Investitsiyalar, sanoat
va savdo vaziri Laziz Qudratov tashqi qarz aholi ertaga emas, hozir yaxshi
yashashini ta’minlash, zarur infratuzilmani yaratish imkonini berishini aytdi.
U mablag‘lar juda qulay shartlarda: 40−45 yilgacha muddatga, past
stavkalarda jalb qilinayotgani, “bu aslida tekin pul” ekanini qayd etdi.
O‘zbekiston
investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Alibaev.Politika
Youtube kanali “Ekspert” loyihasiga bergan intervyusida tarmoqlarda keng
muhokamalarga sabab bo‘layotgan O‘zbekiston davlat tashqi qarzining o‘sishi
masalasiga to‘xtaldi.
Loyiha mezboni Sergey Alibayevning “Tashqi qarzning ko‘payishi mamlakat
iqtisodiy o‘sishini ta’minlashning tabiiy mexanizmi sifatida qaralishi
mumkinmi?” degan savoliga javob berar ekan, vazir tashqi qarz mablag‘lari “aslida
tekin pul” ekanini ta’kidladi va ularning mamlakat rivoji uchun
zarur infratuzilmani barpo etishdagi roliga e’tibor qaratdi.
2025-yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston davlat tashqi qarzining YAIMga
nisbati 27,1 foizni tashkil etdi. Xalqaro
me’yorlar va standartlarga ko‘ra bu ko‘rsatkich, uning qayd
etishicha, “juda past va mo‘’tadil” hisoblanadi.
Faqat budjet imkoniyatlariga tayanib zarur infratuzilmani yaratish ko‘p
vaqt talab qiladi. Tashqi qarz mablag‘lari esa, Laziz Qudratovning
ta’kidlashicha, aholi turmush darajasining tezroq o‘sishini ta’minlash imkonini
beradi.
“Faqat
davlat budjeti imkoniyatlariga tayangan holda infratuzilmani takomillashtirib,
yo‘llar, maktablar va shifoxonalarni barpo etib, tabiiy rivojlanish yo‘lidan
borishimiz mumkin. Bunga o‘nlab yillar sarflangan bo‘lar edi. Biroq biz,
birinchidan, aholi ertaga emas, hozir yaxshi yashashini ta’minlashimiz,
ikkinchidan, sanoat rivojlanishi va investorlarni jalb qilish uchun
infratuzilma va poydevor yaratishimiz lozim. Avtomobil va temir
yo‘llari, elektr energiyasi, suv, maktab va shifoxona bo‘lmagan joyga
investorlar kelmaydi”, — dedi u.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozirda hukumat investorlarni juda qulay
shartlarda, past foiz stavkalari asosida jalb qilyapti. Investitsion loyihalar
orasida uzoq yillik, jumladan, 20−25 yildan 40−45 yilgacha bo‘lgan muddatga
mo‘ljallangan loyihalar bor.
“Bu aslida tekin pul degani, — dedi Laziz Qudratov.
— Bu orqali biz tezkor ravishda ham ijtimoiy, ham iqtisodiy
rivojlanish uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani qurishga erishamiz. Busiz
hozirgi O‘zbekiston iqtisodiyoti erishgan natijalarga erishish qiyin bo‘lar
edi. O‘tgan yili YAIM o‘sishi 7,7 foizni tashkil etdi va xolisona aytganda
turmush darajasi 2017-yilgacha bo‘lgan holatdan ancha yuqori. Buni hech kim
inkor etolmaydi”.
Uning
ta’kidlashicha, bu borada xalqaro moliya institutlari ishtirokida va
hukumat kafolati ostida moliyalashtirilayotgan barcha loyihalar shaffof tarzda
amalga oshirilishi, investitsiyalar qay darajada samarali
va sifatli o‘zlashtirilayotgani yuzasidan hukumatning hisobdorligi yo‘lga
qo‘yilishi muhim ahamiyatga ega.
Prezident topshirig‘i asosida tashqi mablag‘larni jalb qilish jarayonlariga
kuch ishlatar tizimlar, nazorat organlari, hisob palatasi, bosh prokuratura,
shuningdek, parlament ham to‘liq jalb qilingan hamda barcha loyihalar to‘liq
tekshiruvdan o‘tkaziladi. Xususan, davlat kafolatlari ostida
moliyalashtirilayotgan har bir loyiha deputatlar tomonidan ma’qullanishi talab
etiladi. Ular loyiha g‘oyasini ko‘rib chiqadi va amalga oshirilish
jarayonini kuzatib boradi. Bu, vazirning ta’kidlashicha, “davlat kafolati
ostida amalga oshirilayotgan barcha loyihalar ustidan jamoatchilik, xalq
nazorati o‘rnatilishi ta’minlaydi”.
“Davlat qarzi juda katta miqdorga yetdi, deb xavotirlanishga asos yo‘q.
Buni barcha xalqaro moliya institutlari tasdiqlaydi: YAIMning 27 foizi xalqaro
standartlar bo‘yicha juda past ko‘rsatkich”, — deya qayd etdi Laziz
Qudratov.
Vazir, shuningdek, davlat qarzini jalb qilish chegaralari belgilanganini
eslatib o‘tdi. Jalb qilishga ruxsat etilgan tashqi mablag‘larning umumiy
miqdori yiliga 2,5 mlrd dollardan ortmasligi lozim. Ushbu mablag‘lar mamlakatda
asosiy va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Tashqi
qarzlarni jalb qilish bo‘yicha joriy etilayotgan yangi mexanizmlar “jiddiy
nazorat va tekshiruvlarni, parlament nazoratini nazarda tutadi”.
“Kelgusida
har bir loyiha, uning har bir komponentini odamlar, xalqimiz ham to‘liq ko‘ra
olishi mumkin bo‘lishi uchun sharoit yaratamiz. Menimcha, bu yondashuv
hozirda ijtimoiy tarmoqlar va media makonda muhokama bo‘layotgan barcha
masalalarni bartaraf etadi”, — dedi Laziz Qudratov.
2025-yilning dastlabki uch choragi yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonning
umumiy tashqi qarzi 75,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Umumiy
tashqi qarz hajmi to‘qqiz oyda rekord darajada — 11,3 mlrd dollarga
ko‘paygan. Bu statistika yuritila boshlangan 2013-yildan buyon eng yuqori
o‘sish ko‘rsatkichi hisoblanadi — 2024-yil davomida umumiy tashqi qarz
10,8 mlrd dollarga oshgandi. So‘nggi
marta mamlakatning tashqi qarzning yuqori sur’atlarda o‘sishi pandemiya
davridagi 2020-yilda (9,2 mlrd dollar) va 2023-yilda (9,8 mlrd dollar)
kuzatilgan.
Ma’lumot o‘rnida, mamlakatning tashqi qarz davlat qarzi va xususiy
(korporativ) qarzlardan iborat hisoblanadi. “Xususiy” sektorda qayd etilganlar
orasida asosan davlat ulushdor bo‘lgan kompaniyalar va banklar bor (davlat
bank sektorining 68 foizga yaqin ulushiga egalik qiladi, shuningdek,
2019−2021-yillarda jami milliardlab dollarlik qarz qog‘ozlarini muomalaga
chiqargan UzAuto Motors va “O‘zbekneftgaz”, O‘zbekiston Milliy banki,
“O‘zsanoatqurilishbank” kabi tashkilotlar egasi yoki ulushdorlaridan biri hisoblanadi). So‘nggi
yillarda davlat tashqi qarzining o‘sish sur’ati biroz pasaydi, biroq korporativ
(xususiy) qarzlarning keskin o‘sishi kuzatilmoqda.
Yanvarda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi 2025-yilning
uch choragida mamlakat tashqi qarzi rekord darajada o‘sgani to‘g‘risidagi
xabar fonida mavzuga doir izohli material e’lon qilgandi. Unga ko‘ra, qarz jalb etishdan
maqsad — aholining turmush darajasini oshirish, tashqi moliyalashtirish
iqtisodiyot tezroq o‘sishi uchun resurslarga bo‘lgan ehtiyoj bilan bog‘liq.
Vazirlik o‘z izohida O‘zbekiston davlat qarzining hozirgi darajasi xalqaro
tasnifga ko‘ra “mo‘’tadil va boshqariladigan” ekanini qayd etgan.
Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov o‘tgan yilning iyun
oyida iqtisodiyotning o‘sishi investitsiyalarni talab qilishi
va xarajatlarning bir qismi tashqi qarz hisobidan qoplanishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarz
o‘rtacha darajada qolmoqda va infratuzilma, ijtimoiy va boshqa
sohalarni rivojlantirishga yo‘naltirilmoqda. “Bunda hech
qanday uyatli va muammoli narsa yo‘q”, — degan edi u.
Markaziy bank raisi Timur Ishmetov O‘zbekistonning tashqi qarzlari budjet
taqchilligi bilan bevosita bog‘liqligini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, tashqi qarzning mutlaq miqdori oshganiga qaramay,
uning YAIMdagi ulushi kamayib bormoqda.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
31 03 2026 / 11:04