13 mart kuni imzolangan prezident qarori bilan shunday
vazifa belgilandi. Qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilishni
moliyalashtirish uchun 400 mln dollargacha tashqi qarz olinadi.
13 mart kuni
“Agrar sektorni zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashning
navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risida” prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq,
qishloq xo‘jaligida mexanizatsiyalash darajasini oshirish, ayniqsa paxta
terimini texnika vositalari orqali amalga oshirish ulushini kengaytirish asosiy
vazifalardan biri sifatida belgilandi. Jumladan, 2026 yilda paxtani mashinalar
yordamida terib olish ulushini 70 foizgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.
Shu maqsadda
2026 yilda qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini xarid qilishni
moliyalashtirish uchun davlat kafolati ostida jalb qilinadigan xorijiy
kredit liniyalari hisobidan tijorat banklari orqali 400
million AQSh dollarigacha mablag‘ yo‘naltirilishi ta’minlanadi.
Bundan tashqari,
tijorat banklari barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlarini
xarid qilish uchun milliy valutada 10 yil muddatga, 2 yillik imtiyozli davr
bilan kreditlar ajratadi. Mazkur kreditlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga
qo‘shimcha 4 foiz bank marjasi asosida taqdim etiladi.
Qarorda paxta va
g‘alla kombaynlarini imtiyozli kredit va lizing shartlari asosida xarid qilish
tartibi ham belgilangan. Xususan, 2026 yildan boshlab ushbu texnikalar bo‘yicha
kredit va lizing to‘lovlarini amalga oshirish muddati yil davomida ikki marta —
31 yanvar va 31 iyul sanalari etib belgilandi.
О.Matnazarov. kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
16 03 2026 / 14:43