“Dunyo” AA xabar berishicha, maqolada prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan
ramziy tugmani bosish orqali ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat
iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan, 196 gektar
maydonda barpo etilgan zavod yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash
quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bilan u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi
eng yirik korxonalar qatoridan joy olgani qayd etilgan.
Nashrda misning energetika, elektrotexnika,
raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyotdagi ahamiyati alohida
urg‘u bilan yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda xomashyoni eksport qilishdan
ko‘ra, uni chuqur qayta ishlashga o‘tish maqsad qilingani ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda misni qayta ishlash
quvvatini 240 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaning
texnologik ustunligi sifatida ishlab chiqarish jarayonlarining raqamli nazorat
ostida ekani va sun’iy intellekt yordamida boshqarilishi qayd etilgan. Bu esa
energiya sarfini 10 foizga, ishlab chiqarish xarajatlarini esa 15 foizga
kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek,
“Yoshlik-1” va “Qalmoqir” konlarida qariyb 45 million tonna mis va 5000
tonnadan ortiq oltin zaxiralari mavjud ekani, bu resurslar kamida 100 yilga
yetishi ta’kidlangan. Molibden,
selen, tellur va reniy kabi nodir metallar esa kelgusidagi innovatsion
loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Deutsche Allgemeine Zeitung ta’kidlashicha, mazkur
loyiha O‘zbekiston uchun nafaqat sanoat yutug‘i, balki texnologik
modernizatsiya va barqaror iqtisodiy o‘sish sari yo‘naltirilgan muhim qadam
hisoblanadi.
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 03 2026 / 11:14