Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

Prezident Samarqand viloyatida qariyb 7 mlrd dollarli 106 ta loyihaga start berdi



Ulashing :



Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifida qiymati qariyb 7 mlrd dollar bo‘lgan 106 ta loyihani ishga tushirish va qurilishini boshlashga start berdi. Loyihalar doirasida 18 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi, 13 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 700 mln dollarli eksport salohiyati shakllanishi kutilmoqda.

Samarqand viloyatiga tashrifi doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishini boshlash marosimida ishtirok etdi, deb xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.

Marosimda shahar va tumanlarda umumiy qiymati qariyb 7 milliard dollar bo‘lgan 106 ta yangi loyihani ishga tushirish va qurilishini boshlashga tayyorgarlik ko‘rilgani haqida hisobot berildi. Videoaloqa orqali yangi qurilayotgan va foydalanishga topshirilayotgan loyihalar rahbarlari bog‘landi.

Davlat rahbari ramziy tugmani bosish orqali Samarqand viloyatida yirik loyihalarni ishga tushirish va yangilarining qurilishiga start berdi. Ular orasida tog‘-kon va geologiya sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, kimyo, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xizmat ko‘rsatish va turizm sohalaridagi loyihalar mavjud.

Avstriya, Xitoy, BAA, Turkiya, Hindiston va Rossiya bilan hamkorlikda qiymati 2,4 milliard dollarli 53 ta loyiha ishga tushirildi.

Bundan tashqari, Niderlandiya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, BAA, Turkiya, Rossiya va Eron bilan hamkorlikda qiymati 4,6 milliard dollarlik 53 ta loyiha doirasida qurilish ishlari boshlandi.

Ushbu loyihalarni amalga oshirish 18 mingta yangi ish o‘rni yaratish, 13 trillion so‘mli sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni ta’minlash va 700 million dollarli eksport salohiyatini yuzaga keltirish imkonini beradi.

Bu sa’y-harakatlar hududiy sanoatni diversifikatsiya qilish, zamonaviy ishlab chiqarish zanjirlarini barpo etish va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

19 03 2026 / 10:31