O‘zbekistonda agrar sohada
ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish va agrosanoat majmuini ilmiy asosda
rivojlantirish maqsadida yangi ilmiy muassasa tashkil etilmoqda. Bu
prezidentning “Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida O‘zbekiston qishloq
xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
farmonida nazarda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi
Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi negizida O‘zbekiston
qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya qishloq
xo‘jaligi sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni yo‘naltirish, uzoq va
yaqin muddatli ilmiy dasturlarni belgilash hamda agrosanoat majmuini ilmiy
jihatdan rivojlantirishni muvofiqlashtiruvchi davlat ilmiy muassasasi hisoblanadi.
Hujjatga muvofiq, qishloq xo‘jaligi va yer
munosabatlari bilan bog‘liq islohotlarni amalga oshirish bo‘yicha ishlab
chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari Qishloq xo‘jaligi vazirligi
bilan kelishish jarayonida majburiy tartibda akademiyada ilmiy ekspertizadan
o‘tkaziladi.
Shuningdek, akademiyada qator ilmiy unvonlar berish
tartibi joriy etiladi. Ular qatoriga yosh akademik, akademiya professori,
akademiyaning muxbir a’zosi, akademiyaning haqiqiy a’zosi (akademik) hamda
akademiyaning xorijiy a’zolari kabi unvonlar kiradi.
Mazkur akademiya tashkil etilishi agrar sohada ilmiy
tadqiqotlar samaradorligini oshirish, innovatsion ishlanmalarni amaliyotga keng
joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi islohotlarini ilmiy asosda
qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
О.Matnazarov, kun.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
16 03 2026 / 14:21