Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

16,2 mlrd dollarlik 31 ta qo‘shimcha investitsiya loyihasi: Toshkent bosh rejasiga o‘zgartirish kiritildi



Ulashing :


Hukumat 31 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun Toshkent shahrining bosh rejasiga o‘zgartirishlar kiritdi. 2311 gektar maydonda uy-joylar, mehmonxona, biznes markazlari va sanoat zonasi quriladi. Hududning kamida 30 foizi yashil zonalar uchun ajratilishi shart. Jamoat parklari ham barpo etiladi.

O‘zbekiston hukumati 28-fevraldagi qarori bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasining asosiy ko‘rsatkichlariga o‘zgartirishlar kiritdi. Ushbu bosh reja 2024-yil 24-dekabrda tasdiqlangandi.

Hujjatga yangi turar joy massivlari, mehmonxonalar, biznes markazlari, ijtimoiy obyektlar va sanoat zonasini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarining parametrlari kiritilgan.

Bosh rejaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha takliflar Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda poytaxt hokimligi tomonidan kiritildi.

Investitsiya loyihalari

Qarorga ko‘ra, xorijiy va mahalliy investorlar tomonidan umumiy qiymati 16,2 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan 31 ta investitsiya loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Ularni umumiy maydoni 2311,4 gektar bo‘lgan yer uchastkalarida amalga oshirish rejalashtirilgan. Qurilish ishlari hisobiga har yili qo‘shimcha ravishda quyidagilar ta’minlanishi kutilmoqda:

· 1,5 mlrd dollar miqdorida yalpi hududiy mahsulot;

· 3,5 trln so‘m miqdorida sof soliq tushumlari;

· 260 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi.

Tashabbuslarning katta qismi ko‘p kvartirali turar joy majmualarini qurish bilan bog‘liq. Ularning tarkibiga quyidagilar kiradi:

· ko‘p qavatli uylar (jumladan, 9 va 16 qavatli);

· birinchi qavatlarida tijorat binolari bo‘lgan turar joy majmualari;

· maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari;

· ijtimoiy-dam olish infratuzilmasi.

Loyihalar Bektemir, Mirobod, Sergeli, Chilonzor, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Shayxontohur, Yunusobod, Uchtepa va Yangihayot tumanlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Shahar markazida va alohida hududlarda bir nechta besh yulduzli mehmonxonalar qurilishi ko‘zda tutilgan.

Tonino Lamborghini Residences loyihasi alohida ajralib turadi — u premium-klassdagi apartamentlar, besh yulduzli mehmonxona va biznes-markazni o‘z ichiga oladi.

Ro‘yxatdan, shuningdek, zamonaviy biznes markazlar, savdo markazlari, ko‘p tarmoqli savdo va xizmat ko‘rsatish majmualari ham o‘rin olgan.

Loyihalar orasida talabalar yotoqxonasi, klinika va sog‘lomlashtirish markazi, maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlari va jamoat infratuzilmasini qurish ishlari ham bor.

Yangihayot tumanida esa “Yangi avlod” sanoat zonasida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha yirik industrial maydonchani shakllantirishni nazarda tutadi.

Yashil zonalar uchun — kamida 30%

Renovatsiya va rekonstruksiya loyihalarini amalga oshirishda majmuaviy qurilish tamoyili mustahkamlandi. Xususan:

· har bir loyiha hududining kamida 30 foizi yashil zonalar uchun ajratilishi shart;

· eskirgan binolar joylashgan kvartallarni majmuaviy yangilash ko‘zda tutilgan;

· maydoni 1 gektargacha bo‘lgan uchastkalarda tarqoq va zich qurilishlardan voz kechish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, quruvchilar tomonidan to‘lanadigan infratuzilma to‘lovlari va boshqa ajratmalar hisobiga qo‘shimcha jamoat parklari tashkil etilishi kerak.

Poytaxt hokimligi huzuridagi “Tashkent invest” kompaniyasi birinchi navbatda to‘qqizta hududda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan yangi yashil maydonlarni barpo etadi. Ular qurib bitkazilgandan so‘ng konservatsiya zonasiga o‘tkaziladi.

Bosh rejalar va oshirilgan koeffitsiyentlar

Har bir loyiha uchun ikki oy muddatda me’moriy, muhandislik va ijtimoiy-iqtisodiy parametrlarni hisobga olgan holda master-rejalar ishlab chiqiladi. Ular Toshkent shahri qurilish bosh boshqarmasi huzuridagi Hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqiladi va shahar hokimligi tomonidan tasdiqlanadi.

Muhandislik tarmoqlari va transport infratuzilmasini yaratish xarajatlarini qisman qoplash uchun investorlardan infratuzilma to‘lovlari undiriladi.

Bunda infratuzilma to‘lovining bazaviy stavkasiga qurilish zichligi, yashil hududlar ulushi va ijtimoiy infratuzilmaga tushadigan yuklamadan kelib chiqib, 1,1 dan 3 gacha bo‘lgan oshiruvchi koeffitsiyentlar qo‘llanishi mumkin. Tegishli qaror arxitektura-shaharsozlik kengashi tavsiyalari asosida xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi tomonidan qabul qilinadi.

Qaror bilan loyihalash va qurish ishlarida xalqaro va xorijiy normativ-texnik hujjatlardan foydalanishga ruxsat berildi. Bunda ularni mutlaqo milliy shaharsozlik normalariga moslashtirish va ekspertizadan o‘tkazish talab etiladi.

Bino va korxonalarni loyihalashda tabiiy gaz o‘rnini bosuvchi muqobil yoqilg‘i turlaridan va energiya tejovchi texnologiyalardan foydalanish ko‘zda tutilishi shart.

Eslatib o‘tamiz, to‘qqizta jamoat parkini tashkil etish loyihalari 25-fevral kuni prezidentga taqdim etilgan edi. Xabar qilinishicha, ushbu 139,6 gektarlik parklardan tashqari, yangi qurilish loyihalaridagi yashil zonalar (hududning kamida 30 foizi) yana taxminan 400 gektarni tashkil etadi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

04 03 2026 / 11:08