Qishloq xo‘jaligi salohiyati
tahliliga ko‘ra, oldingi safda qahva, soya, makkajo‘xori, shakarqamish va mol
go‘shti kabi asosiy eksport mahsulotlarini ishlab chiqarayotgan Braziliya turibdi. Uning ortidan Argentina bormoqda: u soya, makkajo‘xori,
bug‘doy va mol go‘shti bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarni namoyish etib, Janubiy
Amerika mintaqasining “dunyo don ombori” sifatidagi rolini mustahkamlamoqda.
Yangi dinamika Market Data Forecast tahlilchilari
prognozlariga mos keladi. Ularga ko‘ra, Lotin Amerikasi agrar bozori
oziq-ovqat, bioyonilg‘i va qishloq xo‘jaligi eksportiga bo‘lgan jahon
talabining o‘sishi fonida barqaror o‘sishni davom ettiradi.
Braziliya dunyodagi eng yirik qahva ishlab chiqaruvchi
va soya hamda mol go‘shtining yetakchi eksportchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Ishlab chiqarish miqyosi va qishloq xo‘jaligining diversifikatsiyasi uni global
oziq-ovqat zanjirlarining hal qiluvchi bo‘g‘iniga aylantirgan.
Argentina esa, o‘z navbatida, jahon don bozorida o‘ta
muhim o‘rin tutadi. Soya shroti va makkajo‘xorining yetakchi eksportchilaridan
biri sifatida u Osiyo va Yevropa mamlakatlariga yetkazib berishni
ta’minlamoqda.
Mutaxassislar qayd etishicha, tashqi bozorlardagi
barqaror talab va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish yaqin yillarda ham
ushbu tarmoqlar o‘sishini qo‘llab-quvvatlaydi.
Eng yirik iqtisodiyotlardan tashqari, mintaqaning
qishloq xo‘jaligi yaqqol ifodalangan ixtisoslashuvi bilan ham ajralib turadi.
Meksika yuqori daromad keltiradigan ekinlar — avokado,
pomidor va mevalar eksportida kuchli pozitsiyalarni shakllantirgan. Bunga
AQShga yaqinlik va qulay savdo kelishuvlari yordam bermoqda. Bugungi kunda
Meksika dunyodagi yetakchi avokado eksportchilaridan biri hisoblanadi.
Kolumbiya va Ekvador tropik mahsulotlarga
ixtisoslashgan. Kolumbiya o‘zining qahvasi va gullari bilan mashhur bo‘lsa,
Ekvador banan eksportida yetakchi o‘rinlarni egallab turibdi va qisqichbaqa
yetishtirishni ham faol rivojlantirmoqda.
Peru va Chili premium toifadagi qishloq xo‘jaligi
mahsulotlari yetkazib beruvchi sifatida o‘z o‘rnini mustahkamladi. Peru
avokado, uzum va sparja eksportni faol oshirmoqda, Chili esa mevalar va
raqobatbardosh losos yetishtirish tarmog‘iga tayanmoqda.
Market
Data Forecast ma’lumotlariga ko‘ra, bunday diversifikatsiya mintaqaga oz sonli
tovarlarga qaramlikni kamaytirish va yuqori foyda keltiradigan eksport
bozorlariga chiqishga yordam bermoqda.
Lotin
Amerikasi qishloq xo‘jaligining kengayishi jahon oziq-ovqat xavfsizligi
bo‘yicha xavotirlar ortib borayotgan bir paytda yuz bermoqda. Mintaqa soya,
makkajo‘xori, qahva va mol go‘shtining jahon eksportida salmoqli ulushni
egallab, xalqaro ta’minotda muhim rol o‘ynamoqda.
Hatto
Paragvay va Urugvay kabi nisbatan kichik davlatlar ham soya ishlab chiqarish,
mol go‘shti va sut mahsulotlari eksporti orqali sezilarli hissa qo‘shmoqda.
Kosta-Rika esa qahva, banan va ananasning muhim yetkazib beruvchisi bo‘lib
qolmoqda.
Tahlilchilar
ta’kidlashicha, qulay iqlim, keng yer resurslari va agrotexnologiyalarga
kiritilayotgan investitsiyalarning oshib borishi mintaqaning raqobat
ustunliklarini kuchaytirmoqda hamda uning jahon maydonidagi pozitsiyalarini
mustahkamlamoqda.
O.Matnazarov
kun.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 03 2026 / 11:52