Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat
xavfsizligini ta’minlash hamda yer va suv resurslaridan samarali foydalanishni
kuchaytirish maqsadida Soliq kodeksining 429-moddasiga qo‘shimcha va
o‘zgartirishlar kiritish taklif etilmoqda. Loyiha qishloq xo‘jaligi ekin
maydonlari unumdorligi va hosildorligini oshirishga qaratilgan.
Taklif etilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra, yer
uchastkasining sifati yer egasi yoki yerdan foydalanuvchining (ijarachining)
aybi bilan yomonlashsa va bonitet balli kamida 10 ballga pasaysa, yer solig‘i
sifati yomonlashishidan oldin amalda bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlarining
normativ qiymati asosida hisoblanadi.
Shu bilan birga, bonitet balli 10 va undan yuqoriga
pasaygan hollarda, yer solig‘i tuproq bonitirovkasi o‘tkazilgan yildan keyingi
yil boshidan besh yil davomida yangi bonitet bo‘yicha hisoblangan normativ
qiymatdan kelib chiqib, soliq stavkasiga nisbatan uch karragacha oshiruvchi
koeffitsiyentlar qo‘llangan holda to‘lanishi belgilanmoqda.
Aksincha, qishloq xo‘jaligi yerlarining sifati
yaxshilansa (bonitet balli oshsa), yuridik shaxslar yer solig‘ini besh yil
davomida tuproq sifatini baholash (bonitirovka) o‘tkazilgan yildagi normativ
qiymat bo‘yicha to‘laydi.
Loyihada yer sifati yomonlashgani yoki yaxshilangani
tuproq tadqiqotlari natijalari asosida belgilanishi qayd etilgan.
Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti
har yili yanvar oyida tuproq sifatini baholash natijalarini tegishli organlarga
taqdim etishi, tuman xalq deputatlari kengashlari esa yerdan foydalanuvchilar
kesimida yer solig‘i stavkasiga nisbatan oshiruvchi koeffitsiyentlar miqdorini
belgilashi nazarda tutilmoqda. Yer sifati yaxshilangan hollarda ma’lumotlar
“O‘zdaverloyiha” davlat ilmiy loyihalash instituti tomonidan soliq organlariga
kiritiladi.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
05 03 2026 / 11:45