Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Yaponiya Toshkent va yangi aeroport o‘rtasida temiryo‘l va metro qurilishida ishtirok etishi mumkin



Ulashing :


O‘zbekiston va Yaponiya vakillari Toshkent va Yangi Toshkentni yangi aeroport bilan temiryo‘l va metro orqali bog‘lash loyihasini muhokama qildi. Uchrashuvda Toshkent-Samarqand temir yo‘lini modernizatsiya qilish va transport sohasida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Yaponiya Toshkentni yangi aeroport bilan metro va temiryo‘l orqali bog‘lash loyihasida qatnashishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston va Yaponiya transport vazirlari o‘rinbosarlari ishtirokidagi uchrashuvda ko‘rib chiqildi, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.

Muzokaralar davomida transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, Yangi Toshkent va Toshkent shahri hududlarini yangi aeroport bilan temiryo‘l, yer osti hamda yer usti metro liniyalari orqali bog‘lash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Toshkent — Samarqand temiryo‘lining yangi tezyurar liniyalarini modernizatsiya qilish, yo‘lovchi va yuk tashish harakatini samarali tashkil etish maqsadida rels infratuzilmasini ajratish, shuningdek transport sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni izchil mustahkamlashga tayyor ekanligini qayd etdi.

Yangi Toshkent xalqaro aeroporti Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlarida 1300 gektar maydonda quriladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qurilishni 2025-yil oktabr oyida boshlagandi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshiriladi. Xususiy sheriklar Vision Invest (Saudiya Arabistoni), loyihaga “o‘nlab milliard iyena” sarmoya kiritadigan Sojitz savdo uyi (Yaponiya) va Incheon International Airport Corporation (Koreya Respublikasi) bo‘ladi.

Aeroport qurilishi multimodal transport markazini rivojlantirishning bir qismi bo‘lishi qayd etilgandi. Yangi majmua Toshkent — Samarqand, Toshkent — Andijon va Toshkent — Bo‘stonliq avtomagistrallari bilan bevosita bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladigan zamonaviy temiryo‘l vokzali qurilishi kutilmoqda, Toshkent va Yangi Toshkent markazlari esa shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Keyinroq prezident yangi aeroportgacha metro liniyasi qurish rejalarini ham ma’lum qildi. “Bu Toshkent va Toshkent viloyati chorrahasidir. Maksimal 25 daqiqada yetib borish mumkin — atigi 24 km. Shattl-bas tashkil qilamiz, kelajakda, Xudo xohlasa, metro ham quramiz. Hammasi uyg‘unlikda ishlaydi”, — dedi davlat rahbari.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

06 03 2026 / 13:42