17-mart kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev
Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini ochib berdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Xabarda
aytilishicha, markaz tarix, madaniyat va islom sivilizatsiyasini o‘rganish
hamda ommalashtirish sohasida dunyodagi eng yirik majmualardan biriga aylandi.
Uning ko‘lami majmuani Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish uchun asos bo‘la
oladi.
Markaz Hazrati
Imom majmuasi hududida 10 gektar maydonda qurilgan. Bino uch qavatdan iborat
bo‘lib, uning uzunligi 161 metrni, kengligi esa 118 metrni tashkil etadi.
Gumbazining balandligi 65 metrga yetadi, umumiy foydalanish maydoni esa 42 ming
kvadrat metrdan oshadi.
Davlat rahbari
matbuot xizmatining qayd etishicha, bino Shavkat Mirziyoyevning me’moriy
g‘oyalari va takliflari asosida loyihalangan. Majmuaga to‘rt
tomondan — to‘rtta asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar
va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, insoniylik
va ota-onaga hurmat g‘oyalarini ifodalovchi Qur’on oyatlari va hadislar
bilan bezatilgan.
Yerosti qavatida
bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya va raqamli nusxa ko‘chirish
laboratoriyasi, muzey eksponatlari va noyob qo‘lyozmalar fondi, zamonaviy
kafeteriy hamda muzey vestibyullari joylashgan.
Birinchi qavatda
maydoni taxminan 8350 kv. m bo‘lgan ko‘rgazmalar zaliga ega muzey va 550
o‘rinli konferensiya zali joylashgan. Ikkinchi qavatda — Musulmonlar idorasi, qo‘lyozma va litografik
manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, mutolaa
zallari joylashgan, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar
uchun sharoitlar yaratilgan.
Markazning
ma’naviy qalbi noyob ekspozitsiyalarga ega Qur’oni karim zali hisoblanadi.
Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan bo‘lib, unda avval koinos
tasviri paydo bo‘ladi, osmonda yulduzlar miltillaydi. Yulduzlar kompozitsiyasi
Toshkent osmonida tunda ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida
shakllantirilgan. Yulduzlar sifatida 90 ta Swarovski toshlari va 650
dan ortiq yoritkichlardan foydalanilgan.
Bu yerda Usmon Mushafi (Qur’onning
eng qadimiy qo‘lyozma nusxalaridan biri, YUNESKOning “Jahon xotirasi”
reyestriga kiritilgan) bilan bir qatorda, turli sulolalar hukmronligi davrida
yaratilgan va mamlakatga tegishli bo‘lgan 114 ta noyob Qur’on
qo‘lyozmalari jamlangan. Ular orasida Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar,
Temuriylar, Shayboniylar va boshqa davrlarga oid kamyob nusxalar mavjud.
Markaz fondidagi qadimiy manbalar soni
2000 tadan ortiqni, noyob Qur’on qo‘lyozmalari esa 60 tadan ziyodni tashkil
etadi. Ularning barchasi vatandoshlarimiz tomonidan saqlab kelingan
va taqdim etilgan, shuningdek, xalqaro auksionlar orqali sotib olingan.
Alohida qimmatga
ega qo‘lyozmalar sirasiga quyidagilar kiradi: 1589-yilda xattot Sulton Muhammad
tomonidan sakkiz burchak shaklida ko‘chirilgan va tumor sifatida ham
ishlatilgan “Bozuband” Qur’on qo‘lyozmasi, XVII asrga mansub, safaviylar davri
xattotlik va kitobat san’atining yetuk bosqichini aks ettiruvchi juda
nafis bezakli nusxa, 1872-yilda xattot Muhammad ibn Abd al-Hadi tomonidan
mag‘ribiy xat uslubida ko‘chirilgan noyob qo‘lyozma, shuningdek, XII-XIII
asrlar chegarasida saljuqiylar davrida xattot Muhammad Sodiq ibn Muhammad
Shafiy tomonidan nasx xatida ko‘chirilib, satrlar orasiga forsiy tarjimasi
berilgan nodir nusxa. Ayrim
qo‘lyozmalarda Samarqand, Hirot va Buxoro kitobat maktablarining
an’analari yaqqol namoyon bo‘lishi qayd etildi.
Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli
tashkilotlar va nashrlar tomonidan e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, AQShdagi
Smitson institutining Smithsonian Magazine nashri talqiniga ko‘ra, 2026-yilda
dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida
e’tirof etilgan. Shuningdek, Condé Nast Traveler nashri uni 2026-yil iyun oyida
tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa
dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.
Xabar qilinishicha, O‘zbekiston
muzeyshunoslik amaliyotida ilk bor xalqaro ekspertlar ishtirokida barcha muzey
eksponatlarining kimyoviy tarkibi va yaratilgan vaqti aniqlandi hamda
ularning texnologik pasportlari tayyorlandi.
Eksponatlar ISO xalqaro standartlariga
muvofiq raqamlashtirildi va yagona elektron platformaga joylashtirildi.
YUNESKO va IKOM (Xalqaro muzeylar kengashi) talablari, shuningdek,
dunyoning yetakchi muzeylari tajribasi asosida 8 ta yo‘nalish bo‘yicha
eksponatlar etiketajining (ma’lumot taxtachalarining) etalonlari va klassifikatsiyasi
ishlab chiqildi. Har bir eksponatdagi QR kodlar orqali tashrif
buyuruvchilar uch tilda (kelgusida sakkiz tilda) video
va audiokontent bilan tanishishlari mumkin.
Markaz “Har kim
uchun ochiq muzey” konsepsiyasi asosida ijtimoiy integratsiya maydonchasi
sifatida loyihalangan. Kelajakda barcha eksponatlarga maxsus elektron chiplar
o‘rnatish va ko‘zi ojizlar uchun avtomatik audiogid tizimini joriy etish
rejalashtirilgan. Shuningdek, Bluetooth mayoqchalari yordamida bino ichida mustaqil
harakatlanish imkoniyatini yaratish ko‘zda tutilmoqda.
Kelajakda
Britaniya muzeyi, Luvr va Metropolitan muzeylarida bo‘lgani kabi,
robot-gidlar, video va audio tanishuv uchun planshetlar, shuningdek,
audiogidlar, radiogidlar hamda yo‘nalish ko‘rsatuvchi quloqchinlardan
foydalanish ko‘zda tutilgan.
Dastlabki
hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga kuniga o‘rtacha 5000 nafar tashrif buyuruvchi
kelishi kutilmoqda. Markaz va muzeyning to‘laqonli faoliyat yuritishi
uchun 400 dan ortiq xodimni jalb etish rejalashtirilgan. Hozirda 100 dan ortiq
maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan nazoratchi va 30 dan ziyod ekskursovod
ishlamoqda. 10 ta davlatdan keladigan sayyohlar uchun alohida gid matnlari
ishlab chiqilgan.
Markaz kutubxonasi
3105 kv. m maydonni egallaydi. Uning fondida allaqachon 45,1 mingdan ortiq
nashr mavjud bo‘lib, ulardan 2609 tasi noyob nusxalardir. Shuningdek, 350
mingta elektron nashrlar bazasi shakllantirilgan. Kutubxona bir vaqtning o‘zida
310 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatishi mumkin. Olimlar va professorlar
uchun ilmiy faoliyat yuritishga zarur bo‘lgan zamonaviy texnika va qulayliklar
bilan jihozlangan 4 ta alohida kabinet tashkil etilgan.
Kutubxona
bo‘limlaridan biri 22 nafar jadid ma’rifatparvari merosiga bag‘ishlangan.
Fondni O‘zbekistonning zabardast mutafakkirlari va olimlari hayoti hamda
ijodiga oid noyob nashrlar bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Unga buyuk
olimlar qo‘lyozmalari va toshbosma asarlarining ilk nashrlari, shuningdek,
ularning ilmiy merosini o‘rganishga bag‘ishlangan nodir tadqiqot
va sharhlar kiritilgan.
Kutubxonada,
shuningdek, noyob Yevropa nashrlari, jumladan, musulmon sulolalari, turkiy
xalqlar tarixi haqidagi lotin tilidagi asarlar, Sharq xalqlari
ensiklopediyalari, shuningdek, Xuroson va Movarounnahrga bag‘ishlangan,
XX asrgacha nashr etilgan sayohatnomalar ham o‘rin olgan. Fond shaxsiy
kolleksiyalardan sotib olingan nodir manbalar, xususan, Nosiruddin
Rabg‘uziyning “Qisas ul-anbiyo” asari, XIX asr boshlarida Toshkentda
ko‘chirilgan Alisher Navoiy devonlari, shuningdek, Mavlono Jaloliddin Rumiy
asarlarining turkiy tarjimalari bilan boyitilgan.
Ko‘zi ojiz va
ko‘rishida nuqsoni bo‘lgan shaxslar uchun maxsus zallar tashkil etilib,
ixtisoslashtirilgan dasturlar, printer va qurilmalar o‘rnatildi, shuningdek,
Brayl alifbosidagi 1000 dan ortiq nashrlar keltirildi.
O‘zbekistonda ilk
bor ovozdan xoli kabinalar tashkil etildi. Ular foydalanuvchilarga
atrofdagilarga xalaqit bermagan holda onlayn muloqot qilish imkonini beradi va,
shu bilan birga, suhbatlar hamda shaxsiy ma’lumotlarning maxfiyligini
ta’minlaydi. Audioresurslar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan Sonic chair
qurilmasi esa butun Markaziy Osiyoda birinchi marta aynan shu yerda joriy
etildi.
Kutubxona hududida
kitobxonlar uchun “yashil hudud”, nusxa ko‘chirish xizmati, individual
mashg‘ulotlar uchun maxsus xonalar va bolalar uchun alohida maydoncha tashkil
etilgan.
Prezident markaz
huzurida tashkil etilgan xalqaro ilmiy-ma’rifiy platforma faoliyati bilan
tanishdi. Uning doirasida AYSESKO, IRSIKA, Oksford islom tadqiqotlari markazi,
Fransiyadagi Temuriylar assotsiatsiyasi, TURKSOY va boshqa xalqaro
tashkilotlarning ofislari ochilgan.
Shavkat
Mirziyoyev, shuningdek, markazga sovg‘a qilingan va xorijdan sotib olingan
qimmatbaho artefaktlar ekspozitsiyasi bilan tanishdi.
O‘tgan yili Buyuk
Britaniyadagi Sotheby’s va Christie’s auksionlarida art-dilerlar hamda
shaxsiy kolleksiyalardan 700 dan ortiq artefakt sotib olingan. 1000 dan ortiq
ashyo esa turli muassasalar, tashkilotlar va metsenatlar tomonidan hadya
qilingan. Ushbu eksponatlarning asosiy qismi birinchi qavatdagi muzeyga
joylashtirilgan.
Ekpozitsiyada
Somoniylar, Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa davrlarga oid
noyob artefaktlar taqdim etilgan. Ular orasida X asr oxiriga mansub,
somoniylar sarkardasi Abu Mansur Sabuktekinning ismi yozilgan, oltin suvi
yuritilgan kumush barkash, Somoniylar davriga oid kumush kosa va mis
siyohdon alohida e’tiborni tortadi. Shuningdek, Oltin O‘rdada O‘zbekxon
hukmronligi davriga oid firuza bilan bezatilgan ayollar kamari hamda Usmonlilar
imperiyasining XIX asriga mansub, ustiga “Alloh” va “Muhammad” so‘zlari
bitilgan zardo‘zi kashtalar namoyish etilgan.
Temuriylar davri
kulolchilik san’ati namunalari, XIX asrda Madinadagi Muhammad payg‘ambar qabri
ustiga yopilgan ipak yopinchiq, Ka’ba eshigi tepasiga osilgan xizomaning
(kisvaning yuqori qismidagi kamar) tarixiy nusxasi, shuningdek, ulkan
o‘lchamdagi “ona-so‘zana” ham ko‘rsatilgan. Amir Temur davrida Umar Aqto’
tomonidan ko‘chirilgan Qur’on parchalari, Temuriylar davri me’moriy
obidalarining sopol plitkalari elementlari hamda Boburiylar davri qurol-aslaha
va sovutlari ham taqdim etilgan.
Bu yerda
Amudaryo xazinasi bilan bog‘liq topilmalar ham mavjud. 1877-yilda Buxoro
amirligi hududidan topilgan va hozirda Britaniya muzeyida saqlanayotgan
xazinaning ayrim buyumlarini London savdo uylari orqali O‘zbekistonga qaytarishga
muvaffaq bo‘lindi. Ular orasida VIII-IX asrlarga oid, so‘g‘d otlig‘i
tasvirlangan oltin pektoral va Baqtriya davriga mansub, og‘irligi 666
gramm bo‘lgan ilon shaklidagi noyob bilazuklar bor.
Markazga hadya etilgan artefaktlar orasida
AQShda yashovchi sharqshunos olim Aleksandr Naymark tomonidan taqdim etilgan
Pahlavon Mahmud qo‘lyozmasini alohida qayd etish lozim. Ushbu qo‘lyozma Xiva
xoni Muhammad Rahimxon Feruzning shaxsiy imzosidan ko‘chirilgan bo‘lib, uni
o‘rganish jarayonida 70 dan ortiq yangi ruboiylar aniqlandi. Shuningdek, turli
davrlarga oid tangalar, taqinchoqlar, medalonlar va boshqa tarixiy
ashyolar, jumladan, Mayskiy qo‘rg‘onidan topilgan xazina namunalari ham taqdim
etilgan.
“Bugun
o‘zligimizni anglash yo‘lida katta tantana bo‘ldi. Ming shukurki, to‘qqiz yil
davomida niyat qilib, izlanib, harakat qilib, xalqimizning kimligini,
tariximizni haqqoniy aks ettiradigan majmuani barpo etdik. Bu yerga kelgan
har bir inson, ayniqsa, yoshlarimiz, qanday ajdodlar avlodi ekanimizni bilishi,
anglashi kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
“Bu ulkan
loyiha oddiy bir chizma emas. Uni yurak chizgan, mehr chizgan, orzu
va armonlar chizgan. Qur’oni karim saqlanadigan muqaddas zal ham shunchaki
yaratilgan emas. U yurakdan tug‘ilgan, xalqimizning orzu-intilishlari
va buyukligini namoyon etish istagidan paydo bo‘lgan maskandir.
Bu loyiha buyuk xalqimizning asl qiyofasini ro‘yobga chiqarishga
qaratilgan ezgu niyatlar mahsulidir”, — deya ta’kidladi prezident.
газета.уз
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
18 03 2026 / 12:21