Yangi infografikada qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni
bo‘yicha 50 ta mamlakat taqdim etildi. Bunda Jahon banki tomonidan jamlangan, Oziq-ovqat va
qishloq xo‘jaligi tashkilotining eng so‘nggi ma’lumotlaridan foydalanilgan.
Katta farq bilan birinchi o‘rinni Xitoy egallab turibdi, undan keyin AQSh va
Avstraliya keladi.
Taxminan ikki million kvadrat milya (besh million
kvadrat kilometrdan ortiq) maydonga ega bo‘lgan Xitoy dunyodagi eng yirik
qishloq xo‘jaligi yerlariga ega. Mamlakat aholisining taxminan beshdan bir
qismi qishloq xo‘jaligida band, hozirgi kunda esa Xitoy qishloq xo‘jaligi
mahsulotlarini ishlab chiqarish va iste’mol qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi
hisoblanadi.
Qizig‘i shundaki, Xitoydagi qishloq xo‘jaligi yerlari
hududi ancha katta bo‘lgan Rossiya (2,1 million kvadrat kilometrdan ortiq) va
Kanada (taxminan 569 ming kvadrat kilometr) kabi mamlakatlarga qaraganda
ko‘proq. Buning sababi shundaki, ushbu davlatlarning ulkan hududlarining katta
qismini sovuq mintaqalar, tundra va abadiy muzlik zonalari egallaydi.
Biroq iqlim o‘zgarishi vaqt o‘tishi bilan jahon
qishloq xo‘jaligi geografiyasini o‘zgartirishi mumkin: ilgari dehqonchilik
uchun haddan tashqari sovuq bo‘lgan shimoliy hududlar asta-sekin ekin
yetishtirish uchun qulayroq bo‘lib bormoqda.
Reytingda keyingi o‘rinlarni AQSh (4,1 million kvadrat
kilometr), Avstraliya (3,6 million kvadrat kilometr) va Braziliya (2,3 million
kvadrat kilometr) egallaydi. Bu mamlakatlarning har biri turli ekin turlariga
ixtisoslashgan.
Masalan, AQSh dunyodagi eng yirik makkajo‘xori ishlab
chiqaruvchisi hisoblanadi, Braziliya esa soya va shakarqamish yetishtirishda
yetakchilik qiladi. Shu bilan birga, Avstraliya asosan qurg‘oqchil iqlimga ega
bo‘lishiga qaramay, Hindiston va Ukraina kabi yirik ishlab chiqaruvchilar bilan
raqobatlashib, bug‘doy va boshqa don ekinlarining yirik ishlab chiqaruvchisiga
aylangan.
Afrika davlatlari qishloq xo‘jaligi yerlari maydoni
eng katta bo‘lgan 50 davlatning qariyb yarmini tashkil qiladi. Ular orasida
Sudan (1,1 million kvadrat kilometr), Janubiy Afrika Respublikasi (963 ming
kvadrat kilometr) va Nigeriya (694 ming kvadrat kilometr) alohida ajralib
turadi.
O.Matnazarov, kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
18 03 2026 / 11:50