Loading...
Ўзбекча Русский Ўзб Рус

O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi



Ulashing :


O‘zbekiston-Afg‘oniston ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi. Qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika kabi tarmoqlar qamrab olinadi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni kelishib oldi.

26-mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston-Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar bermoqda.

Kengash tarkibiga jami 32 nafar vakil kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va sohaviy uyushmalar vakillari, Afg‘oniston tomonidan esa Savdo va investitsiya palatasi hamda yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Qayd etilishicha, kengash faoliyati doirasida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlar qamrab olinadi. Bu ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro savdoni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratadi, deyiladi xabarda.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar qisqa muddatda o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazishni belgilab, bu maqsadga erishish uchun aniq chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi. Xususan, eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.

Shuningdek, ko‘rgazmalar, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov mazkur tashabbusning ahamiyatiga to‘xtalib, u tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yish, yangi sherikliklarni shakllantirish va investitsiya faolligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi.

Ta’kidlanishicha, mazkur kelishuv va belgilab olingan ustuvor yo‘nalishlarni izchil amalga oshirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va o‘zaro savdo hajmini sezilarli darajada oshirish kutilmoqda.

Avvalroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qarori asosida Afg‘oniston hukumati bilan imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangan edi. O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Hodjayev fevral oyida O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan o‘zaro savdoni 2026-yil oxirigacha 2025-yildagi 1,7 milliard dollardan 5 milliard dollarga yetkazmoqchiligini aytgan edi.

gazeta.uz


Sarlavxa :
Iqtisodiyot

30 03 2026 / 14:21