Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

“O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoiti va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda qo‘rg‘oqchilikka chidamli xandon pista va bodom bog‘larini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy seminar



Ulashing :


2021 yil 18 iyunda O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati - O‘zbekiston Liberal Demokratik partiyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi tomonidan “O‘zbekistonda iqlim o‘zgarishi sharoiti va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishda qurg‘oqchilikka chidamli xandon pista va bodom bog‘larini rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi ilmiy-amaliy seminar o‘tkazildi.

Jahon resurslari institutining prognoziga ko‘ra, 2040 yilga O‘zbekiston suv tanqisligi eng yuqori bo‘lgan 33 ta mamlakatning biriga aylanadi.

Shu tufayli 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan respublikamizda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasiga muvofiq atrof-muhit va iqlim uchun yuzaga keladigan salbiy oqibatlarni kamaytirishga qaratilgan qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarining barqaror rivojlanishi uchun tabiiy resurslarni samarali boshqarish asosiy ustivor yo‘nalish hisoblanadi.

Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda erlarning holatini yaxshilash, mahsuldorligi hamda tabiiy biologik xilma-xilligini saqlab qolishga, sug‘orish imkoniyati cheklanib borayotgan va cho‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda qo‘rg‘oqchilikka chidamli bog‘larni barpo etishga katta ahamiyat berilmoqda. YUqorida zikr etilgan choralar bilan bir qatorda mamlakatimizning tog‘oldi, tog‘ hududlarida xandon pista va bodom bog‘larini barpo etish ham ko‘zda tutilgan.

Zamonaviy izlanishlarga ko‘ra Toshkent, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining tog‘oldi, tog‘li hududlari va lalmikor erlarida pistachilik va bodom etishtirishni rivojlantirish uchun barcha hududiy va mavsumiy sharoitlar mavjud. Iqtisodiy nuqtai nazardan qaraganda esa pista va bodom etishtirish sohasi yaxshi daromad keltirishi mumkin.

Amalga oshirilayotgan tadbirlar iqlim o‘zgarishi, havo haroratining o‘sishi, yog‘ingarchilik kamayishining oqibatlarini oldini olishni ham qamrab olishi belgilangan.

Ma’lum bo‘lishicha, Toshkent, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining adirli (lalmikor) hamda tog‘oldi hududlari, shuningdek, Farg‘ona vodiysi atrofidagi erlar asosan, don hamda moy beradigan o‘simliklarni ekish uchun va o‘tloq sifatida foydalanilmoqda. Ushbu maydonlarning suv ta’minotiga bog‘liqligi yuqori darajada hosil olishni chegaralaydi.

Shu sababli yuz berayotgan iqlim o‘zgarishlari sharoitida ulardan mo‘‘tadil foydalanish maqsadida fermer (dehqon) xo‘jaliklariga daromad keltira oladigan xo‘jalik yuritishning muqobil uslublarini topish va qurg‘oqchilikka moyil hududlar ekotizimlarining normal holati hamda funksiyalarini tiklash masalasi dolzarb bo‘lib qolmoqda.

Tabiiy xandon pista va bodomning navli plantatsiyalarini yaratish yuqorida qayd etilgan talablarga muqobil taklif sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin. Markaziy Osiyoning tog‘oldi hududlari tabiiy xandon pistaning vatani bo‘lganligi sababli, uni navli asosda, plantatsiya usulida etishtirish manfaatli, foydali bo‘lishi mumkin. Tabiiy xandon pista va bodom yuqorida zikr etilgan sharoitlarda o‘sishga eng moslashgan, qurg‘oqchilikka, havoning past va yuqori xaroratlariga chidamli ekanligi ekspertlar tarafidan ta’kidlangan.

Xandon pista va bodom o‘rmon yaratuvchi o‘simlik bo‘lib, o‘zining o‘ta kuchli tomir tizimi evaziga tuproqni himoyalovchi va suvni saqlovchi vazifasini bajaradi. Xandon pista o‘z mag‘izida 40% dan 60gacha va undan ziyod miqdorda yog‘, 15-20% miqdorda oqsil, 3-8% shakar va boshqa mikroelementlarga ega yuqori kalloriyali parxezli mahsulot hisoblanadi. Bundan tashqari, tabiiy xandon pista o‘zining yoqimli ta’mi tufayli jahon bozorida yong‘oq va boshqa mevalarga qaraganda bir necha barobar qimmat baholanadi. SHuningdek, xandon pista xom va turli qayta ishlangan shaklda qandolat sanoatida, yuqori navli kolbasa va parxezli mahsulotlarning ko‘p turlarini ishlab chiqarishda, tibbiyotda turli kasalliklarni davolashda ishlatiladi.

Yuqorida bayon etilganlarni hisobga olgan holda aynan O‘zbekistonda xandon pista va bodom plantatsiyalarini rivojlantirish mavzusi O‘zbekiston tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi tarafidan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa er egalari kengashi bilan hamkorlikda tashkil etgan ilmiy-amaliy seminarga asos bo‘ldi.

Fikrlarning qizg‘in almashinuvi va O‘zbekistonda tabiiy xandon pista va bodom etishtirish er maydonlari va hududlarini kengaytirish istiqbollarining qizg‘in muhokamasi bo‘lib o‘tgan ilmiy-amaliy seminar ishida xandon pista va bodom etishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar va tadbirkorlar, shu soha ekspertlari, xandon pista va bodom plantatsiyalarini rivojlantirish loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jarayonlariga jalb etilgan tashkilot va muassasalar vakillari ishtirok etishdi.

Ilmiy-amaliy seminar ishtirokchilari qizg‘in munozaralar natijasida tabiiy xandon pista va bodom ko‘chatlari ekilishini rivojlantirilishi O‘zbekistonda erlarning holatini yaxshilash, mahsuldorligini oshirish hamda tabiiy biologik xilma-xilligini saqlab qolish, sug‘orish imkoniyati cheklanib borayotgan va cho‘llanish xavfi mavjud bo‘lgan hududlarda qo‘rg‘oqchilikka chidamli bog‘larni barpo etish, import qilinadigan qimmat va mahalliy sharoitlarga moslashtirilmagan meva ko‘chatlari navlariga qaramlikni to‘liq bartaraf etish yoki kamaytirish, jumladan qurg‘oqchilik sharoitida muvaffaqqiyatli o‘sishi va meva berishi bilan foydali ekanligi haqidagi yagona fikrga keldilar. Xandon pista plantatsiyalarini navli asosda barpo etilishi – kapitalni uzoq muddatga va ishonchli joylashtirishdir.

O‘zbekiston Tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash markazi





Sarlavxa :
Markaz faoliyatiga oid

18 06 2021 / 14:30