Prezident Shavkat
Mirziyoyev 23 mart kuni ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida
2026-2030 yillarga mo‘ljallangan ustuvor umummilliy loyihalar yuzasidan taqdimot bilan
tanishdi.
“Toza havo” loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida issiqxonalar
masalasi ham muhokama qilindi.
Toshkent shahri va Toshkent
viloyatida issiqxona xo‘jaliklari juda ko‘p, ular orasida isitish manbalari
sifatida ko‘mir, mazut va nostandart yoqilg‘idan foydalanuvchi issiqxonalar
ulushi ham yuqori, ular chiqarayotgan NO2, SO2 va PM2,5 kabi xavfli moddalar
havo sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani qayd etildi. Qolaversa, Toshkent
hududida yillik quyosh nurlanishi qolgan hududlarga qaraganda nisbatan past
bo‘lgani sababli bu yerda issiqxonada mahsulot yetishtirish xarajati ancha
baland. Masalan, yanvar oyida Toshkentda o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 6
daraja issiq bo‘lsa, Termizda 10,8 daraja issiq. 1 tonna issiqxona mahsulotini
yetishtirish xarajati Toshkent viloyatida 11,9 million so‘mni, Surxondaryoda
esa 4,9 million so‘mni tashkil etadi.
Mahsulotlarni
insolyatsiya darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda yetishtirish issiqxona
xo‘jaliklarining moliyaviy holati uchun ham, ichki bozordagi narx barqarorligi
nuqtai nazaridan ham manfaatli hisoblanadi. Shu bois, Toshkent shahri va unga
tutash hududlardagi issiqxonalarni energiya tejamkor va tabiiy-iqlim sharoiti
qulay bo‘lgan hududlarga bosqichma-bosqich ko‘chirish taklifi bildirildi.
Xususan, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda
agropark tashkil etish rejalashtirilgan. Bu hududda quyosh nurlanishi yuqori,
qish nisbatan yumshoq, isitish xarajatlari ancha past bo‘lib, bu mahsulot
tannarxini keskin tushirish imkonini beradi.
2026 yil 1 oktyabrdan boshlab Toshkent shahri va unga tutash hududlarda
yangi issiqxona tashkil etishni cheklash, shu bilan birga, ko‘chirilayotgan
xo‘jaliklarga infratuzilma, kredit va logistika bo‘yicha imtiyozlar berish
nazarda tutilmoqda.
kun.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
24 03 2026 / 10:07