Shavkat Mirziyoyev jahonda
ro‘y berayotgan voqealar fonida oziq-ovqat mahsulotlarini havo yo‘li orqali
eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy
etish choralarini ko‘rishni topshirdi. Shuningdek, inflyatsiyani 2026-yilda 6−6,5 foiz
doirasida saqlab qolish muhim vazifa ekani aytildi.
30-mart kuni Shavkat
Mirziyoyevga 2026-yilning birinchi choragida iqtisodiy ko‘rsatkichlar
prognozini ta’minlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy
iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot
xizmati xabar qildi.
Yig‘ilishda qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin o‘zgarib,
iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yo‘laklari va import
narxlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi. Bunday sharoitda har bir tarmoq va
hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv
ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Inflyatsiyani 2026-yilda 6−6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng
muhim vazifalardan biri ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan,
jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo
mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatayotgani, polietilen va polipropilen
narxlarida ham o‘sish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat
mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil
yo‘laklardan foydalanish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan
bog‘liq muammolarini hozirdan hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Eksportchilar tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy masalalardan biri
transport-logistika ekani, jahonda ro‘y berayotgan voqealar ta’sirida eksport
yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uyg‘otayotgani
ta’kidlandi.
Shu munosabat
bilan qo‘shni davlatlar bilan transport va savdo masalalari bo‘yicha yaqin
hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport
qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish
choralarini ko‘rish topshirildi.
Xorijiy investitsiyalar masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tahlikali
xalqaro vaziyat ayrim loyihalar ijrosiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi
bildirildi. Shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan har bir loyihani
muntazam tahlil qilib borish va investorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatish
vazifasi belgilandi.
Bank-moliya sohasida biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan
kreditlar dinamikasi ham ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari joriy raqamlar ijobiy bo‘lishiga qaramasdan, hech bir rahbar
xotirjamlikka berilishi mumkin emasligini ta’kidladi. Hozirgi murakkab
vaziyatda xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, ularni yumshatish bo‘yicha
aniq rejalar bilan ishlash, tarmoqlar va hududlarda muammolarni kutib o‘tirmasdan,
ularga tezkor yechim topish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mas’ullarga inflyatsiyani jilovlash, sanoat va eksport
ko‘rsatkichlarini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank
tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq
topshiriqlar berildi.
gazeta.uz
Sarlavxa :
Iqtisodiyot
31 03 2026 / 11:26