O‘zbekistonda biznes yuritish uchun
sharoitlar sezilarli darajada yaxshilandi. Bu haqda 5-mart kuni prezident
raisligida farmatsevtika sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan
videoselektor yig‘ilishida Grand Pharm Trade farmatsevtika kompaniyasi
ta’sischisi Azizxo‘ja Abbosxo‘jayev ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga
ko‘ra, so‘nggi yillarda tadbirkorlar uchun ishlash va xorijiy hamkorlar
bilan aloqa o‘rnatish ancha osonlashgan.
“10 yil ichida
soliqlarimiz ikki baravarga tushib ketdi. Bemalol, ochiq ko‘rsatyapmiz hamma
narsamizni, oborotimizdan maza qilib ishlayapmiz. Oldingi ishxonamizda
kichkinagina joyda o‘tirardik, chet elliklar kelsa, bizga mahsulot berishga
qo‘rqardi. Konvertatsiyani deb oylab, yillab o‘tirardik, oxiri chet ellik
ishonmasdi, „senga bermayman boshqa mol“ derdi. Keyin oxiri majbur bo‘lardik,
birjaga borardik, sxemalar qilardik, bir amallab to‘lab berardik chet ellikka.
Hozirgi kunda qarang, hisobimizda turgan pulni bir soatda, bir kunda chiqarish
mumkin. Hech qanaqa muammo yo‘q”, — dedi u.
Abbosxo‘jayev,
shuningdek, sohadagi ko‘plab tadbirkorlar o‘z biznesini sezilarli darajada
kengaytirishga muvaffaq bo‘lganini ta’kidladi.
“Hammamiz maza qilib yuribmiz.
Hamma tadbirkor: mana shu yerda zavodlarning aksionerlari o‘tiribdi.
Hammasining aylanmasi milliard-milliard. Hammani rasmiy millioner qilib
qo‘ydingiz. Shuning uchun hammaning nomidan katta rahmat aytaman sizga”, —
dedi u va prezidentning tabassumiga sabab bo‘ldi. Kompaniya
saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda Grand
Pharm Trade tushumi 536 million dollarni tashkil etgan va u bozorda
24 foizli ulushga ega.
“Yanada
samaraliroq ishlash uchun bizga ikkita masalada yordam kerak. Zavodimiz
ishlashi uchun yo‘limiz yo‘q. Ikkinchisi esa — elektr energiyasi
yo‘q”, — deb ta’kidladi u.
Shavkat Mirziyoyev
ushbu muammoni qayd etishni topshirdi va biznesni qo‘llab-quvvatlash
muhimligini ta’kidladi.
“Ikkovini ham
protokolga yozinglar. Infrastruktura bo‘lmasa, bo‘lmaydi bu ishlar. Aziz,
mana ko‘rding, qanday jo‘shqinlik bilan gaplashyapsan. Ishonch paydo bo‘ldi
senda. G‘urur paydo bo‘ldi. Hamkorlar ishonyapti. Yangi O‘zbekiston shabadasi
kirgani rost bo‘lsin, ilohim”, — dedi u.
Prezident,
shuningdek, davlat tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishini
ta’kidladi.
“Tadbirkor
ikkita bolani ish bilan ta’minlaganda, yelkamda ko‘taraman deb va’da
berganman. Albatta, hamma tadbirkorlarni qo‘llayman. Lekin farmatsevtika
sanoati bo‘yicha tadbirkorlarni alohida qo‘llab-quvvatlashga yana bir marta men
sizlarning oldilaringizda buni aytmoqchimanki, butun komandam bilan, faqat
prezident emas, hamma sizlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlaringizga
muvaffaqiyat”, — dedi Mirziyoyev.
Farmatsevtika
tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov “O‘zbekiston 24”
telekanaliga bergan intervyusida ta’kidlashicha, 2016−2017-yillarda mamlakatda
dori vositalarini ishlab chiqarish hajmi 1,4 trillion so‘mni tashkil etgan
bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 7,3 trillion so‘mga yetdi.
“Bugun
farmatsevtika sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan gaplashsangiz,
ularda ambitsiya, qiziqish va ishonch paydo bo‘lgani ko‘rinadi. Ular
import qilinadigan dorilar o‘rnini bosish kerak, eksportga yo‘nalish olish
kerak, deyishmoqda. Bu soha rivojlanish uchun juda katta salohiyatga ega
ekani haqida tushuncha paydo bo‘ldi”, — dedi u.
Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja
Mavlonov avvalroq “importni investitsiyaga aylantirish” va dori vositalari
sifati ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligini ta’kidlagandi.
Qo‘mita rahbarining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda farmatsevtika sohasidagi
aylanma hajmi 2 milliard dollarni tashkil etgan, bu 2024-yilga nisbatan 18
foizga (taxminan 300 million dollarga) ko‘p demakdir. Eksport hajmi esa
32 million dollarga yetgan.
Uning so‘zlariga
ko‘ra, importning asosiy ulushini O‘zbekistonning Grand Pharm Trade,
shuningdek, Meros Pharm, Farm Lyuks Invest, GD Pharm, Eurofarm Business
va Astor Alliance kompaniyalari ta’minlamoqda.
Yig‘ilishda
prezident hokimlarni farmzonalar bo‘sh turgani va loyihalar yo‘qligi
uchun tanqid qilgandi. 1-apreldan
O‘zbekistondagi dori vositalari ishlab chiqaruvchilari qayerda joylashganidan
qat’i nazar, yer solig‘idan ozod qilinadi. Farmatsevtika loyihasi ishga
tushirilgandan keyin uch yil davomida foyda solig‘i va mol-mulk
solig‘i undirilmaydi.
Shavkat
Mirziyoyev, shuningdek, dori vositalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish
bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni e’lon qilgan. Xorijiy
farmatsevtika kompaniyalarini jalb qilish uchun royalti solig‘i 5 foizgacha
tushiriladi. Tashkent Pharma Park hududi Janubiy Koreya kompaniyalarini jalb
qilgan holda yana 100 gektarga kengaytiriladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarning davlat xaridlaridagi
ishtiroki oshiriladi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
13 03 2026 / 10:31