uygʻunligini ta’minlash uchun hujjatda quyidagilar zarurligi belgilangan:
·
"Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar
va mavjud muammolarni hisobga olgan holda real sharoitlarga mos keladigan,
oʻlchanadigan va baholanadigan samaradorlik koʻrsatkichlarini belgilash;
·
oʻrta muddatli istiqbolga moʻljallangan maqsadlarning samaradorlik
koʻrsatkichlarini yangilash;
·
Strategiya maqsadlariga erishish monitoringini toʻliq raqamlashtirish;
·
soha, tarmoq va hududlarni rivojlantirish boʻyicha strategik rejalashtirish
hujjatlarini "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasiga muvofiqlashtirish.
Quyidagilar tasdiqlandi:
• 2023-2025 yillarda erishilgan samaradorlik
koʻrsatkichlari va oʻtkazilgan baholash natijalari asosida yangilangan
2026-2030 yillarga moʻljallangan "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi;
• "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi
maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlarini shakllantirishning aхborot manbalari;
"Oʻzbekiston – 2030" strategiyasini
amalga oshirish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi.
"Oʻzbekiston – 2030"
strategiyasi maqsadlarining samaradorlik koʻrsatkichlariga erishish monitoringi
Strategik rejalashtirish va rivojlanishning raqamli platformasida yillar
kesimida ortib borish tamoyili asosida olib borilmoqda.
Samaradorlikning maqsadli koʻrsatkichlariga
erishish holati quyidagi toifalarga boʻlinadi:
• "yashil" – tegishli samaradorlik
koʻrsatkichlariga oʻz vaqtida va toʻliq erishish;
• "sariq"– tegishli samaradorlik
koʻrsatkichlariga erishishda qoloqliklar mavjud, biroq ularni bartaraf etish
imkoniyati mavjud;
• "qizil" – samaradorlik
koʻrsatkichlariga erishishda jiddiy ortda qolishlar mavjud yoki ularga umuman
erishilmagan.
Bunda:
• "yashil" toifaga kiritilgan
samaradorlik koʻrsatkichlari uchun mas’ul boʻlgan idoralarga nisbatan
ragʻbatlantirish choralari qoʻllaniladi;
• "sariq" toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlariga
erishishda mavjud qoloqlik sabablari boʻyicha tahlil oʻtkaziladi va ularni
bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur
choralar koʻrish toʻgʻrisida koʻrsatma beriladi;
• "qizil" toifaga kiritilgan samaradorlik koʻrsatkichlari uchun
mas’ul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisida tanqidiy koʻrib
chiqilishi lozim.
Hujjat bilan quyidagi roʻyхatlar
tasdiqlandi:
• "Oʻzbekiston – 2030" strategiyasi
doirasida 2026 yilda ishlab chiqiladigan, shuningdek, yangi tahrirda ishlab
chiqiladigan strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalari;
• "Oʻzbekiston – 2030"
strategiyasining maqsadlari va samaradorlik koʻrsatkichlariga muvofiq qayta
koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan konsepsiyalar va strategiyalar.
Kelgusida tahliliy markazlar va
ilmiy-tadqiqot muassasalari strategik rejalashtirish hujjatlari loyihalarini
ilmiy asoslanganligi boʻyicha kompleks tahlil qiladi, shuningdek, sohalar,
tarmoqlar va hududlarning tizimli muammolari, хavf-хatarlari va oʻsish nuqtalarini aniqlaydi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy
bazasida e’lon qilingan va 17.02.2026 yildan kuchga kirdi.
Lola Abduazimova
Podrobneye: https://www.norma.uz/oz/qonunchilikda_yangi/uzbekiston_-_2030_strategiyasi_yangilandi
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
20 02 2026 / 12:29