Iqtisodiyotning
bazaviy tarmoqlarda yirik loyihalar ijrosini tizimli nazorat qilish maqsadida
prezident rahbarligida Sanoat kengashi tuziladi. Bu haqda davlat rahbari 16-mart kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida
o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Kengash tog‘-kon, metallurgiya, kimyo va neft-gaz
sektori kabi “bazaviy sohalardagi” loyihalarni muvofiqlashtiradi.
“Endi bu tarmoqlardagi ishlar o‘z vaqtida
va kamchiliklarsiz bajarilishini doimiy nazorat qilish bo‘yicha yangi
mexanizm joriy etiladi. Buning uchun prezident rahbarligida sanoat kengashi
tuziladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston 24” telekanalida efirga
uzatilgan reportajda.
Davlat rahbarining
ta’kidlashicha, kengash faoliyati doirasida yirik korxonalarni transformatsiya
qilish jarayonlarini boshqarishning muntazam mexanizmini joriy etish
rejalashtirilgan.
Bosh vazir o‘rinbosarlari
Jamshid Qo‘chqorov va Jamshid Xodjayevga tog‘-kon, metallurgiya, kimyo
va neft-gaz tarmoqlaridagi har bir yirik korxona bo‘yicha har oylik
ish rejalarini tasdiqlash topshirildi.
“Ushbu kengash doirasida yirik
korxonalarni xalqaro standartlar asosida transformatsiya qilish, tannarx
va energiya sarfini kamaytirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliy
kontentni oshirish, barcha jarayonlarni raqamlashtirish, sun’iy intellektni
joriy etish, investitsiya va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha oylik
ish rejalari tasdiqlanadi”, — dedi davlat rahbari.
Mutasaddi rahbarlarga ushbu
rejalar ijrosini har oy joylarga chiqqan holda korxonabay tanqidiy
muhokama qilish, mavjud masalalarni tezkor hal etish va har chorak yakunlari
bo‘yicha hisobot kiritib borish topshirildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
17 03 2026 / 15:29