Jahon banki O‘zbekistonga transport infratuzilmasini
modernizatsiya qilish va sohada kompleks islohotlarni amalga oshirish
uchun 200 million dollar ajratishni ma’qulladi. Bu haqda bankning
O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmati xabar qildi.
Yangi loyiha
doirasida Surxondaryo viloyatida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi huzuridagi
“Avtoyo‘linvest” agentligi M41 mintaqaviy avtomobil yo‘lining 91 km
qismini rekonstruksiya qiladi. Ushbu yo‘l O‘zbekistonni Tojikiston,
Qirg‘iziston Respublikasi va Afg‘oniston bilan bog‘laydi. Mavjud ikki
qatorli yo‘l to‘rt qatorli avtomagistralga kengaytiriladi.
Qayd etilishicha,
rekonstruksiya yakunlangach, ushbu yo‘l qismidan har kuni qariyb 35 000
haydovchi va yo‘lovchi foydalanadi. Shuningdek, bank ta’kidlashicha,
avtomagistralga yondosh hududlarda yashovchi taxminan 550 ming aholining
transport xizmatlari va iqtisodiy imkoniyatlardan kengroq foydalanishini
ta’minlaydi, jumladan biznesni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari
yaratish orqali.
Loyiha yo‘l
qoplamasi sifatini yaxshilash, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish
va avtobus bekatlarining qulayligini yaxshilash bo‘yicha qurilish
ishlarini moliyalashtiradi. Shuningdek, suv toshqinlari xavfini kamaytirish
uchun 180 ga yaqin ko‘prik va drenaj inshootlarini qurish
va rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Aytilishicha, ushbu chora-tadbirlar
avtomobil yo‘lining rekonstruksiya qilinayotgan qismida yo‘l-transport
hodisalari va o‘lim holatlari sonini kamaytirishga, yo‘lga ketadigan vaqtni
qisqartirishga (aholi punktlaridan tashqarida o‘rtacha tezlik 65 km/soatdan
taxminan 90 km/soatgacha oshadi) hamda yo‘lovchi va yuk tashishning
ishonchliligini oshirishga yordam beradi.
Loyiha,
shuningdek, Transport vazirligiga multimodal tashuvlarni rivojlantirish milliy
strategiyasini ishlab chiqishda ko‘maklashadi. Ushbu strategiya transport
xizmatlari va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha davlat
organlarining salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.
Shu bilan
birga, loyiha doirasida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ o‘z
biznes-jarayonlarini, jumladan korporativ boshqaruvni mustahkamlash, moliyaviy
shaffoflikni oshirish, yo‘lovchi tashishni rejalashtirishni yaxshilash
va ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) amaliyotlarini
joriy etish orqali takomillashtiradi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
24 03 2026 / 12:03