O‘zbekistonda 2028-yilga qadar har bir hududda kamida
100 gektar maydonda botanika va dendrologiya parklari barpo etish
rejalashtirilmoqda. Bu haqda
23-mart kuni prezidentga ekologik loyihalar taqdimoti chog‘ida ma’lum bo‘ldi.
Asosiy maqsad —
2030-yilga borib mamlakatda ko‘kalamzorlashtirish darajasini 14,2 foizdan 30
foizgacha oshirish, aholining yashil hududlar bilan ta’minlanganligini esa
kishi boshiga 9−10 kvadrat metrga yetkazishdan iborat.
Bu havodagi PM2,5 va PM10
ifloslantiruvchi zarrachalar konsentratsiyasini 20−25 foizga kamaytirish,
shuningdek shaharlarning markaziy qismlarida havo haroratini 1,5−2 foizga
pasaytirish imkonini berishi kutilmoqda.
2025-yilda botanika
bog‘lariga muhofaza etiladigan hudud maqomi berilgan. Yangi loyiha doirasida
shunday maqomni tashkil etiladigan dendrologiya parklariga ham berish
rejalashtirilmoqda.
O‘rmon va yashil
hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi direktori Erkin
Muhiddinovning ma’lum qilishicha, yangi obyektlar yaxlit kompleks shaklida
tashkil etiladi.
Har birida kamida 50 mingta
manzarali, yaproqbargli va ignabargli daraxtlar hamda butalar ekish
rejalashtirilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, parklarda aholining dam olishi uchun
sharoitlar yaratiladi.
“Shuningdek, aholi
dam olishi uchun, yayov yurish uchun, oila bilan yurish uchun, velosipedda
yurish uchun yo‘laklar yaratiladi. Ochiq osmondagi kutubxonalar, piknik
zonalari tashkil etiladi. Lekin bog‘lar hududida qurilish va attraksion
qo‘yish qat’iyan man etiladi”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanaliga
bergan intervyusida.
Muhiddinovning ta’kidlashicha,
yangi obyektlar alohida maqomga ega bo‘ladi.
“Farmonning muhim tomoni
shundan iboratki, botanika va dendroparklar umummilliy ahamiyatga molik
hisoblanadi. Ya’ni ularni begonalashtirish, xususiylashtirish, ularning
hududini kamaytirish qat’iyan man etiladi”, — dedi u.
Hozirda hududlarda
bunday loyihalar uchun yer uchastkalari ajratilgan. Jumladan, Toshkent
viloyatining Toshkent tumanida 77 gektar maydonda birinchi dendroparkni tashkil
etish boshlangan, u yerda allaqachon taxminan 10 mingta daraxt ekilgan.
O‘rmon xo‘jaliklari boshqa
hududlarda parklar tashkil etish uchun urug‘lar va nihollar tayyorlashni
ham olib bormoqda.
Bundan tashqari, ushbu
obyektlar bazasida Green University (“Yashil universitet”) va o‘rmon xo‘jaligi
ilmiy-tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda kontinental iqlimga
moslashgan — qurg‘oqchilikka, tuproq sho‘rlanishiga, yozgi issiqlikka
va bahorgi sovuqlarga chidamli daraxt va butalarni yetishtirish
rejalashtirilmoqda. Bu hududlarda keyinchalik butun mamlakat bo‘ylab ekish
materiallarini tarqatish uchun onalik plantatsiyalari yaratiladi.
Toshkentda bugungi kunda 893
gektar jamoat bog‘lari mavjud. Biroq belgilangan me’yor 17−19 kv. m bo‘lsa ham,
amalda har bir aholiga bor-yo‘g‘i 2 kv. matrofida yashil hudud to‘g‘ri
kelmoqda, degan edi Urbanizatsiya qo‘mitasi
rahbari Sherzod Kudbiyev. Muammoni hal qilish uchun 140 gektar maydonda
to‘qqizta bog‘ yaratish rejalashtirilmoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Ijtimoiy–siyosiy
26 03 2026 / 13:29