Yaponiyaning 4,6 mln dollarlik moliyaviy ko‘magida BMT Taraqqiyot dasturi Orolbo‘yida suv resurslarini boshqarishni mustahkamlashga qaratilgan loyihani ishga tushirdi. Tashabbus suvdan foydalanish samaradorligi hamda qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini oshirish, inklyuziv barqarorlikni ta’minlashni maqsad qilgan.
BMT Taraqqiyot dasturi O‘zbekistonda Orolbo‘yi
hududida suv resurslarini boshqarishni mustahkamlash va iqlim o‘zgarishiga
barqarorlikni oshirishga qaratilgan yangi loyihani ishga tushirdi. Tashabbusga Yaponiya hukumati tomonidan 4,6 mln dollar
miqdorida mablag‘ ajratildi, deya xabar bermoqda dasturning O‘zbekistondagi
matbuot xizmati.
27-fevral kuni o‘tkazilgan hujjatlarni imzolash
marosimida suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Zokir Ishpulatov,
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Hirata va BMTTDning
O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ishtirok etdi.
Ta’kidlanishicha,
ushbu loyiha Markaziy Osiyodagi dolzarb rivojlanish muammolaridan biriga yechim
topishga qaratilgan bo‘lib, 2026−2028-yillarda amalga oshiriladi. Tashabbus Orolbo‘yi aholisi salohiyatini integratsiyalashgan va iqlimga
barqaror suv boshqaruvi orqali mustahkamlashni ko‘zlaydi. Shuningdek, boshqaruv
tizimlarini kuchaytirish, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish, qishloq
xo‘jaligi mahsuldorligini ko‘paytirish va inklyuziv barqarorlikni ta’minlash
maqsad qilingan.
Loyiha o‘zaro bog‘liq to‘rtta asosiy yo‘nalishga
tayanadi: milliy va mahalliy suv boshqaruvi institutlarini mustahkamlash,
suv boshqaruvi tizimlarini raqamlashtirishni rivojlantirish, oziq-ovqat
xavfsizligi va iqlim barqarorligini ta’minlash maqsadida fermerlar hamda kichik
xo‘jaliklar uchun suv infratuzilmasi va salohiyatini oshirish, shuningdek,
mintaqaviy bilim almashinuvi, advokasiya va kommunikatsiyani
rivojlantirish.
Akiko Fujiining so‘zlariga ko‘ra, loyiha orqali
Orolbo‘yi hududidagi fermerlar va mahallalar manfaatlari uchun
mas’uliyatli suvdan foydalanish madaniyati ham shakllantirilmoqda.
“O‘zbekiston va Yaponiya hukumatlari bilan suv
resurslarini boshqarishni mustahkamlash yo‘lidagi umumiy missiyamiz doirasida
hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz. Biz iqlim o‘zgarishi ta’siri va suv
bilan bog‘liq muammolarni samarali siyosiy mexanizmlar, mustahkam
institutsional salohiyat, ishonchli ma’lumotlar bazasidan kengroq foydalanish
imkoniyati hamda zamonaviy innovatsion texnologiyalar orqali hal etish uchun
eng ilg‘or global tajribalarni joriy etishga sodiqmiz”, — dedi u.
“Loyiha
doirasida gender tengligi asosiy tamoyil sifatida integratsiya qilingan. Suv
boshqaruvi, salohiyatni oshirish va qaror qabul qilish jarayonlarida ayollarning
faol ishtiroki maqsadli qo‘llab-quvvatlash orqali ustuvor yo‘nalish sifatida
rag‘batlantiriladi. Gender kesimidagi ma’lumotlar esa rejalashtirish
va amalga oshirish davomida inklyuziv natijalarni monitoring qilishga
xizmat qiladi”, — dedi BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy
vakili Akiko Fujii.
“Mazkur loyiha O‘zbekistonda suv xavfsizligini
ta’minlash hamda suv resurslarini adolatli va barqaror boshqarishga hissa
qo‘shishiga chin dildan umid qilaman”, — dedi elchi Kenji Hirata.
Qayd etilishicha, loyiha siyosiy islohotlar,
institutsional salohiyatni mustahkamlash hamda kadrlar tayyorlash orqali
shaffof va iqlimga barqaror suv boshqaruvi tizimlarini yaratadi. Bundan tashqari,
markazlashtirilgan GIS tizimlari va real vaqt rejimidagi monitoring
platformalarini joriy etish ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishni
ta’minlab, barcha darajalarda hisobdorlikni kuchaytiradi.
Sug‘orish
infratuzilmasini tiklash, aniq sug‘orish texnologiyalari, iqlimga mos qishloq
xo‘jaligi yondashuvlari hamda innovatsion yechimlar, jumladan, oqova suvlarni
qayta foydalanish va qayta tiklanuvchi energiya asosidagi tuzsizlantirish
texnologiyalari 1000 dan ortiq fermer hamda xonadon uchun suvdan foydalanish
samaradorligi va qishloq xo‘jaligi mahsuldorligini sezilarli oshirishi
kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2023−2025-yillarda BMT Taraqqiyot
dasturi va Yaponiya hukumati hamkorligida Orolbo‘yi hududida iqlimga
barqaror qishloq xo‘jaligi orqali o‘zini o‘zi ta’minlashni qo‘llab-quvvatlash
loyihasi amalga oshirildi.
Mazkur tashabbus 4 ta tuman va 65 ta aholi
punktida jamoalarning barqarorligini mustahkamlab, 376 mingdan ortiq aholi
farovonligini yaxshilashga xizmat qildi. 7 mingdan ortiq aholi barqaror elektr
energiyasi bilan, 7700 dan ziyod kishi toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi,
6200 dan ortiq fuqarolar uchun ta’lim va sog‘liqni saqlash infratuzilmasi
yaxshilandi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
02 03 2026 / 12:16