Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyining o‘zida
qo‘mitaga fuqarolardan, jumladan, daromadlarni yashirish maqsadida terminalga
savdo qilishdan bosh tortish va to‘lovlarni P2P o‘tkazmalari orqali qabul
qilish holatlari yuzasidan 22 mingga yaqin murojaatlar kelib tushgan. Huquqbuzarlikni
sodir etish holatlarining ortib borayotgani qo‘llaniladigan jazo turlarini
ta’sirchanlik nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqishni taqozo qilmoqda. Bu haqda
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyev 27-mart kuni Markaziy bank
tomonidan tashkil etilgan media-muloqotda ma’lum
qildi.
Media
muloqotda davlat tomonidan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini qisqartirish,
naqd pulsiz aylanmani tashkil qilish yo‘lidagi ko‘p yillik sa’y-harakatlarga
qaramay, har xil vajlar bilan to‘lovlarni terminal orqali qabul qilishdan bosh
tortish, qonunchilikni “aylanib o‘tish” holatlari hali ham saqlanib qolayotgani
masalasi ko‘tarildi.
Xususan,
poytaxtning “Otchopar”, “Abu-Sahiy”, “O‘rikzor” singari yirik bozorlarida
sotuvchilar terminali yo‘qligi yoki ishlamayotgani to‘g‘risidagi yolg‘on
bahonalar bilan to‘lovlarni P2P o‘tkazmalar orqali qabul qilmoqda. “Mahalla”
radiokanali muxbiri To‘lqin Yorqulov rasmiylardan ana shunday holatlarning
oldini olish va qonunbuzarlarga nisbatan javobgarlik masalalari qay darajada
inobatga olingani bo‘yicha izoh so‘radi.
Soliq
qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jahongir Abdiyevning ma’lum qilishicha,
iste’molchilardan kelib tushadigan murojaatlarning aksariyati bevosita to‘lovlarni
terminal orqali qabul qilishdan bosh tortish holatlariga taalluqli. Fevral
oyining o‘zida 21 964 ta murojaat kelib tushgan. Ular orasida, jumladan,
xarid cheki bermaslik, plastik karta orqali to‘lovni qabul qilmaslik, plastik
karta uchun xarid summasini oshirish holatlari bo‘yicha murojaatlar eng ko‘p
uchraydi. Uning ta’kidlashicha, qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar
natijasida ushbu murojaatlarning 99,2 foizida huquqbuzarlik holati o‘z
tasdig‘ini topgan. 6700 ta holatda huquqbuzarlik takroran sodir etilgani
aniqlangan.
“Eng
ayanchli tomoni shundaki, tekshirishda aniqlangan, jarima qo‘llanilgan, jarima
qo‘llanilgan subyektda yana takroran shunaqa holat aniqlangan… Besh martalab, olti martalab takrorlangan holatlar
bor… Bu tadbirkorlik subyektlarida javobgarlik hissini paydo qilish vaqti
keldi degan signal”, — dedi u.
Murojaatlarning 15−20 foizi, Abdiyevning qayd
etishicha, aynan to‘lovni P2P orqali qabul qilish holatlari bilan bog‘liq.
Murojaat o‘rganilib, qonunbuzarlik aniqlanganida, bunday tadbirkorlarga
nisbatan jarima qo‘llaniladi. Jarima miqdori 5 mln so‘m, bir oy muddat
ichida to‘langan taqdirda 2,5 mln so‘mni tashkil etadi.
“Siz to‘g‘ri ta’kidlab o‘tdingiz. Jazo muqarrarligini
bilishi kerak. Jarima qo‘llanilgandan keyin ham fuqaroda javobgarlik hissi
paydo bo‘lmasa, demak, jarima miqdorini [oshirish], jazoni kuchaytirish nuqtai
nazaridan yoki boshqa bir yo‘nalishda ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi. Hozir shu
yo‘nalishda takliflarni tayyorlayapmiz. Ta’sirchanlik nuqtai nazardan qayta
ko‘rib chiqishimiz kerak”, — deya tasdiqladi Jahongir Abdiyev.
Shu o‘rinda iqtisodiyot va moliya vaziri
o‘rinbosari Ahadbek Haydarov qo‘shimcha qilib, bu borada P2P
operatsiyalariga cheklov qo‘yish yaxshi yechim emasligini, bu aholi orasida
naqd pul muomalasining ortishiga olib kelishini ta’kidladi.
“Bu tabiiy jarayon, ya’ni kartadan kartaga
o‘tkazishga cheklov qo‘yishni noto‘g‘ri deb hisoblaymiz. Chunki, bilasizlar,
agar cheklov qo‘yiladigan bo‘lsa, aholi faqat naqd pulda [savdo qila
boshlaydi], yana eski holatga qaytamiz. Asosiy tranzaksiyalarni naqd pulda
amalga oshirishga o‘tib ketadi. Bizga esa naqd pulga qaytishdan ko‘ra, o‘sha
pul bankda turgani jamiyat uchun ham, iqtisodiyot uchun ham afzal”, — dedi
u.
Uning qayd etishicha, hozirda vazirlik pullarning
“bankdan qochib ketmasligi”ni ta’minlagan holda jarayonni tartibga solish
ustida ishlayapti.
“Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish
va pullarning bankdan qochib ketmasligi — ikkita masala turibdi.
Shunday bir balanslashgan tizimni o‘ylab topishimiz kerakki, birinchidan,
yashirin iqtisodiyotga ta’sirini kamaytirishimiz kerak, ikkinchi tarafdan, naqd
pulga o‘tib ketishning oldini olishimiz kerak”, — deya ta’kidladi Ahadbek
Haydarov.
Vazir o‘rinbosari bu boradagi ishlar o‘z yakuniga
yetganida ommaviy axborot vositalari orqali xabar berilishini qo‘shimcha qildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
30 03 2026 / 14:05