Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda



Ulashing :


O‘zbekiston prezidenti qishloq xo‘jaligiga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish maqsad qilingani aytildi. Buning uchun 2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi xarid qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini maxsus texnika bilan ta’minlash hamda sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasi 81 foizni tashkil etmoqda. O‘tgan mavsumda 2,1 million tonna paxta mashina yordamida yig‘ib olingan. Buning hisobiga keyingi besh yilda qo‘l mehnati 1,8 barobar qisqardi.

Taqdimotda paxtani mashinada terish ulushini kamida 70 foizga yetkazish maqsad qilingani aytildi. Buning uchun 2026-yilda 800 ta paxta terish mashinasi, shuningdek, 6 mingta seyalka, traktor va kombayn xarid qilinishi rejalashtirilgan. Umuman, yil davomida 10 mingta yangi texnika xarid qilinib, qishloq xo‘jaligi texnikalari parki 292 mingtaga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi texnikalarni fermerlarga qulay shartlarda lizingga berish maqsadida xalqaro moliya institutlaridan 400 million dollar jalb qilinadi. Texnikalar milliy valyutada 2 yillik imtiyozli davr bilan 10 yilga 18 foiz stavkada berilib, kredit stavkasining 8 foizi budjet hisobidan qoplab beriladi.

Taqdimotda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirish, mahalliy ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishni kengaytirish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

2026−2028-yillarda mahalliy ishlab chiqariladigan texnika va agregatlar hajmini 5 barobarga, mahalliylashtirish darajasini qo‘shimcha 10 foizga oshirish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, 2026-yilda ishlab chiqarish 6 ming donagacha yetkazilishi, 2028-yilga qadar mahalliylashtirish ko‘rsatkichi o‘ziyurar texnikada 30−35 foizga, osma va tirkamali texnikada 60−65 foizga chiqarilishi rejalashtirilgan.

Texnika va agregatlarni sotib olishda subsidiyalashning amaldagi tizimini mahalliylashtirish darajasi 25 foizdan yuqori bo‘lgan texnikaga tatbiq etilmoqda. Taqdimotda talab yuqori bo‘lgan 3 turdagi import texnika bo‘yicha ham subsidiya ajratishni yo‘lga qo‘yish taklif qilindi. Umuman, 2026-yilda texnika qiymatining 15 foizini qoplash uchun 660 milliard so‘m subsidiya yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Taqdimotda Toshkent traktor zavodi faoliyatini sog‘lomlashtirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari ham ko‘rib chiqildi.

Sohada zamonaviy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy qilish borasidagi ishlar ham taqdimot qilindi.

2025-yilda “Agrobank” ATB tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 1,6 trillion so‘mlik kreditlar ajratilgan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkichni 3,9 trillion so‘mga yetkazish ko‘zda tutilgan. Kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish natijasida kredit ajratish muddati 3 kundan 3 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, mijozlarga kompleks qishloq xo‘jaligi xizmatlari ko‘rsatiladi. Bunda har bir hududda bittadan agroxizmat zonalari tashkil etiladi va ularda qishloq xo‘jaligi agenti faoliyat yuritadi. Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning o‘zida bank, konsalting, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish xizmatlari, agronom maslahatidan foydalanishlari, o‘quv kurslari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.

Bankning chorvachilik va mevachilikda, suvni sarfini “aqlli” boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha pilot loyihalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligida startaplarni moliyalashtirish maqsadida ustav kapitali 100 milliard so‘mlik yangi venchur kompaniyasini ta’sis etish borasidagi rejalari ham ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari takliflarni ma’qullab, qishloq xo‘jaligida mexanizatsiya darajasini yanada oshirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga bir qator ko‘rsatmalar berdi.

Paxta terimini mexanizatsiyalash bo‘yicha rejalar

2013-yilning oktabrida o‘sha paytda bosh vazir lavozimida faoliyat yuritgan Shavkat Mirziyoyev 2016-yilga kelib paxta terimining mexanizatsiyasini 80−90%ga yetkazish rejalashtirilganini ta’kidlagan edi.

2017-yil oktabr oyida sobiq bosh vazir o‘rinbosari va “O‘zagrotexsanoatxolding” sobiq rahbari (hozirda tugatilgan) Nodir Otajonov 5 yil davomida paxta terimi mexanizatsiyasi 80%ga yetishini ma’lum qilgan edi. O‘shanda u 2018-yildan Sirdaryo viloyatida paxta terimining mexanizatsiyasini 80%ga yetkazish rejalashtirilganini aytgan edi.

2019-yilning dekabrida Nodir Otajonov 2020-yildan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida paxtani mashinada terish darajasi 50%ga, keyingi yillarda 80%ga yetishini ma’lum qilgan edi.

2020-yilning yanvar oyida qabul qilingan hukumat qaroriga ko‘ra, birinchi bosqichda (2020−2022-yillarda) Toshkent, Sirdaryo, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida, ikkinchi bosqichda (2023−2026-yillarda) qolgan hududlarda mexanizatsiya joriy qilinishini tezlashtirish nazarda tutilgan edi.

O‘tgan yilning aprelida prezident Shavkat Mirziyoyev “O‘zavtosanoat”ga paxta terimini mexanizatsiyalashni tezlashtirish va 2020-yilning sentabrigacha hududlarga 1000 tadan kam bo‘lmagan miqdorda paxta terish mashinalarini yetkazib berish hamda hududlar markazlarida servis markazlarini tashkillashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Paxta terimini mexanizatsiyalashning ahamiyati

2016-yili Jahon banki “O‘zbekistonda paxta terimini mexanizatsiyalashning ijtimoiy ta’sirini baholash” hisobotini e’lon qilgan edi. Unda O‘zbekiston paxta terimi jarayonini mexanizalashtirmagan va qo‘lda paxta terishga tayanishda davom etayotgan paxta yetishtiruvchi kam sonli mamlakatlardan biri ekanligi aytilgan edi. 2014-yilda hukumat paxta terimini mexanizatsiyalashga qaror qildi — bu qisman xalqaro hamjamiyati bosimiga javob edi, deyiladi hisobotda.

Davlat buyurtmasi tizimida (bu amaliyot 2020-yildan boshlab bekor qilina boshladi) O‘zbekistondagi fermerlar ko‘pincha paxta yetishtirishdan boshqa narsa qila olishmasdi. Ular shartnomaga asosan har yili hukumat tomonidan belgilanadigan kvotalarda nazarda tutilgan hajmda paxta yetishtirishlari va paxtani davlat tomonidan o‘rnatilgan narxlarda davlatning o‘ziga sotishlari kerak edi.

Paxta terimi jarayonining mexanizatsiyalashtirilishi paxtani terish bo‘yicha tashkillashtirilgan mehnatga ehtiyojni kamaytirishi mumkin, biroq paxta terimi muhim daromad manbasi bo‘lgan aholi qatlamlari uchun bu salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deyilgan edi JB hisobotida.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

24 02 2026 / 9:58