Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va Afg‘oniston tovar ayirboshlash hajmini 5 mlrd dollarga yetkazib, preferensiyalarni ishga tushirishni tezlashtirmoqchi



Ulashing :


O‘zbekiston va Afg‘oniston preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni kuchga kiritishni tezlashtirish hamda ikki tomonlama tovar aylanmasi hajmini deyarli uch barobarga oshirib, 5 mlrd dollarga yetkazishni reja qilmoqda.

O‘zbekiston va Afg‘oniston imtiyozli savdo tartibini joriy etishni tezlashtirish va tovar aylanmasi hajmini sezilarli darajada kengaytirish niyatida. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘zining LinkedIn’dagi sahifasida ma’lum qildi.

U Afg‘oniston sanoat va savdo vaziri vazifasini bajaruvchi Nuriddin Aziziy bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Xodjayevning ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi besh yil ichida mamlakatlar o‘rtasidagi savdo hajmi 2,5 baravarga oshib, 2021-yildagi 653 million dollardan 2025-yilda 1,68 milliard dollargacha yetgan (ushbu hajmdan 1,5 milliard dollari O‘zbekiston eksporti hissasiga to‘g‘ri keladi). Keyingi ko‘zlangan marra — 5 milliard dollar.

Tomonlar imtiyozli savdo tartibini tezroq ishga tushirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishga, shuningdek, investitsiyalar va sanoat kooperatsiyasi sohasidagi loyihalarni ilgari surishga kelishib oldi.

Muzokaralar davomida hududlararo aloqalarni rivojlantirish, mahsulotlarni targ‘ib qilish infratuzilmasini yaratish (shourumlar, omborlar), qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishdagi hamkorlik hamda oziq-ovqat xavfsizligi masalalari ham muhokama qilindi.

Ramazon oyidan so‘ng o‘zaro hamkorlikni amaliy bosqichga o‘tkazish rejalashtirilmoqda — Kobulda biznes-forum o‘tkazish va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

17-yanvarda tadbirkorlarning elchilar bilan uchrashuvida O‘zbekiston va Afg‘oniston bundan qariyb ikki oy avval imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolagani qayd etilgan edi. Biroq tadbirkorlar (xususan, elektrotexnika va gilam ishlab chiqaruvchilar) ushbu mexanizm haligacha to‘liq kuch bilan ishlamayotganidan shikoyat qilmoqda.

O‘shanda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev o‘zbek tovarlari afg‘on bozoriga ortiqcha bojlarsiz kirishi uchun ushbu bitimni ishga tushirishni ikki hafta ichida tezlashtirish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Avvalroq Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Amir Xon Muttaqiy O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov bilan telefon orqali muloqotida Afg‘onistonning mintaqaviy loyihalardagi rolini kuchaytirish masalasini muhokama qilgandi.

Shuningdek, u yaqin orada Transafg‘on temiryo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlash boshlanishini ma’lum qilgan.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

04 03 2026 / 13:20